Amnesty: Ukrainada odamlar o‘g‘irlanib ketilyapti

Image copyright Reuters

Xalqaro Amnesty International inson huquqlari tashkiloti Ukraina sharqida namoyish qatnashchilari va jurnalistlar o‘g‘irlanib, qiynoqlarga solinayotgani haqida hisobot e‘lon qilgan.

"Ukraina sharqida o‘g‘irlashlar va qiynoqlar" deb nomlangan hisobotda odamlarning o‘g‘irlanganiga doir yuzlab ma‘lumotlar keltirilgan.

"O‘g‘irlab ketishlarning katta qismi qurolli bo‘lginchilar zimmasiga to‘g‘ri keladi. Ularning qurbonlari tez-tez shafqatsiz kaltaklash va haqoratlarga duchor bo‘lishadi", - deydi Amnesti Interneshnlning Ovro‘po va Markaziy Osiyo bo‘yicha direktor o‘rinbosari Denis Krivosheyev.

Uning so‘zlariga qaraganda, huquq faollarida odamlarni Ukraina hukumati tarafdorlari ham o‘g‘irlashlariga oid ma‘lumotlar bor, lekin bunday holatlar ancha kam uchraydi.

Tashkilotning ta‘kidlashicha, ko‘p odamlarning o‘g‘irlanishi siyosiy manfaatni ko‘zlasa-da, ba‘zida pul undirish maqsadida ham amalga oshiriladi.

BMTning Ukrainadagi inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni kuzatuvchi guruhi oxirgi uch oyda 222 marta fuqarolar o‘g‘irlanganini qayd etgan, deb ko‘rsatadi faollardagi ma‘lumotlar.

Ukraina Ichki ishlar vazirligi xabariga binoan, aprel oyidan iyunga qadar qariyb 500 kishi o‘g‘irlangan.

Garov evaziga ozodlik

Amnesty o‘z hisobotida mintaqadagi odamlar ko‘plab kaltaklash va qiynoqlarga duch kelgani faktlarini keltiradi.

Jumladan, Ukraina hukumati tarafdori bo‘lgan 19 yoshli Sasha degan yigitning Luganskda qurolli kishilar tomonidan olib ketilgani haqida gap boradi.

Faollarning yozishlaricha, qurollilar Sashani 24 soat davomida qo‘llariga nima uchrasa o‘sha bilan urganlar.

Kaltaklardan yuzi momataloq bo‘lib ketgan Sashani otasi o‘g‘li uchun 60 ming dollar to‘laganidan so‘ng qo‘yvorishgan.

Image caption Amnesty International saytida kaltaklangan odamlarning suratlari bosilgan

Anna ismli donetsklik faol so‘zlariga qaraganda, uni DXR jangchilari o‘g‘irlashgan va so‘roq qilishgan.

"Ular mening yuzimni urib sindirishdi. Men kaltaklar zarbidan yuzimni qo‘llarim bilan yopib, burchakka tiqilib oldim. O‘zimni himoya qilishga urinishim ularni yanada g‘azabga keltirdi. Biri tashqariga chiqib pichoq olib keldi", deydi Anna.

Anna bo‘ynida, qo‘li va oyoqlarida tig‘dan qolgan izlarni ko‘rsatadi. Uning aytishicha, o‘g‘irlab ketganlar uni o‘z qoni bilan devorga bo‘lginchilik shiorlari yozishga majburlaganlar.

Amnesty shuningdek, 16 yoshli Vladislav Marioupoldagi Ukraina kuchlari aks etgan videoni internetga joylagani uchun o‘g‘irlangani haqida yozadi.

Vladislavning faollarga so‘zlashicha, niqoblik kishilar uni urishgan, tahdid qilishgan va "Ukraina xalqiga murojaat" qilish va millatchilik shiorlari aytib qichqirishga majburlashgan.

Amnesty International hisobotida 100 dan ortiq holatlarni turli qurolli guruhlar amalga oshirib, odamlarni majburan ushlab o‘tirganlari va qiynoqlarga solganlarini ma‘lum qiladi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002