Gulnora Karimovaning o‘g‘li onasi O‘zbekistonni tark etganini rad qildi

Image copyright REN TV
Image caption Kichik Islom Karimov ilk bor Rossiyaning RenTV kanaliga intervyu bergandi

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimovning nevarasi o‘z onasi Gulnora Karimovaning mamlakatdan chiqib ketgani haqidagi xabarlarni inkor etgan.

Kichik Islom Karimovning Rossiyaning "Interfaks" agentligiga bildirishicha, "...turli ommaviy axborot vositalarining onamning O‘zbekistonni tark etgani haqidagi xabarlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi".

"Onam haqida avvalgidek hech narsa ma‘lum emas. Agar u tirik bo‘lsa, men onamni "uy qamog‘i"da ushlab turganlardan uning ahvoli yaxshi ekanligini ko‘rsatish uchun foto yoki videosini e‘lon qilishlarini iltimos qilardim", deb ta‘kidlaydi hozirda Londonda istiqomat qiladigan kichik Islom Karimov.

8 iyulda O‘zbekistondagi "Uzmetronom" web sayti Gulnora Karimova allaqachon mamlakatni tark etgani, o‘zining 42 yoshini eng yaqin odamlari bilan Boltiqbo‘yidagi shaharda nishonlamoqchiligini yozgan edi.

"Uzmetronom" bu ma‘lumot o‘zining ishonchli manbalariga asoslanganidan xabar bergandi.

Gulnora Karimovaning oldinroq bir necha marta Twitter sahifasi orqali o‘zining uy qamog‘ida ekani, yoniga hech kimni qo‘yishmayotgani, o‘zi va qizining ahvoli yaxshi emasligini yozgan va suratini e‘lon qilgan edi.

Undan so‘ng iyun oyida Gulnora Karimovaning o‘g‘li, Londondagi Oksford universiteti talabasi ekani aytilgan kichik Islom Karimov Rossiyaning RenTV kanaliga intervyu berib, o‘zi va onasiga bobosi bilan uchrashishlariga yo‘l berishmayotganini bildirgan, bobosini o‘tgan yil sentyabr oyidan beri ko‘rmaganini aytgan edi.

Uzmetronom va boshqa internet saytlaridagi xabarlar ortidan, go‘yoki Gulnora Karimovaning o‘zi yozgani aytilgan xat "The Russian times" saytida Asqar Qosimov degan blogger tomonidan berildi.

Xatda aytilishicha, Gulnora Karimova yordamga muhtoj va ahvoli abgor.

Unda xat bilan birga ilova qilingan suratlarda Gulnora Karimovaning hanuz O‘zbekistonda, uy qamog‘ida ekani va uyini qo‘riqlayotgan xavfsizlik xodimlari bilan tortishuvi aks etgan.

Biroq suratlarning sifati yomonligi bois, unda aynan kimlar aks etgani yaxshi anglashilmaydi.

Gulnora Karimovaning kundaligidan yozuvlar deb taqdim etilgan xatda u o‘ziga qarshi o‘yinlar davom etayotganini bayon qiladi.

Gulnora Karimovaga bog‘liq oxirgi xabarlarga munosabat bildirgan kuzatuvchilar va internet o‘quvchilar esa O‘zbekistonda prezidentlik saylovlar yaqinlashgani sari bu aynan Karimov tomonidan rejalashtirilgan oxirgi nayranglar bo‘lishi mumkinligini taxmin etishadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002