Vadim Abramov: "Olmoniya emas, Argentina chempion bo‘ladi"

Image copyright Getty

Toshkentdan taniqli murabbiyning aytishicha, Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionatining finaliga bir-biridan zarracha qolishmaydigan ikki jamoa chiqqan.

Ammo, Vadim Abramovga ko‘ra, shunda ham, Argentina g‘olib chiqadi.

Mezbon Braziliya, Gollandiya, Ispaniya, Frantsiya va Italiya kabi ko‘pchilik chempion bo‘lishini bashorat qilgan milliy terma jamoalar esa, allaqachon jahon chempionati bilan xayrlashishgan.

Kecha chorshanba kuni poyoniga yetgan yarim final bellashuvlari ortidan Olmoniya va Argentinaning 13 iyul kuni yagona kubok uchun kurash olib borishi ma‘lum bo‘ldi.

Shu o‘rinda ta‘kidlash joiz, uch karra jahon chempioni bo‘lgan Olmoniya uchun birinchilikning final uchrashuvlari yot emas.

Agar, terma jamoaning 1982 yildan buyongi natijalariga nazar tashlansa, bu – olmonlarning sakkizinchi bor final uchrashuvida to‘p surishlari bo‘ladi.

Ammo, anchayin tajribali raqiblaridan farqli tarzda, jahon futboli yulduzi Messining Argentinasi 1990 yildan buyon ilk bor bu kabi sharafga noyil bo‘lib turibdi.

Jamoa hisobidagi ikkita kubogidan so‘nggisi afsonaviy futbolchisi Maradona boshchiligida 1986 yilda qo‘lga kiritilgan.

Bo‘lajak raqiblar bundan avval aynan 1986 va 1990 yillarda jahon chempionatining finalida bir-birlariga qarshi to‘p surishgan.

Birinchi uchrashuv Argentina, oradan to‘rt yil o‘tib bo‘lib o‘tgani esa, Olmoniyaning foydasiga hal bo‘lgan.

BBC O‘zbek Xizmati yarim final bellashuvlari ortidan, Vadim Abramov bilan bog‘lanib, eng avvalo bu yilgi finalchilar haqidagi fikrlari bilan qiziqdi:

Vadim Abramov: Bu yilgi jahon chempionatining finaliga aynan Olmoniya va Argentina chiqqani men uchun syurpriz bo‘lgani yo‘q. Men siz bilan qilgan suhbatlarimizning birida Argentina jahon chempioni bo‘ladi, finalga esa, aynan shu ikki milliy terma jamoa chiqadi, degandim. Xuddi shu sababdan ham, shunday bo‘lishini kutgandim. Lekin, gapning to‘g‘risi, yarim final uchrashuvlarida hisob bunday bo‘lishini hech kim kutmagandi. Futbol shunisi bilan ham ajoyib. Ya‘ni, futbolda odam tasavvur qilmagan narsalar yuz beradi.

BBC: Endi, final uchrashuvining o‘ziga kelsak. Bu ikki milliy terma jamoa orasidagi o‘yin, sizningcha, qanchalik qiziqarli bo‘ladi? Va siz nima uchun aynan Argentina g‘olib chiqadi, deb ishonayapsiz?

Vadim Abramov: Menimcha, final uchrashuvi xuddi Argentina va Gollandiya o‘rtasidagi yarim final bellashuviga o‘xshab ketadi. Va unda Argentina g‘alaba qozonadi. Chunki, nazarimda, Argentina avvalboshdan aqlli futbol namoyish etib kelmoqda. To‘g‘ri, bu borada Olmoniya ham bo‘lajak raqiblaridan zarracha qolishmaydi. Hozir olmonlarning falsafasi biroz o‘zgargan. Ispaniyalik nomdor murabbiy Pep Gvardiolaning “Bavariya”ga o‘tishi Olmoniya milliy terma jamoasining o‘yin uslubiga ta‘sir etmay qolmagan. Chunki terma jamoa asosini aynan “Bavariya”da to‘p suruvchi futbolchilar tashkil etishadi. Demoqchimanki, “Barsa”ning o‘ynash usuli ham ular uchun foydadan xoli bo‘lmagan. Menimcha, finalda kuch jihatdan bir-biriga teng ikkita milliy terma jamoa to‘p suradi. Lekin Olmoniyaning Messisi yo‘q. Final uchrashuvida esa, o‘yin taqdirini aynan Messiga o‘xshash o‘yinchilar hal qiladi.

Image copyright AFP

BBC: Nahotki, Olmoniyadek Ovro‘po va dunyoning eng old jamoalaridan biri uchun Messini ihotalab qo‘yish qiyin bo‘lsa Vadim aka?...

Vadim Abramov: Albatta ihotalab qo‘yish mumkin. Lekin buning uchun muayyan bir vaqt ketadi. Ustiga ustak, bundan Olmoniya milliy terma jamoasining taktikasi ham ziyon chekishi mumkin. Boshqa tomondan, butun diqqat-e‘tiborning Messiga qaratilishidan Argentina milliy terma jamoasining boshqa yulduz futbolchilari, jumladan, Iguain va Aguero foydalanib qolishlari, final uchrashuvi taqdirini hal qilishlari mumkin.

BBC: Lekin final uchrashuviga qadar o‘tkazgan o‘yinlarini taqqoslaydigan bo‘lsak, Olmoniya yorqinroq, qiziqarliroq va kuchliroq futbol namoyish etmadimi, Vadim aka?..

Vadim Abramov: To‘g‘ri, biroq final uchrashuvi faqat bitta o‘yindan iborat bo‘ladi. Shuning uchun ham unda hamma narsa yuz berishi mumkin. Deylik, kim mezbon Braziliya Olmoniyadan 1:7 hisobida mag‘lubiyatga uchraydi, deb o‘ylagandi?!. Boshqa tomondan, birinchilik arafasida ko‘pchilik aynan Braziliya chempion bo‘lishini bashorat qilgandi. Jumladan, dunyoning eng nomdor murabbiylaridan biri bo‘lgan Joze Mourino ham. Lekin Olmoniya ularni yakson qilib tashladi. Menimcha, final uchrashuvining natijasi o‘yinning qanday tus olishiga bog‘liq bo‘ladi. Qay bir milliy terma jamoa urishidan qat‘inazar, o‘yinning yo‘nalishini birinchi kiritilgan to‘p hal qiladi. Agar, 1-bo‘limda hisob ochilmasa, ikkinchi taymda jamoalar juda ehtiyot bo‘lib o‘ynashga harakat qilishadi. Bu esa, futbolchilarni cheklab qo‘yadi. Hamma penaltilar seriyasini kutishga tushadi. Argentina esa, o‘tkazgan olti uchrashuvidan to‘rttasida o‘z darvozasidan birorta ham to‘p o‘tkazib yubormagan. Himoyada juda ishonch bilan o‘ynaydi. Jamoa nima istashini juda yaxshi biladi. Menimcha, aynan Argentina bu yilgi jahon chempioni bo‘ladi.

Image copyright Reuters

BBC: Demak, final uchrashuvida ham Argentina milliy terma jamoasiga ishqibozlik qilasiz?

Vadim Abramov: Ha, Argentina milliy terma jamoasiga. Chunki men avvalboshdan aynan xuddi shu jamoa jahon chempioni bo‘ladi, deb aytib kelayapman. Qilgan bashoratim qanchalik to‘g‘ri chiqishini bilish uchun ham, final uchrashuvida Argentinaga ishqibozlik qilaman.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002