Jizzaxlik huquq faoli Aliqul Sarimsoqov ruhiy kasalxonadami?

Uch haftadan buyon jizzaxlik inson haqlari faoli Aliqul Sarimsoqovning qayerdaligi noma‘lum qolmoqda.

Sarimsoqovni mahkamalarda jamoatchi himoyachi sifatida himoya qilgan toshkentlik faol Shuhrat Rustamovning aytishicha, fuqarolarning huquqlarini poymol qilayotgan jizzaxlik amaldorlar Aliqul Sarimsoqovni noqonuniy va yashirincha holda ruhiy shifoxonaga yotqizganlar.

Shuhrat Rustamov jizzaxlik faolning qayerdaligini aniqlab berish talabi bilan Jizzax viloyati mas‘ullari, Toshkentda davlat idoralariga murojaat qilgan.

BBC undan Aliqul Sarimsoqovning ahvoli haqida nimalarni aniqlay olgani haqida so‘radi.

Shuhrat Rustamovga ko‘ra, Aliqul Sarimsoqov saqlanayotgani gumon qilinayotgan Jizzaxdagi ruhiy kasallar shifoxonasiga borgani, biroq navbatchilar ish vaqti tugaganini bahona qilib uni ichkariga kiritishmagan. Shuningdek, Sarimsoqovning o‘sha kasalxonada ekani yo yo‘qligini bilmasliklarini aytishgan.

Rustamov, faol va fermer Sarimsoqovning konstitutsiyada belgilangan huquqlari buzilgan, deb hisoblaydi.

"Odamni majburiy tartibda ruhiy shifoxonaga yotqizish uchun oila a‘zolari roziligi va mahkama qarori ko‘rsatilishi kerak. Lekin Sarimsoqov bilan bu tartiblarning barchasi buzilgan", deydi Shuhrat Rustamov.

Shuhrat Rustamov huquq faoliga tazyiq o‘tkazish uchun uni ruhiy kasalxonaga yotqizganlarini aytadi.

Sarimsoqov shu yilning 12 mayida O‘zbekiston Bosh vaziri Shavkat Mirziyoyevni "o‘z lavozimiga noloyiq"likda ayblab mahkamaga bergan.

O‘zbekistonda oddiy fuqaroning bosh vazir ustidan shikoyat qilishi butunlay favqulodda holat sanaladi.

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002