Markaziy Osiyoda giyohvand savdosini kim nazorat qiladi?

Image copyright Reuters
Image caption Afg‘oniston hamon afyun yetishtirish bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakat sifatida qolmoqda

Afg‘oniston va sobiq Sho‘ro davlatlari o‘rtasidagi aloqalar, giyohvand moddalar savdosiga ko‘z yumganda, quyi darajadaligicha qolmoqda. Ayni xulosaga "Hamkorlik va izolyatsiya oralig‘ida: Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar" deb nomlangan hisobot mualliflari kelganlar.

Hisobotda Afg‘oniston hamon afyun yetishtirish bo‘yicha dunyodagi yetakchi mamlakat sifatida qolayotgani ta‘kidlangan.

BMTning Giyohvand moddalar va Jinoyatchilikga qarshi kurash agentligiga ko‘ra, 2012 yilda dunyo bo‘ylab yetishtirilgan giyohvand moddalarning 74 foizi Afg‘oniston hisobiga to‘g‘ri kelgan.

"Afg‘onistondan chiqadigan giyohvand moddalar savdosi uchun shimoliy yo‘l Markaziy Osiyodan o‘tadi. Savdoning katta qismini Tojikiston nazorat qiladi", deyiladi "Hamkorlik va izolyatsiya oralig‘ida: Afg‘oniston va Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar" deb nomlangan hisobotda. Va aynan giyohvand savdosi Afg‘onistonda davom etayotgan qarama-qarshiliklarning qo‘shni Markaziy Osiyoga o‘tayotgani ko‘rinishi sifatida ta‘riflanadi.

Hisobot mualliflari Kristian Bler (Christian Bleuer) va Said Rizo Kozimiyga ko‘ra, bu nafaqat Afg‘onistondagi, balki sobiq Sho‘ro respublikalaridagi davlat va davlatga aloqador bo‘lmagan o‘yinchilarga foyda keltiradi.

"Keng miqyosdagi xabarlar Markaziy Osiyoda terrorchilik va giyohvand moddalar savdosi qattiq bog‘langan degan da‘volarni o‘rtaga tashlaydi", deydi ular.

Ayni paytda Rossiyaning giyohvand savdosiga qarshi kurash bo‘yicha eng yuqori martabali mulozimi Viktor Ivanovning 2010 yil Islomiy jangarilar va giyohvand moddalar savdogarlari o‘rtasida ittifoqchilik paydo bo‘layotgani va ular Markaziy Osiyo hukumatlarini ag‘darish maqsadida yakdil ekanlari borasida ogohlantirgani tilga olingan.

"BMTning Giyohvand moddalar va Jinoyatchilikga qarshi kurash agentligi rahbari ham xuddi shunday da‘voni qilgandi", deyiladi hisobotda.

Aytilishicha, Qo‘shma Shtatlardagi ichki hujjatlar ham ayrim Amerika siyosatchilari giyohvand moddalar va terrorizm o‘zaro bog‘liq degan qarashda ekaniga ishora qilgan.

Iqtibos keltirilishicha, ekstremist guruhlar ko‘pda o‘z maqsadlari yo‘lida "giyohvand savdosidan tushadigan daromad"dan foydalanishadi.

AQSh elchiligi yozishmalaridan birida Qo‘shma Shtatlar harbiyligining Tojikiston orqali o‘tadigan giyohvand moddalar savdosidan xavotirlari aniq aks etgan. Ayni xavotirlar manzarasida Amerika Tojikiston bilan xavfsizlik bo‘yicha hamkorliklar, mamlakat maxsus kuchlarini tayyorlovdan o‘tkazishni yo‘lga qo‘ygan.

Ammo, Markaziy Osiyo bo‘yicha mustaqil tahlilchilar Islomchilar va terrorchi tashkilotlar o‘z faoliyatlari uchun giyohvand moddalardan foydalanishlari borasidagi dalillar zaifligini aytishadi. Ularga ko‘ra, bu kabi guruhlarning giyohvand savdosiga aloqasi o‘ta past darajada va yo umuman yo‘q deyish mumkin. Strategik va xalqaro tadqiqotlar markazining Markaziy Osiyodagi Islomiy terrorchi guruhlar bo‘yicha tadqiqotlarida O‘zbekiston Islomiy Harakati 1990 yillarda giyohvand moddalar savdosiga ishtirok etgan bo‘lishi mumkin, biroq hozir O‘IHning mazkur savdo nazoratiga ta‘siri agar bo‘lsa ham o‘ta past darajada ekanini ko‘rsatgan.

Hisobotda giyohvand moddalar savdosi bo‘yicha tadqiqotchining fikrlari keltirilgan. Alisher Latipovga ko‘ra, Markaziy Osiyoda odamlar huquq-tartibot organlari, qamoqxona va xavfsizlik nozirlari giyohvand moddalar noqonuniy savdosiga ishtirok etishlarini yaxshi tushunishadi. Ayni damda hukumat mintaqadagi giyohvand moddalar savdosi ortida terrorchi va ekstremist guruhlar turganini da‘vo qiladi.

Bundan tashqari hisobotda Markaziy Osiyo davlatlari hukumatlari xalqaro moliyaviy yordamlar undirish maqsadida giyohvand moddalar isyonkorlar va Islomiy guruhlarni moliyalayotgani borasidagi da‘volariga urg‘u berishlari aytilgan. Hukumatlar shu yo‘l bilan o‘zlarining giyohvand moddalar savdosiga ishtiroklari, shafqatsiz boshqaruvdan e‘tiborni chalg‘itish, o‘z byudjetlari va hatti-harakatlarini oqlashda foydalanishlari qo‘shimcha qilingan.

Hisobotda qayd etilishicha, Ovro‘po Ittifoqi, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Qo‘shma Shtatlar va Rossiya Markaziy Osiyodagi giyohvand moddalar savdosiga qarshi kurash bo‘yicha turli tashabbuslarni moliyalab, dastaklaydi, biroq bu dasturlar birontasi ham sezilarli ta‘sirga ega bo‘lmagan. Yo-da, bu yordamlar korruptsiyaga botgan mahalliy xavfsizlik kuchlarini kichik, mustaqil va ba‘zan yirikroq savdogarlarni yo‘q qilish amaliyotlarigina dastaklaydi.

"Natija esa, davlat bilan... kelishgan uyushgan jinoyatchilarning giyohvand moddalar savdosi ustidan nazoratini mustahkamlash bo‘ladi...", deya qo‘shimcha qilinadi hisobotda. Ayniqsa, Tojikistonda xorij moliyaviy yordamlari va dastagi qudrat vazirliklari (milliy xavfsizlik xizmati, politsiya va harbiylar) deb atalmish organlarni quvvatlantirishi ham qayd etiladi.

"Hukumat va xavfsizlik xizmatlaridagi qudratli shaxslar uyushgan jinoyatchilar rahbarlari bilan bilan davlat zahiralari va tuzilmalarini giyohvand moddalar savdosiga ko‘maklashish va yo nazorat qilishda qo‘llaydilar". Va mazkur holat Afg‘onistonning Markaziy Osiyo bilan chegarasida joylashgan 8 viloyatiga ham xos ekani tilga olinadi. Afg‘on ma‘muriyatidagi markaziy va mahalliy doiradagi asosiy o‘yinchilar giyohvand moddalar savdogarlarini himoya qilishlari, mahkama jarayonlariga aralashishlari va hibs qilingan jinoyatchilarni alal-oqibat qo‘yib yuborilishi kabi hollarda qo‘llari borligi gumon qilinadi.

Hisobotda O‘zbekistondagi vaziyatni ko‘rish qiyinligi, lekin oz bo‘lsa-da, qo‘lga kiritilgan ma‘lumotlar giyohvand moddalar savdogarlari hukumatdagi xavfsizlik bo‘yicha yuqori martabali rasmiylar bilan aloqasi borligi ehtimoliga ishora qiladi.

Mualliflar Turkmanistondagi giyohvand moddalar savdosi bilan bog‘liq vaziyatni ham tahlil qilish qiyinligini aytishgan. Ammo, u yerda ham davlat mulozimlarining mazkur savdoga aloqasi borligi nazardan butkul soqit qilinmaydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002