"Qirg‘izistonlik ayollar orasida Suriyaga jihodga ketayotganlar bor"

Image caption Suriyadagi jangarilar safida markaziy osiyoliklar ham borligi aytiladi

Qirg‘iziston Ichki Ishlar vazirligi mulozimi Riskulbek Japarkulovning Bishkekda o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytishicha, o‘nga yaqin qirg‘izistonlik qiz-juvonlar Suriyaga "muqaddas urushga otlanib, u yerda ekstremistik faoliyat bilan shug‘ullanmoqdalar".

Japarqulovning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Qirg‘izistonda erkaklar bilan bir safda ayollarning ham xalifalik tuzish g‘oyalarini faol tarqatayotganlari aniqlangan.

"Bunday kayfiyatdagi ayollar sezilarli oshgani kuzatilmoqda. Taqqoslash uchun, 2005 yilda ekstremistik faoliyatda ayollarning ulushi 1 foizdan ko‘proqni tashkil qilgan bo‘lsa, hozirga kelib bu 20 foizdan ko‘p", deb yozadi 24.kg web sahifasi Japarqulovga iqtibosan.

Qirg‘iz rasmiysi ta‘kidlashicha, ayni paytda Suriyadagi Assad armiyasiga qarshi kurashayotganlar orasida taxminan 80 ta Qirg‘iziston fuqarolari bor.

Ichki Ishlar vazirligidagi ma‘lumotlarga qaraganda, 2014 yilda Qirg‘izistonda terroristik tashkilotlarga bog‘liq o‘ndan ortiq holatlar aniqlangan va 145 kishi taqiqlangan islomiy guruhlarga a‘zolik ayblari bilan hibsga olingan.

Qirg‘iziston mulozimining so‘zlashicha, fuqarolarning Suriyaga urushga otlanishga aynan nima majbur qilayotgani noma‘lum.

Biroq "yosh-yosh yigitlarni, qiz-juvonlarni jihodga undayotgan ekstremist shaxslar o‘z maqsadlari uchun internetdan keng foydalanmoqdalar", deydi Japarqulov.

Uning ma‘lum qilishicha, bunday holatlar eng ko‘p Jalolobod, O‘sh viloyatlari va Bishkek shahrida qayd etilgan.

Risqulbek Japarqulov Qirg‘iz hukumati fuqarolarning xavfli yo‘lga kirib qolishini oldini olish maqsadida tegishli choralar ko‘rayotganini bildiradi.

Bundan oldinroq Tojikiston va Qozog‘iston rasmiylari ham bu mamlakatlar fuqarolari Suriyadagi harbiy amaliyotlarda ishtirok etayotganidan xavotirlar bildirib chiqishgandi.

Image copyright none

Jumladan, Suriyaga mujohidlikka ketgan qozog‘istonlik bir guruh yoshlarning suratlari e‘lon qilingan.

So‘ngra ijtimoiy tarmoqlarda "Imom Buxoriy" islomiy jabhasining Suriyada jang qilayotgan o‘zbeklar haqida videolavhasi paydo bo‘lgan edi.

"Imom Buxoriy jamoati" deb nomlangan O‘zbek jangarilari guruhining Suriyadagi "Al-Nusra jabhasi"ning ittifoqchisi ekani xabar qilingan.

"Al-Nusra jabhasi" "Al-Qoida"ning Suriyadagi bo‘limi deb ko‘riladi.

Bundan tashqari Suriyada asli qofqozlik jangarilardan tarkib topgan "Jayshi al-Muhajirun val-Ansor" deb nomlangan guruh ham Suriya hukumati armiyasiga qarshi jang qilayotgani xabar qilinadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.