Olma-ota 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlariga rasman da‘vogar

Image copyright Almaty2022.org

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi, IOC ning ma‘lum qilishicha, Qozog‘istonning Olma-ota shahri Oslo va Pekin bilan bir qatorda 2022 yilgi qishki Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish uchun rasman nomzod shaharlar qatoriga kiritildi.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi prezidenti Tomas Baxning matbuot anjumanida bildirishicha, "Ijroiya qo‘mitasi Oslo, Pekin va Olma-otani 2022 yilgi Qishki Olimpiya o‘yinlari uchun rasman nomzod shaharlar sifatida tanlab oldi".

Stokgolm, Krakov va Lvov shaharlari ham dastlab Qishki o‘yinlarni o‘tkazish uchun ariza bergandilar, lekin keyinchalik arizalarini qaytarib olganlar.

Olimpiya Qo‘mitasi bayonotida aytilishicha hozirda rasman ro‘yxatga kiritilgan shaharlar o‘zlarining betakror shart-sharoitlaridan kelib chiqib, O‘yinlarni o‘tkazish uchun o‘ziga xos rejani taqdim etishlari talab qilingandi.

Bayonotda qayd etilishicha, Olma-ota O‘yinlarni o‘tkazish bilan shaharni Markaziy Osiyoning sport, turizm va anjumanlar markaziga aylantirish rejasini taqdim etgan.

"Ijroiya Qo‘mitasi har shahar tomonidan taqdim etilgan O‘yinlardan keyin meros qoluvchi qadriyatlar g‘oyasini xushnudlik bilan qabul qilgan va ularning Olimpiya o‘yinlarini o‘tkazish intilishlarini qo‘llab-quvvatlashda davom etadi", dedi IOC Prezidenti.

IOC shuningdek, O‘yinlarni o‘tkazuvchi kelgusi manzil ajratilgan mablag‘ doirasida qola bilishi, yoki Sochidagi Olimpiya o‘yinlarida bo‘lganidek hatto moliyaviy foyda keltirishiga umid bildirgan.

Endilikda nomzod shaharlar 2015 yil yanvar oyiga qadar Olimpiya O‘yinlarini o‘tkazishning mufassal loyihasini taqdim etishlari kerak bo‘ladi.

IOC ga ko‘ra, har bir Olimpiya O‘yinlarini o‘tkazish uchun moliyaviy ko‘mak beradi, lekin Milliy Olimpiya Qo‘mitalari mablag‘ning aksar qismini shaxsiy manbalardan oladilar.

Masalan, Sochidagi Qishki Olimpiya O‘yinlarini o‘tkazish uchun Qo‘mita hammasi bo‘lib 750 million amerika dollarida mablag‘ ajratgan.

Sochidagi O‘yinlar uchun mas‘ul "Olimpstroy"ning ma‘lum qilishicha, Qishki Olimpiya O‘yinlarini o‘tkazish uchun hammasi bo‘lib 45 milliard amerika dollariga teng mablag‘ sarflangan va bu Olimpiya O‘yinlari tarixidagi eng "qimmatga tushgan" o‘yin sifatida ko‘rilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002