Pokiston jangarilari qayerga g‘oyib bo‘lishdi?

Image copyright none
Image caption Tolibon va boshqa qurolli guruhlar Vaziristonni jangarilar uyasiga aylantirishgan

Pokiston piyoda qo‘shinlari va maxsus kuchlari va nihoyat "jangarilar markazi" - Shimoliy Vaziristonning Mironshoh shaharchasiga kirib borishdi. Yillarki, harbiylik bu amaliyotlarga qo‘l urishni istamay kelayotgandi.

Shaharcha qudratli mahalliy guruhlar va ularning xorijiy ittifoqchilari uchun boshqaruv markazi rolini o‘ynab kelgan. Va mazkur hudud Afg‘oniston-Pokiston chegara mintaqasidagi jangarilar bekingan oxirgi yirik hudud hisoblanadi.

Qo‘shinlar dushanba kuni ikki hafta davom etgan havo hujumlari ortidan ilgarilashdi. Rasmiylar bundan oldin mintaqadagi qariyb yarim million aholini ko‘chirishga buyruq berishgandi.

Harbiy amaliyotlar ilk kuni nimalarga guvoh bo‘lindi?

Jurnalistlar jang maydoniga qo‘yilmagani bois yagona manba‘ harbiylik bo‘lib qolmoqda. Harbiylik qaqshatqich otishmalar kechgani va bunda muayyan sondagi "jangarilar" o‘ldirilganini aytadi. Bundan tashqari, yerosti yo‘llar va ba‘zi korxonalardan portlovchi vositalar topilgan.

Image copyright none
Image caption Piyoda qo‘shinlar hujumi ikki haftdan beri kutilayotgandi

Biroq, hududda in qurgani aytilgan asosiy guruhlar - Pokiston Toliboni yo-da, Haqqoniy tarmog‘iga tegishli yuqori va yo o‘rta mavqe‘dagi rahbarlari qayerdaligi borasida lom-lim deyilmaydi. Yohud shaharchada ko‘plab xorijiylar bilan birga Vaziristonning o‘zidan o‘sib chiqqan uch jangari guruh borligi haqida ham gapirilgandi.

Dalillar mazkur guruhlar Mironshoh atrofi va Shimoliy Vaziristondagi boshqa asosiy shaharcha Mir Alidan allaqachon qochib qolishganiga ishora qilmoqda.

Ulardan eng dog‘i chiqargani Pokiston Tolibon harakati ittifoqchisi bo‘lgan o‘zbek jangarilari edi. Ular 7 iyun kuni Karachi havo qo‘nolg‘asiga hujum mas‘uliyatini zimmalariga olib chiqishgandi. Aynan o‘zbek jangarilari bu kungi harbiy amaliyotlardagi asosiy nishonlardan biri deb ishoniladi.

Ammo, hozir ularning aksari hozir Afg‘onistonning Xost viloyatiga o‘tib olganlari taxmin qilinadi. Pokiston qo‘shinlari harbiy amaliyotlar oldi chegara bo‘linmasini ikki haftacha nazoratsiz qoldirishdi.

Haqqoniy tarmog‘i yetakchilari ham xuddi shu yo‘lni tutgan ko‘rinadi. Ular odatda Xost va Pokistonning Xurram qavm hududidan boshpana topishgan. Rasmiylar rad qilishlariga qaramay, Haqqoniy tarmog‘i a‘zolari mintaqadagi xavfsizlik nuqtalaridan bemalol harakat qilib kelishgan.

Vaziristonning o‘zidan chiqqan Tolibon va uning afg‘on ittifoqchilari hamon Vaziriston janubi va g‘arbiy izg‘ib yurishadi. Ular qurollangan va osongina ko‘chib yuradilar.

Ammo, ushbu jangarilarning yo‘lboshchilari - Hafiz Gul Bahodir, Bahaval Xon va Xon Said Sajnalar Pokiston harbiy amaliyotlariga qarshi biron so‘z deyishmadi.

Image copyright none
Image caption Qariyb yarim million odam Shimoliy Vaziristonni tark etdi

Garchi hududga ba‘zi Tolibon qoldiqlarini nishonga olgan havo hujumlari uyushtirilgan esa-da, Pokiston hukumati mazkur mintaqani to‘la nazoratga olishi mumkinligiga ishora bermadi.

Ayni paytda qo‘shni Janubiy Vaziristondagi yana bir jangarilar maskani Vana mintaqasiga qadam bosilgani yo‘q.

Xullas, harbiy amaliyotlardan biri umumiy manzarasi shuki, sahnadan asl "dushmanlar" g‘oyib bo‘lishgan.

Ko‘plari Afg‘oniston tarafga o‘tib ketganlari xabar qilinadi. Ular joriy yil oxirida NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilganidan so‘ng mamlakatda beqarorliklarni keltirib chiqarishlari mumkin.

Ko‘plab tahlilchilar bu mutlaqo kutilmagan hol emasligini aytishadi.

Tanqidchilar uzoq vaqtdan beri Pokistonni Afg‘oniston nazoratiga intilayotganlikda ayblaydilar. Ularning fikricha, Pokiston shu yo‘l bilan asosiy raqibi Hindistonning o‘ziga qarshi "ikkinchi jabha" ochishi oldini olishga urinadi.

Image copyright none
Image caption Mironshohdagi asosiy bozor iyun o‘rtalarida komendantlik soati e‘lon qilingach, yopib qo‘yildi

Shuningdek, Pokiston jangari guruhlardan Afg‘onistonni nazorat qilish va Hindistonni beqarorlashtirishda foydalanayotgani aytib kelinadi.

Ammo, ko‘plab Islomiy jangarilar bugun Pokistonning o‘zini qonuniy nishon deb ko‘rarkan, tahlilchilarga ko‘ra, Pokiston NATO ortda qoldirayotgan Afg‘onistonda Tolibon yana bosh ko‘tarishini istamayotgan bo‘lishi mumkin.

Ularning aytishlaricha, joriy amaliyotlar hozir ko‘proq jangarilarni Afg‘oniston tarafga surib chiqarish va yo ularni butkul yo‘q qilishdan ko‘ra chekka hududlar bo‘ylab sochib yuborishga qaratilgan ko‘rinadi.

Sharhlovchilarning ishonishlaricha, hamon ba‘zi qurolli guruhlar Pokiston uchun Afg‘onistonda Hindiston ta‘siri kuchayishi oldini olishda qurol sifatida zarur bo‘lishi mumkin.

Xullas, Pokistonning ayni paytdagi asosiy maqsadi o‘z chegaralarini Afg‘onistondan oqib kelishlari ehtimoli bo‘lgan dushman guruhlardan mustahkamlashdir.

Biroq, Pokiston yana bir tanlovni ochiq qoldirmoqda - u o‘z tuprog‘ida qolganlar bilan qanday hisoblashmoqchi ekaniga oid rejasini oshkor qilmoqchi emas.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002