G‘azoni minglab odamlar tark etmoqda

Image copyright AP

Yetti kundirki, G‘azo bo‘lgasiga Isroil havo hujumlari davom etmoqda.

Isroil G‘azoga yangi havo hujumlardan ogohlantirar ekan, minglab falastinliklar bo‘lganing shimoliy tumanlarini tashlab chiqanlar.

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, shu paytgacha qariyb 17 ming falastinlik uylarini tark etib, maktablarda yashirinishga majbur bo‘lmoqda.

Falastin rasmiylari aytishicha, o‘tgan seshanbadan buyon halok bo‘lganlar soni 172 taga yetgan, 1260 kishi yaralangan. Ayni paytda Isroil tomondan bir necha kishi jarohatlangan, lekin birorta ham qurbon berilmagan.

BMT hisobicha, G‘azoda halok bo‘lganlarning 77 foizi tinch fuqarolardir. Biroq Isroil mudofaa vazirligi bu raqamlar Hamas manbaalariga asoslanganini aytib, ularni ishonchsiz deb ataydi.

Isroil o‘z nishonlari Hamas bazalari va jangarilar rahbarlari uylariga qaratilganini iddao qilmoqda.

Image copyright AP

G‘azoda ko‘plab turar-joy binolari vayron etilgan.

Isroil harbiylari falastinlik jangarilar raketa otishni to‘xtatmasa, G‘azoni o‘qqa tutishda davom etishini ta‘kidlayotir.

Yakshanbaga o‘tar kechasi Isroil havo kuchlari Hamasning shtab-kvartirasi va politsiya bo‘linmalarni nishonga olgan. Bu Isroilning Hamasga qarshi amaliyotlari boshlangan 8 iyuldan buyon eng davomli hujumi hisoblanadi.

Image copyright Reuters

Isroil harbiylari Beyt Laxiya shahri ustida yangi hujumlar oldi varaqalar sochgan. "Biz tinch fuqarolarga zarar yetkazishni xohlamaymiz. Lekin Hamas binolari yaqinida qolish o‘ta xatarli ekanini aytamiz", deydi Isroil mudofaa vazirligi vakili.

Ikki fuqaroligi bo‘lgan 800 ga yaqin falastinlik Isroil orqali G‘azodan chiqqanlar.

Boshqa bir falastinlikka qaraganda, "uylarini tark etish hozir juda xatarli. G‘azoda hamma yoqda yong‘in, portlash, ko‘chalarda yurish umuman xavfsiz emas".

Falastin muxtoriyatining Britaniyadagi elchisi Munuel Husaynning BBCga aytishicha, fuqarolar uchun uylaridan boshqa yashirinadigan birorta ham joy yo‘q. Ular uylarini tark etsalar, ko‘chaning o‘zida halok bo‘lishlari mumkin.

Isroilning tutayotgan amalini oqlagan Bosh vazir Benyamin Natanyaxu AQSh telekanaliga bergan intervyusida "Tinch fuqarolarning o‘limi uchun kechirim so‘raymiz. Lekin Hamas tinch fuqarolarning halok bo‘lishiga sabab bo‘lmoqda", dedi.

Isroil G‘azodagi 1320 terror ob‘ektlari yakson qilinganini aytgan. Hamas Isroilga 800 dan ortiq raketa uchirgan.

Xabarlarga ko‘ra, minglab Isroil kuchlari G‘azo chegarasida quruqlikdagi amaliyotlarga shay bo‘lib turishibdi.

Image copyright AP

Bundan tashqari Isroil G‘azoning raketa hujumlari amalga oshirilgan tumanlariga quruqlikdagi qisqa amaliyotini o‘tkazib qaytgan, besh Isroil askari yengil yaralangan. Bu Isroil harbiylarining inqiroz boshlanganidan beri G‘azo hududiga ilk bor o‘tishidir.

Hamas so‘zchisi bu reydni "jirkanch yovuzlik" deb atadi va Isroil o‘z qilmishlari, begunoh falastinliklarning to‘kilgan qonlari uchun albatta javob berishini ta‘kidladi.

Isroil bu raqamlar ishonchli emasligini iddao qilmoqda.

Unga ko‘ra, hujumlar natijasida Hamasning o‘nlab jangarilari o‘ldirilgan.

Image copyright Reuters

Yakshanbaga o‘tar kechasi Hamas ham Isroilga raketa otishda davom etdi.

BMT Xavfsizlik Kengashi shanba kechqurun tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatib, muzokaralarni boshlashga chaqirgan. Bu Isroil-Falastin mojarosi boshlanganidan beri tashkilotning birinchi murojaati bo‘ldi. Shu paytga qadar Kengash a‘zolari yuz berayotgan voqealar haqida aniq bir mavqelarini bildirmagan edilar.

G‘arb davlatlari Hamasni raketa hujumlarida qoraladi va Isroilga bosiqlik ko‘rsatish, tinch fuqarolar o‘limidan ehtiyot bo‘lishga chaqirdi.

Olmoniya Isroil va Falastin tomoni bilan muzokaralar o‘tkazish uchun o‘z vakilini yuborishini aytdi.

Oxirgi ma‘lumotlar:

BMT ma‘lumotlariga ko‘ra, G‘azoning shimoliy qismidan 17 mingdan ortiq falastinlik qochib chiqqan.

Dushanba kuni ertalab Isroil Hamasga tegishli uch manzilni nishonga olgan.

Isroil Ashdod shahri ustida Hamas dronini urib tushirganini aytgan.

Isroilga qarshi Livandan turib havo hujumi amalga oshirilgan.

Arab Ligasi a‘zolari Qohirada inqirozni muhokama qilish uchun yig‘ilmoqchilar.

Isroil-falastin inqirozi iyun oyida uch yahudiy o‘smirni o‘g‘irlanishi ortidan qayta boshlangan.

Uning orqasidan falastinlik o‘smirning o‘limi vaziyatni olovlantirib yuborgan.

2012 yil noyabrda ham Isroil G‘azoga hujumlar qilgan, sakkiz kunlik hujum oqibatida 1000 dan ortiq falastinlik qurbon bo‘lgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002