Afg‘oniston saylovi: Ashraf G‘ani Ahmadzay oldinda

Afg‘oniston Mustaqil Saylov Komissiyasining e‘lon qilishicha, mamlakatda o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarining ikkinchi davrasi natijasida Ashraf G‘ani Ahmadzay 56.44 foiz ovoz yig‘ib, oldinda ketmoqda.

Uning raqibi Abdullo Abdullo 43.56 foiz ovoz olgan.

Saylovlarning 5 aprel kuni o‘tkazilgan birinchi davrasida ikki asosiy nomzod doktor Abdullo 45 foiz va Ashraf G‘ani 31.5 foiz ovoz olganlari e‘lon qilingandi.

Bu mamlakat qonunlarida taqozo etilgan g‘olib uchun kamida 50 foiz ovozni olishi kerak, degan talabga javob bermagani uchun 14 iyun kuni ikkinchi davra saylovlar o‘tkazilishi rejalandi.

Abdullo Abdullo saylovlarning ikkinchi davrasida qallobliklarga yo‘l qo‘yilganligini da‘vo qilib, saylov rasmiylari bilan hamkorlik qilishdan bosh tortib kelmoqda edi.

U soni 11 ming deya aytilgan "qalloblik yo‘li bilan" berilgan ovozlar bekor qilinmagunga qadar saylovlar natijalarini tan olmasligini bildirgandi.

Abdullo Abdullo 2009 yilgi saylovlarda ham qatnashib, hozirda qudratni topshirayotgan Homid Karzayga asosiy raqib bo‘lgandi.

2001-2006 yillarda Tashqi Ishlar vaziri vazifasini bajargan Abdullo Abdullo 2009 yildan beri muxolifat rahbarlaridan biridir.

Uning etnik kelib chiqishi aralash, tojik-pashtundir.

Lekin tojiklar yetakchi rolni o‘ynagan Shimoliy Ittifoqda muhim rol o‘ynagani uchun asosan tojiklar vakili sifatida ham ko‘riladi.

Ashraf G‘ani Ahmadzay Homid Karzay hukumatida 2004-2006 yillarda Moliya vaziri lavozimini egallagan.

Shuningdek, u Jahon Bankida ham ishlagan bo‘lib, zamonaviy "texnokrat" siyosatchi sifatida ko‘riladi.

Ikkinchi davra saylovlarning dastlabki natijalarini e‘lon qilar ekan, Mustaqil Saylov Komissiyasi raisi Ahmad Yusuf Nuristoni hali hamma ovozlar sanab chiqilmagani va shuning uchun nihoiy natija o‘zgacha bo‘lishi mumkinligi ehtimoli haqida ham aytdi.

Saylovlar natijlarining e‘lon qilinishi qator qallobliklar haqidagi shikotyalar tufayli bir necha bor kechiktirilgandi.

Janob Nuristoni saylovlar jarayonida muammolar bo‘lganligini tan olib, ba‘zi kuzatuvchilar "holis bo‘lmaganliklarini" aytgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002