Birinchi Jahon Urushi: aslida birinchi bo‘lganmi?

AQSh "Luzitaniya" kemasining cho‘kishi Image copyright GETTY
Image caption AQSh "Luzitaniya" kemasi 1915 yili Olmon suv osti kemasining hujumiga uchragan

Biz hozirda u davrdagi harbiy janglarni "Birinchi Jahon Urushi" deb ta‘riflaymiz, lekin bunday atash qanchalik to‘g‘ri? Haqiqatdan ham, bu global miqyosdagi urush bo‘lganmi? Va aslida bu urushni "birinchi" deb ta‘riflashga qanchalik haqlimiz?

O‘sha davrda yashagan zamondoshlar urush harakatlarini butun jahon urushidek qabul qilib, shundoq ta‘riflashgan ham. "Jahon Urushi" iborasi (Weltkrieg) birinchi marta Olmoniyada 1914 yilda paydo bo‘lgan. Frantsiya va Britaniya urushni "Ulug‘ urush" deb atagan, biroq keyinchalik mojaro rivojlangani sari "Jahon Urushi" degan iborani qabul qilganlar.

Olmonlar Britan va Frantsiya imperiyalari ularga qarshi kurashayotganlariga guvoh bo‘lib, boshidan butun dunyo Olmoniyaga qarshi ko‘tarildi deb tushunishgan. Ular urushning yirik miqyosda boshlanib ketganini butun dunyo qo‘llayotganidek xis qilishgan. "Jahon Urushi" termini qo‘rquvlar miqyosini ham kuchaytirgan.

1945 yildan so‘ng, tarixchilar "Birinchi Jahon Urushi" iborasini o‘zlarining nazariyalariga mos tushgan deb o‘ylashgan. Ular 1914-1918 yillar qonli hodisalarni xalqaro darajada ro‘y bergan industrial mojarodek ko‘rganlar.

Biroq, "Birinchi Jahon Urushi" deyish to‘liq ma‘noni anglatmaydi kabi qarashlar ham bor. O‘n sakkizinchi asrda Ovro‘po davlatlari o‘rtasida hukmronlik uchun boshlanib ketgan Yetti Yillik Urush, Napoleon Urushlari jahon bo‘ylab bir necha qit‘alarda davom etib, dunyo savdosiga salbiy ta‘sir qoldirgan.

Bundan tashqari, Xitoy, janubiy-sharqiy Osiyo va Tinch ummoni orollarida keng miqyosda janglar sodir bo‘lgan. Ikkinchi Jahon Urushi bilan solishtirsak, 1914-1918 yillardagi urush ko‘proq Ovro‘poga tegishli bo‘lgan mojarodek ko‘rinishi mumkin. Urush oqibatlarini belgilagan jabha chiziqlarining barchasi Ovro‘po qit‘asidan o‘tgan.

Shu faktlarni inobatga olib, urush birinchi bo‘lgani yo bo‘lmaganiga qaramay, global hususiyatga ega deb aytish mumkin. 1914 yili qudratli davlatlar o‘z imperiyalarini bir biriga qarshi qilib qo‘yishgan. Kurrai zaminning deyarli yarmini egallab olgan Britaniya va Frantsiya imperiyalari Afrika va Avtraliyadan tortib Osiyogacha yoyilgan edi. Rossiya imperiyasi shimolda Sibir yerlaridan tortib Qofqozga qadar va sharqda Vladivostokkacha hududlarni qamrab olgan. Yaponiya 1914 yili Britaniya va Frantsiya ittifoqdoshlari tarafida urush e‘lon qilib, Xitoyda Olmoniya mustamlakasi bo‘lgan bir qismini ishg‘ol qilgan. Usmoniylar imperiyasining urushga kirishi Yaqin Sharqda Falastindan to Iroqqacha hududlarni mojaroga tashlagan. Keyinchalik, AQSh va Braziliya ittifoqdoshlarning tarafida kurashishga qaror qilib, Britan imperiyasining qismi deb sanalgan Kanada kuchlariga qo‘shilganlar. Shu tariqa, urush alangasi deyarli butun dunyoga tarqalib ketdi.

Ba‘zi tarixchilarning da‘volariga ko‘ra, Amerika qit‘alarining quruqliklarida urush davomida bironta jang ro‘y bermagani tufayli, Birinchi Jahon Urushining miqyosi Yetti Yillik Urush yoki Napoleon Urushlari bilan solishtirganda global xarakaterga ega bo‘lmagan. Biroq shu bilan boshqalarining fikricha, dengizda bo‘lgan janglar, ya‘ni Folklend orollari uchun kechgan janglar hamda Atlantik ummonini kesib o‘tayotgan paytda hujumlarga duch kelgan Amerika kemalarining barbod bo‘lgani inobatga olinsa, unda bu haqiqiy global miqyosda ro‘y bergan urush deb aytish mumkin.

Belgiya va Shimoliy Frantsiyani bo‘lib o‘tgan G‘arbiy jabha hammaga ma‘lum. Ovro‘poning qolgan hududlari ham urush zonalariga aylangandi. Shimoldagi Boltiq bo‘yidan boshlab janubdagi Avstro-Vengriyagacha cho‘zilgan Sharqiy jabha bugungi kunda Polsha, Vengriya va Ruminiya hududlari sifatida ma‘lum bo‘lgan o‘lkalarda ham janglar kechib, Serbiya bir zumda bosib olingandi. Italiya hududining shimoliy-sharqiy chegaralarida, Dolomit tog‘larida og‘ir janglar kechgan va Venetsiya shahri havo hujumi ostida qolish havfi tug‘ilgan. Rossiya Usmoniylar imperiyasiga qarshi Qofqoz tog‘laridan o‘tgan jabhada shafqatsiz va qonli janglarni olib borgan.

Image copyright GETTY IMAGES
Image caption Birinchi Jahon Urushida qatnashgan turk piyoda askarlari

Qarama-qarshi tomonlar urushga tortilgani sari mojaro tobora kuchayib ketgan. Britaniyaliklar Dardanel qo‘ltig‘ida joylashgan Gallipoli hududida jabha ochishgan, hozirda Iroq nomi bilan tanilgan Mesopotamiyada ham qator janglar qilib, Bag‘dodni qo‘lga kiritganlar, hamda Quddus ustidan Misr bilan urush qilganlar. Janubiy Tinch ummonida Avstraliya qo‘shinlari Olmoniyaning bir necha mustamlaka hududlarini egalash uchun urush qilganlar. Afrikada ittifoqdosh quchlar Olmoniyaga qarshi uning mustamlakalari deb hisoblangan Namibiya, Tanzaniya va Togoda urush olib borganlar. Turli baholarga ko‘ra, deyarli ikki million afrikaliklar Birinchi Jahon Urushida yo askar yoda yollanma ishchi sifatida qatnashganlar.

Bundan tashqari, har bir jabha ortidan oddiy odamlarning hayotlari barbod bo‘lgan. Ziroatchilik sanoatlari to‘liq ishlatilgan. Tinch aholi yo ochlikdan o‘lgan yo qochishga majbur bo‘lgan. Afrikada kurashgan g‘arb armiyalarining barchasi harbiy harakatlarda xizmatkorlardan foydalanganlar. Mahalliy odamlar askarlar uchun oziq-ovqat ta‘minotini va qurol aslahalarni yetkazib berganlar. Ular orasida o‘lim darajasi juda yuqori bo‘lgan. Urush davomida Sharqiy Ovro‘poda, ayniqsa Rossiyada, qochqinlar soni keskin ko‘tarilib, 1917 yili inqilobidan so‘ng vaziyat yana ham yomonlashgan. Urushda etnik ozchiliklarning ahvoli o‘ta abgorlashadi. Hususan, chor Rossiyada yahudiylar tazyiq ostida qolib ketganlar, Usmoniylar imperiyasi mahalliy armanilarga qarshi kampaniyalar o‘tkazgan, bu harakatlar keyinchalik ularning qirg‘in va surgun etilishlariga olib kelgan.

Image copyright GETTY
Image caption Asir tushgan rus askarlari,1915 yil

Birinchi Jahon Urushida turli etnik guruhlar va millatlar qatnashganlari uchun haqiqiy global urush bo‘lgan. Britan armiyasi milliondan ortiq hindlarni yollagan. Frantsuzlar Madagaskar, Xitoy, Senegal, Aljir va Tunisdan mahalliy erkaklarni Ovro‘poga olib kelganlar. Olmoniyaliklar afrikaliklarni faqat Afrikada ishlatishgan, ularning uylashlaricha, qora tanli askarlar Ovro‘poda jang qilishsa bu irqiy iyerarxiyani buzishi mumkin.

Britan va Frantsiya jang qilayotgan askarlar bilan bir qatorda mustamlakalardan ishchi kuchni ham olib kelganlar. Ular ko‘pincha jabha chizig‘iga qo‘yilgandilar.

Agar biz urushga uning ideologik ta‘siri nuqtai nazaridan baho bermoqchi bo‘lsak, bu ta‘sir global bo‘lgan, deb aytishimiz mumkin. Urushdan qolgan iqtisodiy meros butun dunyoni o‘zgartirdi. Moliya amaliyotlari poytaxti Londondan Nyu Yorkga ko‘chib, Ovro‘po qishloq xo‘jaligi barbod bo‘lgach, Argentina va Kanada o‘z ziroatchilik mahsulotlarini qo‘paytirishga kirishdi.

Image copyright GETTY
Image caption Frantsiyada jang qilgan Britaniyaning hind qo‘shinlari

Dunyoda ijtimoiy muomalalar ham o‘zgardi. Yaponiya urushdan keyin yig‘ilgan Millatlar Ligasiga barcha irqlarning teng huquqliligi borasida moddani qabul qilishni talab qo‘ydi, biroq bu harakat muvafaqiyatga erishmadi. Shunday bo‘lsada, bu g‘oya odamlarning zehniyati o‘zgarayotganidan dalolat edi.

1919 yili Parijda bo‘lib o‘tgan Birinchi Pan-Afrika kongressida Afrika xalqlari o‘z- o‘zlarini boshqarishlari kerak degan g‘oya yangradi. Urushdan qolgan meros yangi g‘oyalarning paydo bo‘lishiga aylangan, ya‘ni xalqlar o‘z taqdirini o‘zlari xal etishlari kerak va xalqaro hamjmiyatning yaqin hamkorligi yo‘lga qo‘yilishi kabi tushunchalar keyinchalik o‘rnatilishiga sabab bo‘ldi.

Bu urush dunyoning har bir burchagiga ta‘sir qilgan, va ta‘sir miqyosi hamda o‘zgarishlar to‘lqinini nazarda tutsak, bu ma‘noda urush shak-shubhasiz birinchi bo‘lgan deb aytishimiz mumkin.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002