Vladimir Putin Janubiy Amerika safarini boshlamoqda

Image copyright AFP
Image caption Ukraina bo‘hroni sabab g‘arb sanktsiyalariga uchragan Rossiya o‘ziga yangi ittifoqchilarni qidirmoqda

Aftidan AQSh va G‘arb ta‘siriga qarshi o‘ziga ittifoqchilar izlay boshlagan Rossiya prezidenti Vladimir Putin Lotin Amerikasiga safar qilmoqda.

Uning ilk borajak mamlakati - Kuba do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlash mumkin bo‘lgan davlatlar sirasiga kiradi.

Vladimir Putin safaridan ikki kun oldin Rossiya Kubaga bergan qarzining 90 foizidan voz kechishini ma‘lum qildi.

Janob Putin shuningdek, Argentina va Braziliyaga safar qiladi.

Braziliyada u yakshanba kuni bo‘lib o‘tajak futbol bo‘yicha Jahon Chempionati final matchini to‘rt yil so‘ngra bo‘lajak mezbon mamlakat rahbari sifatida tomosha qiladi.

Ortidan Rossiya prezidenti Braziliyaning Fortazela shahrida BRIKS tashkilotiga a‘zo davlatlar sammitida ishtirok etadi.

Dunyoning eng tez sur‘atlarda rivojlanayotgan olti davlatini o‘z ichiga olgan ushbu tashkilotga Braziliya va Rossiyadan tashqari Hindiston, Xitoy va Janubiy Afrika a‘zodir.

Lotin Amerikasiga safaridan oldin gapirgan Rossiya prezidenti Braziliyaning dunyo siyosiy sahnasida kattaroq rol o‘ynashi kerak bo‘lgan mamlakatlardan biri bo‘lishi kerakligini aytgan.

"Bu qudratli va tez sur‘atlarda o‘sayotgan mamlakat yuzaga yangi dunyo tartibida muhim rol o‘ynashi kerak", - deb aytgan Vladimir Putin.

Vladimir Putinning aytishicha, Rossiya Braziliyaning BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a‘zosi bo‘lish sari intilishlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Tahlilchilarga ko‘ra, Rossiya va G‘arb aloqalari Sovuq Urushdan buyon eng past darajaga tushgan bir pallada janob Putin Lotin Amerikasi mamlakatlarini g‘arb ustunligiga qarshi chiqishlarida dastaklashni istaydi.

Bekor qilingan qarz

Kubada janob Putin prezident Raul Kastro va uning akasi, Fidel Kastro, bilan uchrashadi.

Ular ikki davlat o‘rtasida o‘tgan yil imzolangan bitim ijrosi qay darajada ekanini muhokama etishlari kutilmoqda.

Mazkur bitimga muvofiq, Rossiya Kubaga Sovet davrida berilgan qarzning 90 foizidan voz kechgan va qolgan 10% qarz mamlakatdagi yangi qo‘shma loyihalarga yo‘naltirilishi lozim edi.

Shartnoma Rossiya parlamenti yuqori palatasi tomonidan chorshanba kuni ratifikatsiya qilingan.

1991 yilda Sovet Ittifoqi parchalanishi ortidan susaygan Kuba va Rossiya munosabatlari oxirgi yillarda yana qaytadan jonlandi.

O‘tgan yildan boshlab Rossiya Kuba sohillarida topilgan neft konini qayta ishlay boshladi.

Janob Putinning aytishicha, Rossiyadagi yirik shirkatlar Kubada plastik mahsulotlar, mashina ehtiyot qismlari va temir yo‘l sanoatiga sarmoya kiritishga qiziqmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002

Agar matnda imlo xatosi bo‘lsa, bizga bildiring.