Ukraina hukumat kuchlari yana ikki shaharni "qaytarib oldilar"

Image copyright AP

Ukraina hukumatining ma‘lum qilishicha, rossiyaparast bo‘lginchilar qo‘lida bo‘lgan yana ikki shahar ustidan nazoratni o‘rnatishga muvaffaq bo‘lishgan.

Ukraina prezidenti Petr Poroshenko rasmiy websahifasida aytilishicha davlat bayrog‘i Artemovsk va Drujkivka shaharlari uzra hilpiramoqda.

Bir kun avval hukumat kuchlari bo‘lginchilar qarorgohlaridan biri bo‘lmish Slovyansk shahrini qaytarib olganlari aytilgandi.

Ayni vaqtda Donetsk shahrida bo‘lginchilarni qo‘llovchi yirik namoyish bo‘lib o‘tmoqda.

Bo‘lginchi jangarilar Donetsk shahrida kuchlarni qayta to‘plab, qurol-aslahalarni qo‘lga kiritish maqsadida shahar qamoqxonasiga hujum qilganlari xabar berilgan.

Ukraina sharqidagi ko‘plab bo‘lginchilar hozirda Donetskda yig‘ilishmoqda.

BBC muxbirining xabar qilishicha, Artemovsk va Drujkivka shaharlari Slovyanskchalik muhim bo‘lmasa ham ular ustidan hukumat nazoratining o‘rnatilishi harbiy amaliyotlardagi burilish nuqtasini anglatadi.

Lekin bo‘lginchi kuchlar hanuz Donetsk va Lugansk shaharlarini, shuningdek yana qator manzillarni ushlab turibdilar.

Ukraina rasmiylari bu shaharlarni ham qaytarib olishning strategik rejasi borligini aytganlar.

Ayni vaqtda Donetskdagi rossiyaparastlar namoyishida Rossiya bayroqlari ostida Donetsk Xalq Respublikasi , deya e‘lon qilingan hududni qo‘llovchi shiorlar yangragan.

Namoyishchilar shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinning ularga yordamga kelishiga da‘vat qilganlar.

Donetskda bo‘lgan bo‘lgan muxbirlarga ko‘ra, shaharda Slovyanskdan kelgan jangarilarni ko‘rish mumkin.

Donetsk Xalq Respublikasining rahbari, deya o‘zini e‘lon qilgan Pavel Gubarev Donetskdagi namoyishda yig‘ilganlarga qarata mintaqada "haqiqiy partizan urushini boshlash va tajovuzkorlarni qonga botirish" haqida gapirgan.

O‘tgan juma kuni bo‘lginchilar rasman Rossiyadan ko‘mak so‘rashgan, ammo ular kutgan ko‘mak yetib kelmagan.

Rossiyaparast kuchlarga ko‘ra, ularning Donetsk tomon chekinishlari "taktik qadamdir".

Ukraindagi joriy mojaro o‘tgan yili noyabr oyida sobiq prezident Viktor Yanukovich Ovro‘po Ittifoqi bilan hamkorlik bitimiga imzo chekishdan bosh tortganidan so‘ng boshlangandi.

Buning ortidan keng miqyosli norozilik namoyishlari boshlanib oxir-oqibat janob Yanukovichning qudratdan ag‘darilishiga olib keldi.

Bu hodisalar Rossiyaning g‘azabini qo‘zg‘ab, unga javoban Qrim bo‘lgasi anneksiya qilib, o‘z hududiga qo‘shib oldi.

Aprel oyida Ukraina sharqida rossiyaparast bo‘lginchilar Donetsk Xalq Respublikasini e‘lon qildilar.

Ukraina hukumati Rossiyani ushbu amallarni qo‘llashda ayblab kelmoqda. Kreml bu ayblovlarni rad etmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002