Bolangiz "Ramazon" aytsa siylaysizmi, so‘kasizmi!?

Image copyright bbcuzbek.com

Yurtimizda muborak ramazon boshlanib, ahli mo‘min issiq va uzun kunlarda ro‘za tutar ekan, og‘iz ochardan so‘ng odamlar guras-guras bo‘lib tandirdek qizib yotgan qavat-qavat uylardan tushib kelib, sersoya va shabadali yo‘laklarda tun yarmigacha qolib suhbat qurmoqda.

Umuman olganda, saraton issig‘i taftiga olgani tufayli ro‘za tutganu tutmagan qorong‘u tushishi bilan ko‘chaga chiqib olgan. Ko‘pqavatli uylarning yo‘laklari to‘la odam, xuddi bayramga o‘xshaydi.

Lekin shu bayramnamo kayfiyatni buzib turadigan holatlar tobora ko‘payib ketmoqdami deyman. Men nima demoqchiman, demoqchimanki, ramazon oyida xayriya qiluvchilar ko‘payishini kutib turganlar ham talaygina ekan. Ya‘ni, mohi ramazon bahona tilanchilikni yoppasiga odat qilib olish urfga aylanib ketmayaptimi, bir paytlar beozor va yarashiqli bo‘lgan ramazon aytish odamlarning ko‘nglini bezdirib yuboradigan darajada noxush holatga aylanib qolmadimi.

Ramazon boshlanishi bilan ko‘chalarda ham tilanchilar soni sezilarli darajada oshib ketdi. Endi shahar ma‘murlari ham bekor turishmaydiku, shu kunlarda chorrahalarda qo‘lida bolasi bilan turib olib tilanchilik qiladigan ayollarni ertalabdanoq militsiya xodimlari tutib ketmoqda. Ularni tutish jarayoni ham kishining ko‘nglini alag‘da qiladi. Bir tomondan militsiya xodimlarining chaqaloqli tilanchi ayolni mashinaga tortib-surib tiqayotganini ko‘rib ko‘ngling buziladi, ularning harakatidan jahling chiqadi, ikkinchi tomondan tilanchilarning chorrahada turib olib, mashinalar harakatiga xalaqit berishi, issiqda boshi aylanib yo‘lida zo‘rg‘a ketayotgan haydovchilarni chalg‘itishini o‘ylab, militsiya xodimlari yonini olging keladi. Xullas, nima deyishni bilmaysan.

Mahalla ko‘ylarda esa yosh bolalar ramazon aytib yurishi bir paytlar yarashiqli bo‘lsa, endi sira bunday emas. Endi og‘iz ochaman desang bittasi keladi, uni kuzatib uyga qaytib kirishga ulgurmasingdan boshqasi darvozani dang‘illatib uradi. Kelaveradi, ketma-ket, bitta-bitta bo‘lib. Bir qo‘shnim bor, ramazonning birinchi kunida shunday bolalarga bir do‘q urgan edi, ular qaytib qorasini ko‘rsatmadi. Qo‘shnim ro‘zani kunida ramazon aytgan bolalarni noto‘g‘ri xafa qildi desam haq bo‘lamanmi, nohaqmi. Chunki bu bolasi qurmag‘urlar ramazon aytganga pul chiqarib bergan xonadonga kelaverib uy egalarining tinkasini quritar ekan. Sekin razm solsam, bunday surbet bolalarni daf qilish uchun do‘q urib qo‘yish ko‘pchilikka odat bo‘lib qolibdi. Xullas, bularga ham nima deyishni bilmaysan.

Kecha oqshom do‘konni yopib uyga qaytdim, yo‘lim Toshkandda mashhur shashlikxona yonidan o‘tadi. Tashqaridagi favvoralar yoniga qo‘yilgan stol-stullarda ko‘pchilik iftorlik qilmoqda, oilaviy bo‘lib kelganlar juda ko‘p. Ularning atrofini esa ramazon aytib yurgan bolalar xira pashshadek o‘rab olgan. Shashlikxonaga kirish yo‘lagini tirband qilib, o‘tgan-ketganga ramazon aytadi. Bir odam ularni so‘kib o‘tib ketdi. Meni jahlim chiqdi, ramazon oyi bo‘lsa, yosh bolalarni ham so‘kadimi. Shu gapni aytmoqchi bo‘lib o‘sha odam tomon yurdim. Shu payt bolalar shashlikxonaga kirayotgan bir yigitning atrofini o‘rab olib ramazon aytishga tushdi. Yigit hamma qarab turganidan xijolat bo‘ldi shekilli, bitta ming so‘mlik chiqargan edi, bolakaylar birdaniga uning qo‘liga tashlandi. Chaqqonrog‘i pulni olib qochdi, qolganlari uning ortidan "oyisi"ni go‘riga shunday g‘isht qaladiki, shashlikxonada o‘tirganlardan ko‘pchiligi qulog‘ini berkitib olishga to‘g‘ri keldi. Men joyimda taqqa to‘xtadim.

Xullas, nima deyishni bilmaysan. Shundan keyin bolangiz ramazon aytaman desa, nima degan bo‘lardingiz?

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002