Birodar Abduraimov: "Oldinda juda qiziq o‘yinlar turibdi"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image copyright Getty

O‘zbek futboli afsonasi bu haqda BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida naq Braziliyadagi jahon chempionatining chorak final uchrashuvlari arafasida bildirdi.

Frantsiya va Olmoniya bugun juma kuni qolgan sakkiz milliy terma jamoa orasidan birinchilardan bo‘lib chorak final bellashuvlarini boshlab berishadi.

Birinchilikning ikkovlon o‘rtasidagi dastlabki chorak final uchrashuvi Riodagi mashhur "Marakana" stadionida bo‘lib o‘tadi va Toshkent vaqti bilan kech soat 21:00 da boshlanadi.

Ta‘kidlash joiz, bu yilgi birinchilikning guruh bosqich saralash va nimchorak final bellashuvlaridan "omon qolgan"lar orasida amaldagi jahon chempioni Ispaniya, Italiya, Portugaliya va Angliya kabi an‘anaviy va nomdor jamoalar yo‘q.

Bu to‘rttovlonning hali guruh bosqichidanoq pastga qulashgani, agar ta‘bir joiz bo‘lsa, Braziliyadagi jahon chempionatining eng katta shov-shuvlaridan biriga ham aylangan.

Ustiga ustak, bu yil yagona kubok uchun kurashini davom ettirayotganlar orasida biror bir Osiyo qit‘asi vakili ham yo‘q.

Eron va Avstraliya qatorida jahon chempionatlarida yaxshigina tajribaga ega, to‘rt karra qit‘a chempioni bo‘lgan Yaponiya va Janubiy Koreya ham biror bir g‘alaba qayd etmay, guruh bosqichidanoq ortga qaytishgan.

O‘z o‘rnida, O‘zbekistonda ham muxlislari ozmuncha bo‘lmagan Rossiya milliy terma jamoasi-da italiyalik Bosh murabbiysining qanchalik nomdor ekaniga qaramay, bu gal allaqachon Braziliyani tark etganlar safidan joy olishgan.

Dunyoning nahanglari mag‘lubiyat alamini tatib turgan bir paytda, ularni ortga surib, ayniqsa, Kosta-Rika milliy terma jamoasining o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatining chorak finaliga chiqishi esa, ko‘pchilik futbol ahlini hayratga solmay qo‘ymagandi.

Image copyright Getty

O‘zbek futboli afsonasi bunga nima deydi?

Birodar aka Abduraimov ham BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida bu yilgi chorak finalchilar o‘zi uchun kutilmagan bo‘lganini aytadi.

"Gollandiya, Olmoniya va Braziliyaning chorak finalga chiqishi shundoq ham ma‘lum edi. Men Kolumbiya chiqadi deb o‘ylamagandim, ammo hozir juda ajoyib o‘yin ko‘rsatayapti. Ikkinchidan, Kosta-Rika... Bu yil umuman hech kim kutmagan jamoalar sakkizlikka kirdi, desa bo‘ladi".

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, "Angliya-ku, mayli, bo‘shroq edi, ammo Ispaniya va Italiya kamida yarim finalda o‘ynashi kerak edi", - deydi.

Birodar akaning xulosasiga tayanilsa, bu jamoalarga eng avvalo Braziliyaning iqlimi pand bergan.

"Endi, bu – futbol, nima deymiz. O‘sha ob-havoga moslashgan jamoalar qoldi. Bo‘lmasa, Ispaniya milliy terma jamoasi guruh bosqichidanoq chiqib ketadi deb kim o‘ylagandi?", - deydi u kishi.

Ammo, suhbatdoshimiz, futbol olamida "hech nazarga ilinmaydigan jamoalarning ham Braziliyada o‘yinning boshidanoq o‘zlarini qanchalik ko‘rsatishayotganini" nazarda tutib, "bizni oldinda juda qiziqarli o‘yinlar kutayapti", degan ishonchda.

Birodar aka eng so‘nggida Olmoniya milliy terma jamoasi har tomonlama o‘zining kuchli ekanini namoyon etayotganini aytarkan, aynan shu jamoa yangi jahon chempioni bo‘ladi, deydi.

"Juda ishonib Braziliyaga ishqibozlik qilib turuvdim, ammo hozir ularning chempion bo‘lishiga unchalik ishonch qolmayapti. Bular jamoaviy o‘yinning o‘rniga ko‘proq individual o‘yin o‘ynashayapti. Frantsiya ham yaxshi o‘yin ko‘rsatayapti. Ammo oxirida, baribir, Olmoniyaning tajribasi ustun keladi, deb o‘ylayman. Olmoniyada Gollandiyaga qaraganda ham jahon chempioni bo‘lish imkoniyati ko‘proq", - deydi O‘zbek futboli afsonasi.

Yarim finalga chiqish uchun esa, faqat ikkita: Ovro‘po va Lotin Amerikasi qit‘asi vakillari teng sonda kurash olib borishadi.

Qolgan sakkiz milliy terma jamoa saflaridan bu yil Olmoniya, Gollandiya, Belgiya, Frantsiya, Braziliya, Kolumbiya, Argentina va Kosta-Rika o‘rin egallashgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002