O‘zbek hukumati: shakar narxi 3200 dan oshmasin!

Bir oy deganda O‘zbekistonning antimonopol qo‘mitasi shakar bozorida yuzaga kelgan shov-shuvning tagiga yetdi.

Avval-boshidayoq shakar taqchilligiga yo‘l qo‘ymaslik asosiy vazifasi hisoblanadigan Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi deb ataladigan tashkilot e‘lon qilishicha, O‘zbekistonda shakar savdosi bilan bog‘liq sun‘iy taqchillik kelib chiqishiga oddiy chayqovchilik, olibsotarlik sabab bo‘lgan.

Ushbu bayonotning o‘zi O‘zbekistonda bozor iqtisodiyoti shu kungacha ham joriy etilmaganini isbotlaydi, aksilmonopol qo‘mitadan naf bor-yo‘qligini shubha ostiga oladi.

Chunki bu qo‘mitadan so‘raladigan asosiy savollardan biri Asaka zavodida chiqarilgan avtomobillarning narxini nega 18 yildan buyon tartibga sola olmayotgani yoki nega O‘zbekistonda chiqqan mashina narxi Rossiya yoki Qozog‘istondagidan qimmat ekani bilan bog‘liq.

Shuningdek, davlat g‘aznasidan ajratiladigan valyutaga Ukrainadan shakar olib kelib monopolistga aylanish huquqi kimlarga berilgandi va bugun kimda, degan savol ham raqobatga qarshi kurash qo‘mitasiga beriladigan ko‘plab sonli savollardan bittasidir.

Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi e‘lon qilishicha, "shakar mahsulotini "sun‘iy taqchilligini” kelib chiqishiga asosiy sabab bu oddiy olib-sotarlik, shu jumladan ushbu mahsulot bozorida faoliyat ko‘rsatayotgan ulgurji vositachilar hamda chakana savdo do‘konlari o‘rtasida o‘zaro til biriktirish, kelishib harakat qilish holatlari ham ehtimoldan holi emasligidir".

"Yuzaga kelgan bu vaziyatdan ba‘zi noinsof iste‘molchilar chayqovchilik maqsadlarida foydalanmoqdalar, ya‘ni ular yirik savdo do‘konlaridan ko‘p miqdorlarda shakar mahsulotni sotib olib, so‘ngra uni yuqori baholarda qayta sotmoqdalar. Davlat raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan tahlil ishlarini ko‘rsatishicha, bugungi kunda mamlakatimizda shakar mahsuloti taqchilligini keltirib chiqaradigan xech qanday ob‘ektiv va sub‘ektiv sabablar va omillar yo‘q", deyiladi qo‘mita bayonotida.

"Shakar mahsuloti bozorida barqarorlikni ta‘minlash, yuzaga kelgan vaziyatni yumshatish va iste‘molchilar o‘rtasida shov-shuvlarga barham berish maqsadida, hukumat tomonidan chakana savdo do‘konlarida sotilayotgan shakar mahsulotining maksimal narxi 1 kg uchun 3200 so‘mdan oshmasligi belgilab qo‘yildi", deb ma‘lum qilgan davlat qo‘mitasi.

O‘zbekiston aksilraqobat qo‘mitasi ma‘lum qilishicha, 2014 yilning uchinchi choragi, ya‘ni sentyabrgacha Angrenda yiliga 300 tonna shakar ishlab chiqaradigan zavodni ishga tushirish rejalangan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002