Kim unga zor, u kimda xor...

Image copyright none
Image caption Mintaqadagi eng muhim taom non ham ba‘zi odamlar uchun qimmatlik qiladi

AQShda ishlab chiqiladigan oziq-ovqatning yarmiga yaqini chiqindiga chiqariladi. Ovro‘poda ham har yili bir necha yuz million tonna taom tashlab yuboriladi.

BMT oziq-ovqat dasturiga ayni damda dunyodagi har yettinchi inson yoki bir million kishi yarim och kun o‘tkazmoqda.

Birlashgan Millatlarga ko‘ra, shunga qaramasdan jahonda ishlab chiqilgan oziq-ovqatning uchdan bir qismi iste‘mol qilinmasdan, chiqitga chiqariladi.

Chunki texnologiya rivojlangan boy davlatlar katta miqdorda oziq-ovqat ishlab chiqaradilar yoki sotib oladilar.

"Men shartnoma imzolagan supermarketlar faqat muayyan shakl va kattalikdagi pizyolarni olishadi" - deydi amerikalik fermer Kris Pavelskiy.

"Birini quruq, boshqasini xo‘l, uchinchisini esa kichik, deb qaytarishadi".

Fermer o‘zi istamagan holda bozori kasod bo‘lgan bu mahsulotlarni tashlab yuborishga majbur. Lekin tez buziladigan aksar oziq-ovqat mahsulotlarini uzoqdagi kambag‘al davlatlarga jo‘natish imkonsiz.

Image copyright bbcuzek.com
Image caption O‘zbekistonda ko‘pchilik go‘sht sotib olish qiyinlashib ketayotganidan shikoyat qiladi

Shu bois oziq-ovqat masalasini har davlat o‘z holicha hal etishi maqsadga muvofiq. Xususan, Keniya va Habashitson allaqachon o‘z imkoniyatlarini ishga solib, boshqalarga qaram bo‘lmagan holda oziq-ovqat ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqdalar.

Biroq sharqiy Afrikadagi notinch Somali kabi mamlakatlarda uzoq yillardan beri chetdan keladigan oziq-ovqat yordamiga ko‘z tikib qolishgan va endilikda mazkur holatdan chiqib ketish yo‘llari qiyinlashib borayotgani aytiladi.

Markaziy Osiyo o‘zini boqadimi?

Markaziy Osiyo mintaqa sifatida o‘zini engm uhim oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta‘minlay oladi. Ammo siyosiy vajlar bois mintaqadagi qo‘shni davlatlarning munosabatlari tobora sovuqlasharkan, bu holat oziq-ovqat ta‘minoti va narxlariga ham ta‘sir qilmoqda.

Shu qatorda, mintaqa davlatlaridagi aholi xarid imkoniyatlari ham keskin farqlana boshlagan. Deylik, mutaxassislar bugun Qozog‘iston bilan Tojikistonni aslo solishtirib bo‘lmay qolganini aytishadi.

Tojikistonda oziq-ovqat narxlari jahon andazalariga tenglashib qolgan. Lekin aksra tog‘li hududlardan iborat bu mamlakat o‘z oziq-ovqat ehtiyoji nari borsa 10-15% miqdorda ta‘minlay oladi, xolos.

Azaldan sug‘orma dehqonchilik rivojlangan O‘zbekistonda meva-sabzavot ishlab chiqarish imkonlari katta. Lekin 30 million aholi yashaydigan bu mamlakat o‘zining suvga bo‘lgan ehtiyojlarini qoplay olmaydi. O‘zbekiston ishlatadigan suv yuqori oqimdagi Qirg‘iziston va Tojikistondan keladi.

Bu ikki qo‘shni esa endi suvni o‘zlari uchun kerakli energiya ishlab chiqarishga sarflashmoqchi.

Shu qatorda, O‘zbekistondagi dehqonchilik juda ko‘p suv talab qiladigan paxtachilikka asoslanib qolmoqda. Arzon, ammo strategik paxta yetishtirish hukumta nazoratida qolmoqda.

Image caption Boy davlatlarda oziq-ovqatning qariyb yarmi tashlab yuborilmoqda

Mutaxassislar mamlakatda sahrolashish kuchli ekanligini, yil sayin katta hajmdagi yerlar yaroqsizholga kelayotir. Bu esa oziq ovqat sifati, tannarxi va miqdoriga ham salbiy ta‘sir etmay qolmaydi.

Buning ustiga, sovet davridagi qayta ishlab chiqarish korxonalari eskirib, o‘rniga ehtiyojni qoplaydigan darajada yangilari qurilmagan va yetishtirilgan meva-sabzavotlarni asrash imkonlari ham o‘ta cheklangan.

Pishiqchilik payti meva-sabzavot arzonlaydi. Ammo shakar yo yog‘ kabi ikkilamchi mahsulotlar qimmatlaydi.

O‘zbekiston shuningdek, chetdan keladigan un kabi mahsulotlar narxini ham nazorat qilishga qiynaladi. Odamlar esa mahalliy unni sifatsizligi bois o‘z holicha ishlata olmasliklarini aytadilar.

Mutaxassislarga ko‘ra, agar mintaqa davlatlari oziq-ovqat ta‘minoti masalasida jips hamkorlikni yo‘lga qo‘yishsa, u holatda Markaziy Osiyo eng muhim va birlamchi mahsulotlar bilan o‘zini bemalol ta‘minlay oladigan hududga aylanardi.

Lekin mintaqa rahbarlari orasidagi siyosiy kelishmovchilik va o‘zaro yoqtirmaslik kabi holatlar bu borada katta to‘siq bo‘lmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002