Sodiq qori: "Iroqdagi xalifalik - tug‘ilmagan bolaga nom qo‘yishdek narsa"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Iroq Bosh Vaziri Nuri al-Malikiy IShID islomiy jangari guruhining xalifalik barpo qilganini e‘lon qilishi butun mintaqaga tahdid solishini aytgan.

Janob Malikiy isyonchilarga qo‘shilgan sunniy qavmlarni avf etishga tayyor ekanini bildirdi, biroq qo‘li qonga botganlar kechirilmasligini aytdi.

U, shuningdek, Kurd avtonom hududi ustidan to‘la nazoratni olishlarini aytgan kurd rahbarlarini qoraladi. Uning aytishicha, mamlakatda bo‘layotgan hodisalardan hech kim o‘z siyosiy maqsadlarida foydalanmasligi kerak.

Ayni damda, kurdlar rahbari Ma‘sud Barzaniy Iroq shialarining ruhoniy rahbari Oyatullo Sistoniyni janob Malikiyning uchinchi muddatga bosh vazir bo‘lib qolish rejalarini qo‘llab-quvvatlamaslikka chaqirdi.

Iroq va Shom Islomiy Davlati guruhi xalifalik barpo qilishgani haqida bayonot tarqatar ekan, nafaqat G‘arb, balki musulmon olami ham ayni xabarni xavotir bilan qabul qildi.

Avvalo, shialar o‘zlariga qarshi chiqqan va yuzlab shialarni qirgan ayni guruhni tan olishmayapti.

Lekin, turfa mamlakatlardagi qator jangari islomiy guruhlar ularga buysunishlari va yo qo‘shilishlari haqida xavotirlar yangramoqda.

Bu esa Usmoniylar saltanati bilan birga qulagan Islomiy xalifalik g‘oyalarini dunyo bo‘ylab yoyishi mumkin.

O‘shlik ulamo Sodiq qori Kamoliddin ko‘p musulmonlar qoni to‘kilgani uchun bu xalifalikni tan olmasligini bildirdi.

IShID tomonidan xalifalik e‘lon qilinishini u "tug‘ilmagan bolaga nom qo‘yishdek bir narsa" deya tasvirladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002