UzWebiston: "Ravshan Ermatovning hakamligi "past darajada" bo‘lib qoldimi?"

Image copyright Getty

Rossiyalik ayrim sharhlovchilarning Ermatovning Braziliyadagi hakamligiga berayotgan baholari shu kunlarda O‘zbekistondagi qator internet nashrlarining e‘tiborini o‘ziga jalb etmay qolmagan.

Agar, ularning mazmuni bir so‘zga jamlansa, "Ravshan Ermatovning jahon chempionatidagi hakamligi Rossiya davlat teleradiokompaniyasi sport sharhlovchilarini jiddiy tashvishga solgan ko‘rinadi".

Jumladan, sports.uz web sahifasida chop etilgan maqola esa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Yaqinlarning qora hasadi", deb nomlanadi.

Unda "Rossiya-2" telekanali xodimlarining Ravshan Ermatov hakamlik qilgan Shveytsariya va Ekvador o‘rtasidagi o‘yinga bergan baholari misol tariqasida tilga olinadi.

Eslatib o‘tish joiz, ikkovlon o‘rtasidagi guruh bosqich saralash bellashuvlarining dastlabki uchrashuvi o‘zbekistonlik nomdor hakamning Braziliyadagi jahon chempionatida boshqargan birinchi o‘yini edi.

O‘zini "russkiy uzbek", deya tanishtirgan maqola muallifi Dmitriy Popovning yozishicha, bu "o‘yinning darajasi past, hakamligi esa, undan-da zaifroq bo‘lgani"ni aytib, ular Ravshan Ermatovning ustidan oshkora kulishgan".

Maqola muallifiga ko‘ra, qilgan ana shu ishlari uchun "Rossiya-2" telekanali olib boruvchilari va sharhlovchilarini baralla uyaltirishning payti allaqachon yetgan".

"Ha, janob rossiyaliklar, biror bir hakamingiz u yerga borolmay, "qandaydir o‘zbek" hakamlik qilayotganidan juda xafamisiz deyman? Yana ketma-ket ikkinchi marta?!! O‘tgan yilgi MDH Kubogida esa, bir-ikki yosh kichik bo‘la turib, sizlar bilan durang o‘ynagan O‘zbekiston yoshlar milliy terma jamoasining ustidan shunday kulgandingiz. Endi Ermatovning hakamligi "quyi darajada" bo‘lib qoldimi?", - deya ketma-ket savol qo‘yadi muallif.

"Sizlarda ham shunday zo‘rlar bormi? Nima uchun Roberto Rozetti biror bir hakamingizning jahon chempionatiga taklif etilmasligiga oid savolga javob bera olmadi? Shunday ekan, u jahondagi eng zo‘r hakamlardan birining sha‘niga oshkora dog‘ tushirishga urinayotgan yuzsiz hasadgo‘ylarning og‘zini yopsin", - deya xulosa qiladi muallif.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Ravshan Ermatovning xuddi shu uchrashuvi futbolga ixtisoslashgan turli xalqaro internet nashrlari va G‘arbning yetakchi futbol sharhlovchilari tomonidan juda ijobiy bahoga sabab bo‘lgandi.

Image copyright Reuters

O‘zbekistondagi ayrim internet nashrlari esa, rossiyalik sharhlovchilarning Ravshan Ermatov boshqargan Meksika-Xorvatiya uchrashuviga bergan baholarini ham nazardan qochirishmagan.

Ular ayni o‘rinda sharhlovchilarning, "Ko‘plab "qaynoq" va bahsli holatlarga umuman e‘tibor bermay, o‘yinga butkul befarqlik ko‘rsatdi", - degan so‘zlaridan iqtibos keltirishgan.

Buning ortidan esa, bu kabi holatlar birinchi bor yuz bermayotgani mazmunida so‘nggi Sochi Qishki Olimpiada O‘yinlarida yuz bergan voqeani ham misol tariqasida keltirishgan.

Ular ayni o‘rinda ochilish marosimi chog‘ida "Rossiya-1" telekanali Dmitriy Guberneyevning qanday qilib O‘zbekistonni Tojikiston bilan adashtirib yuborgani va qilgan ishi uchun o‘z web sahifasida uzr so‘rashga majbur bo‘lganini ham eslatishgan.

O‘yinlar chog‘ida yuz bergan o‘sha hodisa ijtimoiy muloqot tarmoqlarida o‘zbekistonliklarning keskin aks-sadolariga sabab bo‘lgan va hatto, onlayn petitsiyalargacha uyushtirilgandi.

Bunaqasi esa, O‘zbekistonning bu yaqin tarixida kuzatilmagandi.

Bularning barchasiga qo‘shimcha o‘laroq, ular O‘zbekistondagi Navro‘z tantanalarini yoritarkan, Rossiyaning Mail.ru internet narshi qanday qilib prezident Islom Karimovni qozog‘istonlik hamkasbi bilan adashtirib yuborganini ham qistirib o‘tishni unutishmagan.

Bu kabi xabarlar esa, Rossiya va O‘zbekiston orasidagi munosabatlar jiddiy sovuqlashgan bir vaziyatda kuzatilmoqda.

Xuddi shu manzarada argentinalik hakam Ektor Baldassining twitiga tayanib, kuni-kecha Ravshan Ermatov haqida internet tarmog‘ida paydo bo‘lgan boshqa bir xabar ham O‘zbekistondagi qator internet nashrlarining nigohidan chetda qolmagan.

Agar, ushbu twitning mazmuni bir jumlaga jamlansa, go‘yoki "Argentina va Shveytsariya o‘rtasidagi nimchorak final uchrashuviga aslida Ravshan Ermatov tayinlangan. Ammo Argentina tomonining noroziligi tufayli, FIFA uni shvetsiyalik hakam bilan almashtirgan".

Image copyright AFP

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Ektor Baldassi Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan 2010 yilgi jahon chempionatida hakamlik qilgan va hozir Argentina parlamentida faoliyat olib boradi.

FIFA rasmiy web sahifasida esa, Argentina-Shveytsariya o‘rtasidagi nimchorak finali uchrashuviga Ravshan Ermatov hakam etib tayinlanganiga oid xabar umuman paydo bo‘lmagandi.

Ermatov bilan kuni-kecha telefon orqali gaplashganini aytgan otasi Sayfiddin aka va O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi Hakamlar Departamenti boshlig‘i Noil Lutfullinlar ham BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatlarida buning asossiz bir xabar ekanini aytishdi.

Eng so‘nggida eslatib o‘tish joiz, Ravshan Ermatov bu galgisi bilan ketma-ket ikkinchi bor jahon chempionatida butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqini namoyon etayotgan yagona hakam bo‘ladi.

U shu paytga qadar Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan jahon birinchiligida ikkita guruh bosqich saralash bellashuvlari va bitta nimchorak finali uchrashuviga hakamlik qilib ulgurgan.

Birinchilikning chorak final bellashuvlari 4 iyul kuni start oladi.

Shu paytgacha o‘tkazgan uchrashuvlari ortidan, Ravshan Ermatov hakamlar faoliyatiga baho berish bilan shug‘ullanuvchi worldreferee.com web sahifasi tasnifida to‘plagan ballari soni bo‘yicha (7.7) gollandiyalik hamkasbi Born Kyoypers bilan birinchi va ikkinchi o‘rinlarni bo‘lishib turibdi.

Uning Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatidagi hakamlik mahorati ham katta olqishlarga sazovor bo‘lgan.

Ravshan Ermatov chempionatning ilk uchrashuvini ochib bergan va bir birinchilikning o‘zida yarim finali doxil besh bellashuvga hakamlik qilish bilan nomi xalqaro rekordchilar ro‘yxatiga ham kirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002