Qrim osmoni kimga tegishli?

Image copyright Reuters

Xalqaro Fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) ning BBCga bildirishicha, Qrim uzra aviaxizmat avvalgidek Ukraina tasarrufiga kiradi.

Bundan avvalroq Rossiya ommaviy axborot vositalari Qrim havo va suv hududlaridan foydalanish Rossiya ixtiyoriga o‘tkazilishi ehtimoli haqida xabar tarqatgan.

Rossiyalik mutaxassislar Qrim havo kengliklari ustidan nazorat bilan bog‘liq vaziyatni imkon boricha tezroq hal qilish zarurligini ta‘kidlaydilar.

"Siyosatchilarning bu yerda o‘rni yo‘q. Ular chetda qolishadi, masalani dispetcherlar hal qilishadi. Hozir Qora dengizda NATO va Rossiyaning yirik mashqlari ketmoqda, biroq uning bir qismi "Ukraerorux", bir qismi "Krymaeronavigatsiya"ga tegishli. Uchoqlar qatnamoqda, biroq kelishuv yo‘q, aniq yo‘nalish yo‘q. Inson hayoti bilan o‘ynashmaslik kerak. Parvozlarning xavfsizligi masalasini professionallar hal qilishi kerak", deydi Parvozlar xavfsizligi butunjahon fondi boshqarmasi a‘zosi Valeriy Shelkovnikov.

Qrim uzra parvoz

"IKAOning bu borada tutgan o‘rni o‘zgarmagan va BMTning mavqeini aks ettiradi, ya‘ni - Qrim Muxtor Respublikasi maqomini qabul qilmaydi,- deyiladi Xalqaro fuqarolik aviatsiyasi tashkiloti xabarida.- Ovro‘po aeronavigatsiya rejasiga asosan butun Simferopol havo hududida va ochiq dengiz bo‘ylab xizmat Ukraina tomonidan amalga oshirilishi kerak".

Ukraina aviatsiya xizmati rahbari Denis Antonyukning ta‘kidlashicha, ushbu mavqeni IKAO Bosh kotibi Raymon Benjamen Ovro‘po bo‘limi boshlig‘i Luis Almeyda ham ma‘qullagan.

"Qrim- Ukrainaning bir qismi, Qora Dengiz qonunan Ukrainaniki va shunday bo‘lib qoladi", deydi Antonyuk.

IKAO Qrim havo hududida parvozlar xavfsizligini ta‘minlash borasida tomonlar bilan muzokaralar davom etayotganini bildirgan BBCga.

Parvozlar

Rossiya aviashirkatlari ayni paytda Qrimga borish uchun Ukrainani aylanib o‘tib, Krasnodar o‘lkasi orqali uchmoqda. Transport vazirligiga ko‘ra, yarim orol Rossiya hududi ekani Kiyev tomonidan tan olinmaguncha shunday davom etadi.

Mart oyida Ukraina Qrimdagi barcha aeroportlarni rasman yopiq deb e‘lon qildi. Rasmiy Kiyev Qrim hududida parvozlar aeronavigatsiya xizmatlari bilan Rossiya xalqaro havo huquqlarini buzayapti deb biladi.

Hozir yozgi kurort mavsumi boshlangani bilan Qrimga Rossiya shaharlaridan kunlik reyslar 330gacha yetgan. Shunday bo‘lsada, Qrim hukumati yarim orolga yo‘lovchilar oqimi o‘tgan yilga nisbatan ancha pasayganini tan olgan.

Ovro‘po parvozlar xavfsizligi tashkiloti oldinroq Qrim havo hududi orqali nafaqat yarim orol aeroportlariga parvozni, balki Simperopol va Sevastopoldan boshqariladigan barcha havo yo‘nalishlarini taqiqlab qo‘ydi.

Xavfsizlik

Aprel oyida Havo harakatini tashkillashtirish davlat korporatsiyasi bir tomonlama Qrim havo hududini boshqarish Simferopoldagi "Krymaeronavigatsiya" deb atalayotgan tashkilotga o‘tganini bildirdi.

IKAO xavotirga ko‘ra, Ukraina dispetcherlarida Qrimdagi barcha radiolakatorlarning faoliyati bilan aloqa yo‘q. Tashkilot buni mintaqadagi parvozlar xavfsizligiga jiddiy ta‘sir qilishini aytgan.

"Parvozlar xavfsizligi" agentligi 5 va 10 iyunda Ovronazorat kuzatuvidagi maydonda, xususan Avstriya, Olmoniya, Chexiya va Slovakiyada radiolakatsion xabarlarning qisqa muddatga yo‘qolib qolganiga e‘tibor qaratadi.

Uchoqlarning joylashgan o‘rni, yo‘nalishi, balandligi va tezligi fuqarolik dispetcher xizmatlar radar ekranlaridan yo‘qolgan. Agentlikka qaraganda, NATOning harbiy mashqlarida radioelektron kurash vositalari qo‘llanilgani sabab bo‘lgan.

Mutaxassislar fuqarolik va harbiy aviatsiya o‘rtasida yetarli darajada aloqa yo‘qligini ko‘rsatishini aytib, 2001 yil 4 oktyabrda sodir bo‘lgan halokatni misol keltirishadi.

Xalqaro aviatsiya qo‘mitasi xulosasiga ko‘ra, Tel Avivdan Novosibirskka yo‘nalgan "Sibir" yo‘lovchi uchog‘i Qrimdagi harbiy mashqlar doirasida otilgan Ukrainaning S-200 zenit raketasiga to‘qnashib ketgan.

2011 yil Kiyevdagi sud-ekspertiza ilmiy-tadqiqot instituti xodimlari qayta tekshiruv natijasida, Ukraina raketasi yo‘lovchi uchog‘ini urib yuborishi mumkin emas, degan xulosaga kelganlar.

Ekspertlarga ko‘ra, hozirda Qrim havo hududi kimga tegishli ekaniga tezlikda aniqlik kiritish kutilmagan fojealarning oldini olishda muhimdir.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002