Karimov Mustaqillikning 23 yilligini qanday bayram qilishni tushuntirdi

Image copyright AFP Getty
Image caption Islom Karimov dabdababozlik va rasmiyatchilikdan xoli bo‘lishni maslahat bergan

O‘zbekiston Prezidenti mamlakat mustaqilligining 23 yilligini nishonlash haqida qaror qabul qilgan.

Islom Karimovning topshirig‘iga ko‘ra, maxsus komissiya bir hafta ichida "Seni sevaman, qadrlayman, qadrdon O‘zbekiston" g‘oyasini aks ettiradigan bayram tadbiri loyihasi tayyorlashi kerakligi aytilgan.

O‘zbekiston Axborot Agentligi chop etgan qaror matniga qaraganda, loyihada asosiy e‘tibor "O‘zbekistonning qoloq agrar davlatdan" "iqtisodi o‘sib borayotgan va yuksak imkoniyatlarga ega" davlatga aylanganini ko‘rsatishga qaratilishi lozim.

Janob Karimov shuningdek, shahar va qishloqlar ko‘rinishi o‘zgargani, aholining yashash sharoiti yaxshilangani, sog‘liqni saqlash, fan, madaniyat-san‘at, sport sohalarida erishilgan ulkan yutuqlarni yoritishni topshirgan.

Prezident hozirgi notinch va xavotirli vaziyatda mamlakatdagi bebaho boylik- tinchlik va barqarorlikning ahamiyatini chuqur ochib berish kerakligini aytgan.

Qarorda O‘zbekistonda olib borilayotgan ichki siyosatning maqsad va ahamiyati keng ommaga yetkazilishi kerakligini ta‘kidlanadi.

Shuningdek, dunyoning turli mintaqalaridagi mojarolar faqat tinch yo‘l bilan yechilishi lozimligi uqtiriladi.

Karimov janoblari o‘z qarorini ommaviy-axborot vositalari ishtirokida, ortiqcha rasmiyatchilik va dabdababozlikdan xoli shaklda amalga oshirish kerakligini tavsiya qilgan.

Mustaqillik bayrami bilan bog‘liq tadbirlarga mas‘uliyat Bosh vazir Mirziyoyevga yuklatilgan.

Har yili mustaqillik oldidan bayramga tayyorgarlik to‘g‘risida prezident qarorining chiqishi o‘sha paytdan boshlab asosiy kontsert dasturiga tayyorgarlik boshlanishini anglatadi.

O‘zbekiston aholisi ham Mustaqillik bayrami deganda 31 avgustda poytaxning Bosh maydonida bir guruh qo‘shiqchi va raqqosalarning Karimov va uning xos mehmonlari qarshisida kontsert namoyish qilishlarini tushunadi.

Bunday kontsertlarda qatnashish esa aksariyat qo‘shiqchilar, san‘at-adabiyot ahliga unvon olish uchun yaxshi imkoniyat sifatida qaraladi.

Image caption Prezident Karimovning qaysi xonanda qo‘shig‘iga raqsga tushishi ham muhim

Mustaqillik kontsertlarining doimiy ishtirokchilari "yurt otasi"ning e‘tiboriga sazovor bo‘ladi.

Shu bilan birga, ushbu ikki-uch soatlik kontsert dasturining ommaviy sahnalarini tayyorlash jarayoniga Toshkentdagi turli o‘quv yurtlar talabalari jalb qilinishi va talabalar jazirama yoz issig‘ida stadion va sport zallarida tayyorgarlik ko‘rishlari ham ma‘lum.

Bundan tashqari shu kecha kunduzda O‘zbekistonda ommaviy tadbirlar o‘tkazishda xavfsizlik choralariga rioya qilish, favquloddagi hodisalarda harakatlanish talablari e‘lon qilingan.

Mustaqillik bayrami oldi har yili O‘zbekistonda xavfsizlik choralari qattiq kuchaytiriladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

Matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002