"O‘zbekiston beqarorlik xavfi katta davlat"mi?

Image copyright Getty

O‘zbekiston dunyoda beqarorlik xavfi eng katta bo‘lgan davlatlardan biri. Foreyn Polisi(Foreign Policy) jurnali chiqargan so‘nggi ko‘rsatkich xuddi shuni ta‘kidlamoqda.

Bu o‘rinda, xususan, aholi o‘sishi, inson huquqlari, iqtisodiy depsinish, xavfsizlik kuchliligi va notekis turmush sharoitlari kabi jihatlar hisobga olingan.

Beqarorlik xavfi eng katta bo‘lgan davlatlar ro‘yxatiga Markaziy Osiyodan uchta davlat kiritilgan. Qirg‘iziston 58-o‘rinda, Tojikiston 55-o‘rinda, O‘zbekiston esa eng yomon - 48-o‘rinda.

O‘zbekiston mintaqadagi eng aholisi katta, yakkahokim tuzum hukmron va suv manba‘alari kam davlat. Lekin, shu qatorda, u sobiq Sovet Ittifoqidagi eng barqaror va tinch davlatlardan biri hamdir.

Shunday ekan, O‘zbekistonni beqarorlik xavfi katta davlatlar ro‘yxatiga tirkash ziddiyatli amal emasmi? Bu savol bilan BBC Olmoniyadagi Viadrina Ovro‘po Universitetidan O‘zbekistonni o‘rgangan huquqshunos olim Stefan Hanishni suhbatga tortdi.

Hanish: Men O‘zbekistonni beqaror degan bayonotga ham, va ayni damda uni barqaror degan fikringizga ham qo‘shilmayman. Masalan, mintaqaning boshqa davlatlariga qiyoslasak, O‘zbekiston qo‘shni Tojikistonga qaraganda barqarorroq yoki beqarorroq deb bo‘lmaydi. Ammo, gap shundaki, O‘zbekistonning beqaror bo‘lishi mintaqaga juda katta ta‘sir ko‘rsatadi. Chunki O‘zbekiston Markaziy Osiyoda eng aholisi katta va yirik davlat.

BBC: Demak, bu o‘rinda bashorat qilinayotgan kelajakka qarab xulosa chiqarilgan. Ammo, shunda ham hozirgi mavjud qanday holatlar O‘zbekistonni beqarorlik girdobiga tashlashi mumkin?

Hanish: Muammo shundaki, diktaturalarda demokratiya bo‘lmaydi va qarorlar qanday qabul qilinishini hech kim bilmaydi. Chunki fuqarolik jamiyati shakllanmagan. Bunday sharoitda esa jamoatchilik fikrni va qarashlarini biron siyosiy qarorlarga yo‘naltirish imkoni bo‘lmaydi. Ayniqsa, hukumat va rahbariyat almashinuvi kun tartibida turgan hozirgi paytda bu muhim. O‘zbekistonda esa Islom Karimov shunday yoshga yetdiki, endi qudratni kimgadir oshirish haqida o‘ylayotgan bo‘lishi kerak. Shu sabablar bois O‘zbekistondagi barqarorlik kutilmagan ravishda beqarorlikka aylanib ketishi mumkin. Bunday xavfni inkor qilmagan bo‘lurdim. Lekin, mamlakat hozir beqaror emas. Ammo, ochiqlik yo‘q. Deylik, biron yerda nimadir portlasa, u haqida ochiq xabar berilmaydi va keyin mamlakat mish-mishlar bilan yashaydi. Mana so‘nggi bora Toshkent markazida tanklar yurgani haqida internetga xabarlar chiqdi. Bu oddiy narsadir, balki bir mashg‘ulotdir. Lekin, ochiqlik va axborot bo‘lmagani uchun odamlar orasida vahima, mish-mish va turli gaplar tarqaydi.

BBC: Ajablanarli jihati shundaki, bir necha yillar ilgari qator xalqaro tashkilotlar Turkmaniston haqida ham turli bashoratlar qilishgan va Saparmurat Niyozovdan keyin bu mamlakat beqarorlikka yuz tutadi deyishgandi. Ammo, aksincha, marhum Turkmaniboshidan keyin ham bu mamlakat barqarorligini saqlab qolmoqda-ku?

Hanish: Turkmaniston butunlay boshqa masala. Bu mamlakatdan, masalan, Rossiyaga ketayotgan mehnat muhojirlari oqimi katta emas. Aksincha, bu mamlakatda Turkmanboshi qudratdan ketgach, Turkmaniston demokratiya tarafga yuz tutadi degan umidlar bor edi. Hech bo‘lmasa, u yerdagi siyosiy tuzum biroz ochiladi deya ko‘z tikilgandi. Ammo, O‘zbekistondagi vaziyat Turkmanistondan juda farq qiladi. Mehnat muhojirlari nuqtai nazaridan olsak, O‘zbekistonni yo Tojikiston va yo Qirg‘izistonga o‘xshatish mumkin. Ammo, demokratiya jihatidan O‘zbekistonni nafaqat Qirg‘izistonga, hatto Tojikistonga ham qiyoslab bo‘lmaydi. Bu ikki davlatda inson erkinliklarini biroz bo‘lsa-da mavjud. O‘zbekistonda esa inson huquqlari va erkinliklari keskin cheklangan.

BBC: Lekin, mana yaqinda o‘tkazilgan boshqa bir xalqaro so‘rovga ko‘ra, O‘zbekiston xalqi o‘ziga berilgan erkinliklardan rozi bo‘lgan eng sanoqli davlatlar aholisi qatorida ekan. Buni qanday izohlaysiz?

Hanish: Bilmadim bu qanaqa tadqiqot va u qanday qilib o‘tkazilgan ekan. Agar xalqi erkin bo‘lmagan istalgan davlatda odamlarga bunaqa savol bersangiz, albatta "roziman" degan javobni olasiz-da. Kim sizga haqiqatni aytsin. Axir ular boshqacha javob berishsa o‘zlariga nima bo‘lishini tasavvur qilib, keyin shunga qarab baxtlimiz, rozimiz, deyishadi-da.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer