Xitoy prezidenti AQSh-Xitoy qarama-qarshiligi "halokatli bo‘ladi" demoqda

Image copyright REUTERS
Image caption Shi janoblari o‘zaro hurmat tarafdori

Prezident Shi Jinping Xitoy va Qo‘shma Shtatlar o‘rtasidagi qarama-qarshilik "halokatli" bo‘lishini aytarkan, o‘zaro hurmatni qaror toptirishga chaqirgan.

Shi janoblarining izohlari Pekinda kechayotgan Xitoy-AQSh yillik sammiti payti yangragan.

Diplomatlar Xitoy pul birligi, Shimoliy Koreya va Janubiy Xitoy dengizidagi tanglik masalalarini muhokama etishlari kutiladi.

Amerika delegatsiyasiga Davlat kotibi Jon Kerri yetakchilik qilmoqda.

Sammit ochilishida Jon Kerri AQSh Xitoyni "jilovlash" ilinjida emasligini aytgan.

Janob Shi, o‘z navbatida, ikki mamlakat manfaatlari hozir "bir-biriga har qachongidan ham chambarchas bog‘liq" ekaniga urg‘u bergan.

Xitoy rahbari chiqishida hamkorlik ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishi ta‘kidlangan.

"Xitoy-Amerika qarama-qarshiligi ikki mamlakat va dunyo uchun aniq halokat bo‘lgan bo‘lardi", degan Shi Jinping.

May oyi Qo‘shma Shtatlar ma‘muriyati Xitoyning 5 harbiy zobitini Amerika bizneslariga kiber hujumlari uyushtirishda aybladi.

Pekin esa, ayblovlarni qat‘iyan rad qildi va AQSh Xitoyga qarshi kiber hujumlari boshlashda mas‘ulligini aytdi.

"Biz o‘rtada o‘zaro hurmatni saqlashimiz va bir-birimizga teng munosabat qilishimiz kerak. Mamlakatlarimiz suvereniteti, hududiy birligi hamda taraqqiyot yo‘lidagi tanlovlarimiz hurmat qilinishi zarur", deydi Xitoy rahbari.

Ayni paytda janob Kerri Amerika "Xitoyni jilovlash ilinjida emas"ligini aytarkan, Pekinni muayyan masalalarda farqli taraflarni egallagan payt "umumiy strategiya"ga xalaqit qilmaslikka undagan.

Prezident Obama ham o‘z bayonotida Qo‘shma Shtatlar "barqaror, osoyishta va iqtisodiy boy Xitoy"ni xush qarshilashini qayd etgan.

"Mas‘uliyat"

Image copyright AFP
Image caption Janob Kerri Xitoyni "jilovlash" niyatida emas...

Amerika rahbarlari, shuningdek, Xitoyni Osiyoda barqarorlikni saqlashda o‘z zimmasidagi vazifasini ado etishga chaqirishgan.

Kerri janoblari AQSh Xitoyning "mintaqa barqarorligi va taraqqiyotiga qo‘shayotgan hissasi va xalqaro masalalarda javobgarlik rolini zimmasiga olishi"dan mamnuniyat bildirgan.

Muzokaralar Xitoy mintaqadagi qator qo‘shnilari bilan kelishmovchiliklar ustida turgan paytda kuzatilmoqda.

Misol uchun, Vetnam va Filippin bilan munosabatlar Janubiy Xitoy dengizi masalasida tarang bo‘lib turibdi.

Amerika Filippinda qo‘shma harbiy mashqlar o‘tkazish bilan birga u yerdagi harbiy hozirligini ham kuchaytirgan.

Mazkur qadam esa, Xitoyda xavotirlarni paydo qilgan.

So‘nggi mashqlar Janubiy Xitoy dengizining bahsli hududi yaqinida ikki hafta oldin tashkil qilingandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002