Ruslan Chagayev yana jahon chempioni

  • 7 Июл 2014
Image caption Yana chempion

Professional boksning WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida sobiq jahon chempioni bunga puerto-rikolik raqibi Fres Okendoni yengib, muvaffaq bo‘ldi.

Yakshanba kuni Checheniston poytaxti Grozniydagi "Ahmat Arena"da bo‘lib o‘tgan jang to‘liq 12 raund davom etdi va 115-113, 115-113 va 114-114 hisobi bilan Ruslanning foydasiga hal bo‘ldi.

So‘nggi g‘alabasi ortidan Ruslan Chagayev professional boksda o‘z vazn toifasida ikki karra jahon chempioniga aylandi.

Ruslan 2007 yilda rossiyalik bokschi Nikolay Valuyevni yengib, professional karerasida ilk bor jahon chempionligini qo‘lga kiritgandi.

U so‘nggi bor 2011 yilda jahon chempionligi kamari uchun ringga chiqqan, ammo jangini boshqa bir rossiyalik bokschi Aleksandr Povetkinga boy bergandi.

Asli o‘zbekistonlik nomdor bokschi shundan so‘ng orada o‘tkazgan barcha reyting janglarini g‘alaba bilan yakunlagandi.

Grozniydagi jang

Ruslan Chagayev va Fres Okendolar o‘rtasidagi jang Grozniyda uyushtirilgan hashamatli boks kechasining eng qiyomiga yetgan nuqtasi bo‘ldi.

Ikkovlongacha turli vazn toifalarida Checheniston, Ukraina, Olmoniya, Bosniya va kubalik bokschilar WBC tasnifida International Silver kamari uchun ringga chiqishdi.

Jimjimador naqshlar solingan oppoq rangdagi hashamatli ring "Ahmat Arena" stadionining qoq markazida tiklangan va ko‘plab zamonaviy chiroqlar yordamida kundek yoritilgandi.

Ikki raqib o‘rtasidagi jang esa, mahalliy vaqt bilan tungi 23:00 larga to‘g‘ri kelgandi.

Checheniston Prezidenti Ramzan Qodirov aynan boks kechasining yakuniy janggi arafasida arenadagi 30.000 tomoshabin safiga kelib qo‘shilgan va ularning orasida Evander Xolifild, Marko Xuk, Devid Hey va Sulton Ibragimov kabi nomdor bokschilar ham ko‘zga tashlanardi.

Professional boksning eng og‘ir vazn toifasida jahon chempionligi uchun jangni aynan Ramzan Qodirovning o‘zi ochib berarkan, unda Ruslan Chagayevning g‘alaba qozonishiga ishonchi komilligini aytdi.

Buyog‘i qanday kechdi?

Image caption Chagayevning homiylaridan biri

Ikki raqibni esa, tomoshabinlarga kimsan boks olamining eng mashhur konferanselaridan biri amerikalik Maykl Bafferning o‘zi tanishtirdi.

Tabloda Rossiya bayrog‘i yonib, madhiyasi yangradi.

Maykl Baffer ringda Ruslan Chagayevni o‘zbekistonlik bokschi, deya taqdim etarkan, labida kulgu bilan "chechen xalqining o‘g‘loni", deya tomoshabinlar bilan yengilgina kulishib ham oldi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, 2012 yildan buyon o‘z janglarini erkin agent maqomida o‘tkazib kelayotgan Ruslan Chagayev o‘tgan yildan buyon Chechenistondagi Ahmat Hoji Qodirov nomli boks klubini namoyon etib keladi.

Bu klub chechen rahbarining tashabbusi va qarori bilan o‘tgan yil oxirlarida jahon, Ovro‘po, Rossiya chempionlari doxil dunyo miqyosidagi sportchilarni tayyorlab kelgan "Ramzan" klubi o‘rniga tashkil etilgan va marhum otasining nomi bilan atalgan.

Jangning yakuniy raundlari orasidagi tanaffusda shaxsan chechen prezidentining o‘zi Ruslan o‘tirgan burchakka borib, unga maslahat berayotgani ham televizion kameralar nigohidan chetda qolmadi.

G‘olib e‘lon etilishi ortidan janob Qodirov asli o‘zbekistonlik bokschini dast ko‘tarib, ringni bir aylantirib ham oldi.

Chagayevlar jamlog‘i esa, ringning o‘zida Ramzan Qodirovga o‘zbekcha zarbof to‘n va salla kiydirishdi.

G‘oliblarni Grozniydagi boks kechasining nomdor xorijlik mehmonlari ham ringning o‘ziga chiqib, bag‘irlariga bosgancha qutlashdi.

Checheniston davlat ommaviy-axborot vositalari xabarlariga ko‘ra, Grozniydagi boks kechasi tomoshabinlar uchun tekinga uyushtirilgan va ular uchun iftorlik ham o‘sha yerning o‘zida tashkil qilingan.

Rasmiy xabarlarga ko‘ra, Grozniydagi jang dunyoning 75 davlatiga olib uzatilgan.

Ruslan Chagayev avvalroq BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida keyingi jangida jahon chempionligi kamarini qo‘lga kiritsa, o‘zining sobiq raqibi WBA tasnifida eng og‘ir vazn toifasida superchempion bo‘lgan ukrainalik dongdor bokschi Vladimir Klichko bilan jang o‘tkazishni ko‘zlayotganini aytgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002