Isroil hujumlari to‘xtasa, Hamas "otashkesimga rozi"

Image copyright
Image caption 17 yoshli Muhammad Abu Xdayrning jasadi bugun oilasiga qaytarilishi kutilmoqda

BBCga anglashilishicha, Hamas Isroilning G‘azo Bo‘lgasiga havo amaliyotlarini to‘xtatishi evaziga o‘z raketa hujumlarini chek qo‘yishini taklif qilgan.

Falastin jangari guruhidagi manbaning aytishicha, Misr josuslik xizmati rasmiylari ehtimoliy otashkesimga vositachilik qilishgan. Isroil tarafi bu borada izoh bermagan.

Isroil armiyasiga ko‘ra, G‘azodan juma kuni 4ta raketa otilgan. Talofatlar borasida xabar qilinmaydi.

Sharqiy Quddusda o‘ldirib ketilgan falastinlik o‘smirning dafn marosimi oldidan tanglik kuchaygan.

17 yoshli Muhammad Abu Xdayrning o‘g‘irlab ketilishi va joniga qasd qilinishi yuzasidan allaqachon ikki kun davomida niqoblik falastinliklar va Isroil politsiyasi o‘rtasida to‘qnashuvlar kechgan.

Qotillikka undagan sabablar tasdiqlangani yo‘q, biroq bu ish ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohilda uch isroillik o‘smirning o‘g‘irlanishi va o‘ldirilishiga javob degan iddaolar yangaragan. Isroil politsiyasi hodisa yuzasidan tekshiruv olib bormoqda.

O‘smirning dafn marosimi kechiktirilgani vaziyatni yanada taranglashtirgan.

Politsiya jasadni juma namozidan keyin oilasiga topshirishini aytgan.

O‘tgan bir necha kun asnosida Isroil G‘azodan otilgan raketalarga javoban havo hujumlarini uyushtirgandi.

Isroil armiyasiga ko‘ra, juma kuni G‘azodan 4ta raketa otilgan.

Avvalroq, Hamas manbasi BBCga guruh va Misr rasmiylari o‘rtasida "qizg‘in muloqotlar" ortidan "Hamas va Isroil o‘rtasida yangi sulhga erishilgan"ini aytgan. Shuningdek, manba "otashkesim kelishuvi bir necha soatlarda" e‘lon qilinishi haqida bildirgan.

Unga ko‘ra, Hamas Isroil tarafi agar havo hujumlari to‘xtatilishiga ishontirsa, raketa otishga chek qo‘yishga tayyorligini aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002