Afg‘on saylov inqirozi: Abdullo g‘alaba qozonganini ta‘kidlamoqda

Afg‘oniston prezidentligiga nomzod Abdullo Abdullo oxirgi natijalar raqibi Ashraf G‘anining oldinda borayotganini ko‘rsatsa ham, o‘tgan oyda bo‘lib o‘tgan saylovlarda o‘zining g‘alaba qozonganini uqtirmoqda.

Kobulda saylov natijalaridan norozi Abdullo tarafdorlari namoyishga chiqqanlar.

Kobulda o‘zining tarafdorlariga murojaat qilgan janob Abdullo saylov jarayonida qallobliklar yuz berganini qayta takrorlagan.

Avvalroq, AQSh Bosh kotibi Jon Kerri janob Abdulla "parallel hukumat" tuzishni rejalashtirgani haqidagi xabarlar manzarasida, uni hukumatni bosib olishdan ogohlantirgan.

Xabarlarga qaraganda, Kobul yaqinida bomba portlashidan NATO askarlari doxil 16 kishi halok bo‘lgan.

Shuningdek, Bagramdagi harbiy baza oldidagi kasalxonaga hujum natijasida 10 tinch fuqaro va ikki politsiyachi qurbon etilgan.

Kuzatuvchilar saylov natijalari rasman e‘lon qilinishi boshqa tartibsizliklarni keltirib chiqarishidan tashvish bildirganlar.

BBC muxbiri Xorun Najafizodaning Kobuldan xabar berishicha, janob Abdulla chiqish qilgan joyda g‘azablangan odamlar Homid Karzayning suratlarini yirtib, "Karzayga o‘lim, Abdulloga sharaflar bo‘lsin" deb qichqirishgan.

Image copyright AFP

Ular ikkinchi bosqich saylovlar natijalaridan shokka tushganlar, deydi Abdullo tarafdorlari haqida BBC muxbiri. Ular qallobliklar ortida saylov komissiyasi va Ashraf G‘ani guruhi bilan birga joriy prezident Karzay bor, deb ishonishadi.

Shu tariqa, Abdullo jamlog‘i hamma narsani o‘z qo‘llariga olishga ahd qilganlar. Muxbirimizga ko‘ra, oxirgi 24 soat ichida ularni bir qancha nufuzli shaxslar- viloyat va tuman hokimlari, harbiy rahbarlar dastaklab chiqqanlar. Biroq Afg‘oniston bo‘lingan- G‘ani ham Abdullo ham ko‘p sonli tarafdorlariga ega.

Image caption Kobul yaqinida bomba portlashidan NATO askarlari doxil 16 kishi halok bo‘lgan

Tahlilchilar vaziyatdan xavotir bildirmoqdalar. Ularning ta‘kidlashicha, "parallel hukumat" Afg‘onistonning barqarorligi, iqtisodi, xalqaro hamjamiyat bilan xavfsizlik munosabatlariga ta‘sir qilishi mumkin. Ikki hukumat sharoitida armiya qanday yo‘l tutishi haqida javob berish mushkul.

Janob Abdullo Kobulda o‘zini dastaklab chiqqanlarga aytishicha, "qallob hukumat"ni hech qachon qabul qilmaydi.

"Biz bu saylovlarda hech bir shubhasiz g‘alaba qozondik" degan gaplarini yig‘ilganlar olqishlaganlar.

Dushanba kuni e‘lon qilingan ikkinchi saylov bosqichlarining dastlabki natijalari Ashraf G‘ani 56,44 foiz ovoz bilan oldinda ekanini ko‘rsatdi.

Janob Abdullo birinchi turda to‘liq g‘alaba g‘ozonishi uchun ozgina yetishmagan, 43,56 foiz ovoz to‘plagani aytilgandi.

Ikki nomzod ham saylovlarda ko‘zbo‘yamachiliklar yuz berganini iddao qilganlar. Hozirgi paytda 7000 dan ortiq saylov maskanlarida ovozlar qayta sanab chiqilmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002