Olmoniya AQSh josuslik agentligi rasmiysini chiqarib yubordi

Image copyright AFP
Image caption AQSh elchixonasi Olmoniya parlamentining yonida joylashgan

Olmoniya hukumati o‘z hududidagi AQSh josuslik faoliyatiga javoban, Berlindagi amerikalik Markaziy Josuslik Agentligi (MJA) rasmiysini mamlakatdan chiqarib yuborgan.

Olmon siyosatchilining g‘azabini qo‘zg‘agan mojaroga binoan, mazkur rasmiy AQSh elchixonasidagi "MJA odami" bo‘lgan.

O‘tgan hafta 31 yoshli olmon xavfsizlik rasmiysi ayg‘oqchilikda ayblanib qo‘lga olingandi.

Chorshanba kuni tarqatilgan xabarlarga ko‘ra, bir olmon askari ustidan ham tergov boshlangan.

"Amerika Qo‘shma Shtatlarining Olmoniyadagi elchixonasidagi AQSh josuslik xizmati vakiliga Olmoniyani tark etish buyurildi", - dedi hukumat voizi Shteffen Shaybert.

Olmon parlamentining mazkur masala bilan shug‘ullanayotgan qo‘mitasi raisi AQSh rasmiysining chiqarib yuborilishiga amerikaliklarning olmon siyosatchilari haqida maxfiy ma‘lumot yig‘ishi, hamda buni tergov qilayotgan olmon hukumati bilan hamkorlik qilmagani sabab bo‘lganini aytdi.

AQSh hukumati o‘tgan hafta hibsga olingan olmon josuslik agentligi xodimi AQSh Milliy Xavfsizlik Agentligiga maxfiy hujjatlarni uzatib kelgani borasidagi da‘volarni rad etmadi.

Ammo, AQShga bir olmon askari ham ma‘lumot yetkazib turgani borasidagi oxirgi ma‘lumotlar ancha jiddiyroq qabul qilinmoqda. Hech kim hibsga olinganicha yo‘q, biroq mudofaa vazirligi va boshqa joylarda tintuvlar o‘tkazilgan.

AQSh va Olmoniya bir necha yillardan beri yaqin ittifoqchi bo‘lib keladilar, biroq o‘tgan yili Kantsler Angela Merkelning mobil telefoni amerikalik josuslar tomonidan eshitilgani ayon bo‘lgach, aloqalar sovuqlashdi.

BBC AQShning munosabatini bilish uchun Oq Uy rasmiysiga murojaat qilganida, u sharh berishdan bosh tortdi, lekin Olmoniya bilan munosabatlar ikki tomon uchun ham muhim ekanini aytdi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Your contact details
Disclaimer