O‘zbekistonda "Hizb ut-Tahrir"ga a‘zolik ayblari bilan ayollar jazolandi

Image caption Odnoklassnikida radikal oqimlar bormi?

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyati sudi Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarida istiqomat qiluvchi 7 ayolni "Hizb ut-Tahrir" diniy aqidaparastlik guruhiga aloqadorlik ayblovlari bilan mahkamaga tortgan.

Xabarlarda aytilishicha, ularga qarshi O‘zbekiston Jinoyat Kodeksining 244-2 moddasi bo‘yicha, ayblovlar ilgari surilgan.

Aytilishicha, ayollardan iborat ushbu guruh davlatga qarshi faoliyat olib borib, amaldagi Konstitutsiyani bekor qilish va mavjud tuzumni ag‘darib tashlashga, uning o‘rnida esa shariat qonunlari asosida faoliyat olib boruvchi xalifalik tuzishni targ‘ib qilgan.

Bu maqsadda sudlanuvchilar ijtimoiy tarmoqlardan, jumladan "Odnoklassniki" saytidan foydalangani keltiriladi.

BBC tafsilotlarga oydinlik kiritish maqsadida Mustaqil Inson huquqlari himoyachilari tashabbus guruhi rahbari Surat Ikromovga bog‘lanib, mahkama ishi borasida nimalar ma‘lumligini so‘radi.

Huquq faoli o‘ziga aniq bo‘lgan ma‘lumotlarga tayanib ma‘lum qilishicha, hibsga olingan yetti ayoldan oltitasi shartli jazo bilan mahkama zalidan chiqarilgan , bir ayolga sakkiz yillik qamoq jazosi tayinlangan.

Sudlanuvchilar qattiq qiynoq va bosimlar ostida ko‘rsatma berishga majburlangan, deydi Sur‘at Ikromov.

Huquq faoliga ko‘ra, sakkiz yilga ozodlikdan mahrum etilgan ayolning eri ham Hizbut Tahrirga aloqadorlik bilan turmada o‘tiribdi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002