Malakalilar qochishi O‘zbek rasmiylarini xavotirlantiradimi?

Image copyright REUTERS
Image caption 10 balli tizim bo‘yicha O‘zbekiston 6,6 ball olgan

Tashqi siyosat(Foreign Policy) jurnali va Tinchlik Jamg‘armasi(The Fund for Peace) e‘lon qilgan so‘nggi hisobotga ko‘ra, O‘zbekiston yuqori malakali mutaxassislaridan tezlik bilan ayrilayotgan mamlakatlardan biridir.

Insoniy kapital oqib ketishi yoki malakali intellektual va texnik bilimi yuqori ishchilarni yo‘qotish ahvoliga bag‘ishlangan ko‘rsatkichlar "Notavon davlatlar reytingi"da e‘lon qilingan.

Hisobot mualliflari O‘zbekistonning o‘z "aqllaridan mahrum bo‘lish" ko‘rsatkichini 10 balli tizim bo‘yicha 6,6 deb baholaganlar.

Bu sobiq Sho‘ro respublikalari orasida o‘zining oliy ma‘lumotli kadrlaridan ayrilish darajasi eng baland ko‘rsatkichlardan biri bo‘lgan.

Hisobot 2013 yil natijalari asosida tayyorlangan.

Notavon davlatlar reytingi aholi o‘sishi, inson huquqlari, iqtisodiy depsinish, xavfsizlik kuchliligi va notekis turmush sharoitlari kabi jihatlar ham hisobga olingan, unda O‘zbekiston xavfsizlik xavotiri nuqtai nazaridan 48-o‘rinni egallagan.

Hisobot mualliflariga ko‘ra, malakali fuqarolarini yo‘qotish bo‘yicha O‘zbekiston va Moldova MDH davlatlari orasida yetakchilik qilishayapti, ularning ballari 6,6 ni tashkil qilgan.

Image caption Malakali mutaxassislar mamlakatini tark etishi bo‘yicha O‘zbekiston MDH orasida yetakchi

Bu O‘zbekiston va Moldovadan "miyalar tark etishi" ko‘p sonda va ancha vaqtdan buyon davom etayotganini anglatadi.

Qirg‘iziston bilan Tojikiston ko‘rsatkichlari 6,1 ball deb baholangan, bu, vaziyat O‘zbekistonga solishtirganda yaxshiroq, deganidir.

Armaniston 5,7 ball, Gurjiston 5,5, Ukraina 5,4 ball to‘plagan, hisobot tuzuvchilarga ko‘ra, bu ko‘rsatkichlar bu mamlakatlarni malakali mutaxassislar faol tark etayotganlaridan dalolatdir.

Turkmanistonni 5,1 ball deb baholashgan, bu ham mamlakatdan malakali kishilar chiqib ketishi tendentsiyasi kuchayayotganini anglatadi.

Rossiya 4,8 ball, Ozarbayjon 4,7 ball deb baholangan.

Hisobot tuzuvchilariga ko‘ra, ushbu ko‘rsatkichlar professional mutaxassislar bu mamlakatlarni tark etishi soni ortishini ko‘rsatadi.

MDH mamlakatlari orasida eng yaxshi vaziyat Qozog‘iston - 3,8 va Belarusda - 3,7 ball deb topilgan.

Butun dunyoda eng yomon ahvol Haitida deb topilgan, bu mamlakatga 9,1 ball berilgan.

Malakali kadrlari deyarli chiqib ketmayotgan Avstraliya 0,9 ball olgan.

"Malakali dangasalar"

Image caption O‘zbekiston rahbariyati ilm-fanga katta e‘tibor qaratayotganini aytadi

O‘zbekiston rahbariyati yuritgan iqtisodiy siyosat, davlat nazoratidagi sohalarni liberallashtirishni xohlamaslik va bularga qo‘shilgan korruptsiya va poraxo‘rlik yil sayin o‘zbekistonliklarning turmush darajasini pasaytirib keldi.

Yirik-yirik sanoat korxonalari kasodga uchradi - TAPOICh uchoqlarini oxir-oqibat Rossiyaning o‘zida terishga qaror qilindi.

Samolyotsozlik, traktorsozlik yoki ekskvator yasashga ixtisoslashgan oliy malakali mutaxassislar ishsiz qoldilar.

Toshkentdagi "Tashselmash" va TAPOICh zavodlari hududlari tekislab tashlandi.

Sobiq "Zenit" va "Foton" zavodlari janubiy koreyaliklar ixtiyoriga berildi.

Televizor, videomagnitofon va boshqa maishiy texnika jihozlarini O‘zbekistonning o‘zida ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi, biroq bu bizneslardan "o‘z ulushiga ega bo‘lmagan qo‘li uzun to‘ralarning "sa‘y-harakatlari" bilan ishlab chiqarishlar to‘xtatildi.

Image caption "Tashselmash" zavodi tekislanib, o‘rni gulzorga aylantirildi

Davlat amaldorlarining arzon paxta va arzon dondan voz kechishni istamaganlari dehqonchilikda band bo‘lganlarni o‘z qishloqlarini tark etishga majbur qildi.

Oliy ma‘lumotli o‘zbekistonlik o‘qituvchilar bugun bugun Moskva ko‘chalarini supurishga yoxud qurilishda "qora ishlarni" bajarib, oilasiga pul yuborishga majbur bo‘lganlarini aytadilar.

30 millionlik O‘zbekistonning kamida besh millioni Rossiyada, qolgani Qozog‘iston, Janubiy Koreya, Ovro‘po va Amerikaga chiqib ketishga majbur bo‘lgan.

O‘zbekistondagi maoshiga bola-chaqasini olmagan oliy ma‘lumotli vrachlar Yaqin Sharq mamlakatlariga borib ishlashni ixtiyor etganlar.

Hukumat ilm-fanga g‘amxo‘rlik qilayotgani haqidagi balandparvoz gaplarga qaramasdan, 25 yil oldingi Toshkentdagi ulkan ilmiy-tadqiqot institutlarining binolari "huvillab qolgan".

Fizika, kimyo, biologiya va boshqa murakkab fanlardagi ilmiy izlanishlarini o‘zbekistonlik olimlar Qozog‘iston, Rossiya va Ovro‘po ilmiy-tadqiqot markazlarida davom ettirishga qaror qilganlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002