O‘zbekistonda Ravshan Ermatovni Twitter trendiga olib chiqishmoqchi

Image copyright AFP

So‘nggi xabar Braziliyada bo‘lib o‘tayotgan futbol bo‘yicha jahon chempionati final uchrashuviga Ravshan Ermatov hakamlik qilishi ehtimoli katta, degan bashoratlar manzarasida o‘rtaga chiqmoqda.

Olmoniya va Argentina o‘rtasidagi final uchrashuvining o‘zi esa, shu yakshanba - 13 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.

Bunday tashabbus bilan chiqqan O‘zbekiston estrada yulduzlarining Ravshan Ermatov surati va #IrmatovBest heshtegi tushirilgan lavhani ko‘tarib tushgan suratlari allaqachon Twitter’da paydo bo‘lgan.

Ularning orasida Tohir Sodiqov, Ravshan Komilov, Lola Yo‘ldosheva, Ziyoda, Ulug‘bek Rahmatullayev, Sardor Rahimxon, Alisher Fayz kabi ko‘plab O‘zbek shou biznesi vakillarini ko‘rish mumkin.

Image caption O‘zbekiston estradasi yulduzi Tohir Sodiqov

BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida o‘z tashabbuslari sababini ochiqlarkan, jumladan, o‘zbekistonlik taniqli xonanda Tohir Sodiqov, "Braziliyadagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida vatandoshimiz hakamlik qilayotganidan g‘ururlanib, bu narsaga qaror qildik", - deydi.

"Men hech ikkilanmay, bu ishga roziligimni berdim. Chunki bu narsa kerak. Mana, agar, qarasangiz, braziliyalik qanaqadir hujumchilarning twitlari milliondan oshib ketgan. Endi, bizlarniki ham bo‘lsa, nima qipti?", - deydi suhbatdoshimiz.

Tohir Sodiqovning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, bir guruh estrada xonandalari bilan birga jahon chempionatini tomosha qilib turib, bu fikr xayollariga kelgan.

"Bunaqa tashabbus hammamizdan chiqdi. Gaplashib o‘tirganda, barchamiz birga shu narsaga qaror qildik. Agar, ahamiyat bergan bo‘lsangiz, bizlar suratga tushgan futbolkalarda ham "Men o‘zbekligimdan g‘ururlanaman", degan chiroyli so‘zlar yozilgan. Nima deydi, bu - shunchaki vatandoshimizni qo‘llab-quvvatlash".

"Bu tashabbusga hamma ochiq yurak bilan yondashdi. Chunki o‘zbekistonlik hakam. Jahon chempionatidagi uchrashuvlarni chiroyli bir tarzda olib borayapti. Qolaversa, Ravshan Ermatov jahonda FIFA tasnifidagi eng yaxshi hakamlardan bittasi. O‘zbekistonda esa, u yulduz. Ko‘chada yurgan kimdan so‘ramang, hamma biladi", - deydi o‘zbekistonlik estrada yulduzi.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Ravshan Ermatovning ham aynan Uzbek Apparel libos brendi tomonidan tayyorlangan va "Proud to be Uzbek" yozuvi aks etgan futbolkada tushgan surati turli internet nashrlarida ommalashganiga ancha bo‘lgan.

Bir guruh estrada yulduzlarining ushbu tashabbusi o‘zbekistonlik ko‘plab internet foydalanuvchilarini ham befarq qoldirmagan.

Twitter’da #IrmatovBest heshtegi ostida qilinayotgan twitlarning soni ortib borarkan, ularning birida, "Erta-indin xammamiz o‘qiydigan eng yaxshi xabar bu – Ravshan Ermatov JCh finalini boshqaradigan bo‘ldi, degan xabar bo‘lsin", - deb yozilgan bo‘lsa, boshqasida, "Hozirgi yosh bolalardan "Katta bo‘lsang kim bo‘lasan?"- deb so‘rashsa "futbolist" emas "Ravshan Ermatov bo‘laman" deydi", - degan fikr qoldirilgan.

Ushbu xabar O‘zbekistondagi turli internet nashrlarida paydo bo‘larkan, o‘quvchilarning bunga munosabatlari turlicha bo‘layotganiga guvoh bo‘lish mumkin.

Ulardan biri, "Mayli-da", - degan fikrda bo‘lsa, boshqasi "Menimcha, unga (Ravshan Ermatovga) buning keragi yo‘q. Aks ta‘sir etmasa bo‘ldi", - deya xavotir bildirgan.

Image copyright Reuters

Ayni shu xabarlarga tayanilsa, O‘zbekiston estradasi vakillari va ijtimoiy tarmoqlarning boshqa foydalanuvchilari Ravshan Ermatovga bag‘ishlangan #IrmatovBest ("Ermatov – eng zo‘r") heshtegini trendlar qatoriga 11 iyul, juma kuni 16:00da olib chiqishni rejalashtirishmoqda.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, bu yilgi jahon chempionati o‘zbekistonlik nomdor hakam uchun allaqachon rekordlisi bo‘lib ulgurgan.

Ravshan Ermatov o‘zi ketma-ket butun sobiq Sho‘rolar Ittifoqini namoyon etgan ikki birinchilikda ja‘mi 9 ta o‘yinni boshqarib, yangi jahon rekordini o‘rnatgan.

Agar, unga bu yilgi jahon chempionatining final uchrashuvi ishonib topshirilsa, Ermatov o‘zi o‘rnatgan rekordni kelasi jahon chempionatiga qolmayoq, yana bir bor yangilashga muvaffaq bo‘ladi.

FIFA Ravshan Ermatovni birinchilikning yakuniy uchrashuvlarida ishlashi mumkin bo‘lgan 15 ta hakam sirasiga kiritgan.

So‘nggi xabarlarda mezbon Braziliya va Gollandiya o‘rtasidagi bronza medali uchun bo‘ladigan o‘yinga jazoirlik hakam Jamol Haymudiyning tayinlangani aytilarkan, ro‘yxatda qolgan 13 hakamdan birida final uchrashuvini boshqarish imkoniyati qoladi.

Image copyright Getty

Finalga Ovro‘po(Olmoniya) va Lotin Amerikasi(Argentina) vakillari chiqqan emasmi, bu – unga osiyolik hakam tayinlanishi ehtimolini kuchaytiradi.

Hozir esa, bukmekerlik idoralari Ravshan Ermatovning imkoniyatlarini qolgan hakamlarnikidan yuqori baholashmoqda.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Janubiy Afrikada bo‘lib o‘tgan so‘nggi jahon chempionatining ochilish uchrashuvini boshqargan o‘zbekistonlik nomdor hakamga, hozircha, birinchilikning final uchrashuvida ishlash nasib etmagan.

Ammo, shuni alohida ta‘kidlash kerakki, Ravshan Ermatov ilk bor hakam etib tayinlanganiga qaramay, Janubiy Afrikada bir birinchilikning o‘zida yarim finali doxil besh bellashuvni boshqarib, nomi xalqaro rekordchilar ro‘yxatiga ham kirgan.

Braziliyada Ravshan Ermatovga o‘zbekistonlik Abduhamidullo Rasulov va qirg‘izistonlik Bahodir Qo‘chqorovlar yordamchilik qilishmoqda.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002