Eduard Shevardnadze vafot etdi

Gurjistonning sobiq prezidenti va sobiq Sho‘ro davlati tashqi ishlar vaziri Eduard Shevardnadze olamdan o‘tdi.

Bu haqda uning shaxsiy yordamchisi dushanba kuni ma‘lum qildi.

Marina Davitashvilining Reyter axborot agentligiga aytishicha, janob Shevardnadze uzoq davom etgan xastalikdan vafot etgan.

U sobiq siyosatchining o‘limi yuzasidan boshqa tafsilotlarni bermagan.

Eduard Shevardnadze 86 yoshda edi.

U 1985 yil sobiq Sovet Ittifoqi tashqi ishlar vaziri etib tayinlangandi.

1992 yil esa, Shevardnadze mustaqil Gurjiston respublikasi rahbari sifatida qudratga keladi.

U davlatni beqarorlik va ichki urushlar payti boshqargan, biroq 2003 yil "Atirgul inqilobi" bilan hokimiyatdan ag‘darilgandi.

Image copyright none
Image caption Oshkoralik targ‘ibotchisi

Eduard Shevardnadzening siyosiy hayot yo‘liga nazar

Eduard Shevardnadze 86 yoshida vafot etdi. Shevardnadze 1985 yil Mixail Gorbachev tomonidan SSSR tashqi ishlar vaziri etib tayinlanmagunga qadar tashqi dunyoga mutlaqo notanish siyosatchi edi.

Tashqi ishlar vaziri sifatida tajribasizligiga qaramay, u islohotlarni amalga oshirish istagida sobit arbob o‘laroq nom qozondi.

U yadroviy urush xavfini sezilarli darajada kamaytirgan qurolsizlanish bo‘yicha kelishuvlarda yetakchilik qiladi.

Keyin o‘z vatani Gurjiston rahbari etib tayinlanarkan, korruptsiyaga bog‘liq ayblovlar bilan qudratdan ag‘darilgandi.

Eduard Shevardnadze 1928 yil 25 yanvarda Transqofqoz Sovet Federativ Sotsialistik Respublikasining Lanchxuti shahrida tavallud topgandi.

Korruptsiyaga qarshi kurashchi

Sobiq Sovet Ittifoqining mazkur hududi Armaniston, Ozarbayjon va Gurjistonni o‘z ichiga olgandi.

Eduard Shevardnadzening otasi o‘qituvchi, shu bilan birga sadoqatli kommunist edi.

Ammo, onasi bu g‘oyani dastaklamagan. U o‘z eri, keyinroq o‘g‘lini siyosiy faoliyatdan voz kechishga undagan.

Eduard Shevardnadze 1946 yil Kommunistik Partiyaning yoshlar harakatiga qo‘shiladi. U xizmat pillapoyalaridan tez ko‘tariladi va 1972 yil Gurjiston partiyasi rahbariga aylanadi.

1970 yillar u byurokratiyaga qarshi kurash olib boradi va nisbatan erkin bozor islohotlarini joriy etadi.

Shevardnadze, ayniqsa, Kommunistik Partiya ichidagi korruptsiyaga qarshi turadi. U yuzlab rasmiylarning qimmatbaho mashinalari, villarini tortib oladi va yana ko‘plarini ishdan quvadi.

Eduard Shevardnadzening islohotlari haqiqatdan ham misli ko‘rilmagan edi. Ba‘zilarga ko‘ra, "glasnost" - oshkoralik 1980 yillar Gorbachev tarafidan emas, balki 1970 yillar Shevardnadze tomonidan joriy etilgandi.

Sovuq urush nihoyasida 1985-1990 yillarda janob Shevardnadze Sovet Ittifoqi tashqi ishlar vazirligini boshqargan va SSSR tashqi siyosatidagi tub o‘zgarishlarga ichkaridan turtki bo‘lgandi.

Image copyright none
Image caption Mixail Gorbachev bilan...

Kutilmagan iste‘fo

Tashqi ishlar masalalarda tajribasiz Shevardnadze Sovetlarning yangi "glasnost i perestroyka" - oshkoralik va qayta qurish siyosati elchisiga aylanadi.

U qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha o‘ta ahamiyatli kelishuvlar bo‘yicha muzokaralar olib boradi. Ulardan biri yadroviy qurolsizlanish bo‘yicha shartnoma edi.

U Sho‘ro qo‘shinlarini Afg‘onistondagi qonli urushdan olib chiqqandi. Sovet harbiy hozirligini yakuniga yetkazish bilan "Temir Parda" ortidagi mamlakatlar - Sharqiy va Markaziy Ovro‘po davlarining mustaqilligiga yo‘l ochgandi.

2010 yilgi intervyusida: "Bilasizmi, ... o‘shanda biz dunyoni tom ma‘noda o‘zgartirgandik... va bunda asosiy olqishlar Gorbachevda ketdi", degan edi.

Moskvaning G‘arb bilan yangi iliq munosabatlari tarafdori va AQSh Davlat kotibi Jeyms Bekerning do‘sti Eduard Shevardnadze o‘z liberal qarashlari bilan mamlakat ichkarisidagi qattiqqo‘l siyosatchilar orasidan dushmanlar orttirgandi.

1990 yil dekabrida u kutilmaganda iste‘fo bergan, bu hatto, Prezident Gorbachevni ham hayratda qoldirgandi.

Sho‘ro rahbari an‘anador unsurlarga o‘rin berayotganidan hushyor tortgan Shevardnadze SSSRga diktatorlik soya solayotgani borasida ogohlantirgandi.

Sakkiz oy o‘tib, 1991 yil avgustida tanklar Moskva ko‘chalariga o‘rmalab kirarkan, janob Shevardnadzening bashorati to‘g‘ri chiqqanga o‘xshardi.

Qusurlar...

U fitnachilarga qarshilik ko‘rsatish uchun Boris Yeltsinning barrikadalar qurish taklifini qo‘llab-quvvatlaydi.

Xunta bir necha kun ichida mag‘lubiyat bilan yakun topadi. Shevardnadze yana bir oy, endi tarqalib ketayotgan Sovet Ittifoqiga tashqi ishlar vaziri bo‘ladi.

Uning ona vatani Gurjiston ham Sho‘ro davlati tarkibidan ajralib chiqayotgan va guruhlar orasida zo‘ravonliklar boshlanayotgandi. Shiddatli tus olgan ichki urush mamlakatda oziq-ovqat va yoqilg‘i taqchilligini keltirib chiqargandi.

Shevardnadze 1992 martida, Gurjiston prezidenti qochib qolgach, poytaxt Tbilisiga qaytadi.

Rahbarlik uchun saylovlarda qarshilikka uchramaydi, ammo keyin u hatto o‘z parlamentida tartib o‘rnatishga qiynaladi.

Shevardnadze qonli fuqarolar urushini bostirishga muvaffaq bo‘ladi, biroq mamlakat beqarorligicha qoladi.

Image copyright none
Image caption Eduard Shevardnadze 1995 yilgi suiqasd urinishidan omon qolgandi

1995 yil, suiqasd urinishidan omon qolganidan ko‘p o‘tmay, u Gurjiston prezidenti etib saylanadi.

Mamlakat ichkarisidagi bo‘lginchilik muammosidan tashqari janob Shevardnadze Baku neft maydoni yaqinida o‘tgan o‘ta muhim quvur tufayli qo‘shni davlatlar bilan ham siyosiy nizolarga duch keladi.

Biroq, korruptsiya ildiz otgan bir paytda Shevardnadze o‘zini ko‘proq siyosiy islohotlar borasidagi chaqiriqlar qarshisida ojiz ko‘radi.

Nihoyat, 2003 yil Gurjistonning bahsli prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozonishi ortidan vaziyat o‘zgarib ketadi - u ommaviy inqilob bilan qudratdan ag‘dariladi.

Gurjiston parlamentiga bostirib kirgan tanqidchilari Shevardnadzeni o‘zi ishdan olganlar kabi korruptsiyaga botgan va aksildemokratlikda ayblashadi. Uning iste‘fodan boshqa chorasi qolmagandi.

"Mening o‘ylashimcha", - deydi u, - "mening iste‘fom qon to‘kilishini oldini olish uchun yagona yo‘l edi".

Eduard Shevardnadze o‘zining bag‘rikengligi bilan o‘zidan oldingi SSSR tashqi ishlar vaziri Andrey Gromikodan farq qilgan.

Shevardnadze o‘zining xalqaro obro‘si bilan Gurjistonga loyiq rahbar edi. Ayni paytda u yangi siyosiy haqiqatlar bilan ham yuzma-yuz kelishiga ham to‘g‘ri keldi.

Eduard Shevardnadze Sovuq Urush nihoya toptirish, Markaziy Ovro‘poni ozod qilish, Olmoniyani birlashtirish va SSSRni demokratiyalashtirishda ko‘mak berganini da‘vo qila oladi.

Biroq, uni demokratiyaga to‘siq sifatida ag‘darganlar uchun bu qarash o‘zinikidan tubdan farq qiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002