Isroil G‘azo bo‘yicha yarashuv taklifini qabul qildi

Image copyright Reuters
Image caption G‘azo hujumlarida halok bo‘lganlarning 75 foizi oddiy odamlardir

Isroil G‘azo mojarosini tugatish yo‘lida Misr hukumati ilgari surgan yarashuv taklifini qabul qildi.

G‘azoni boshqaruvchi Hamas harakati rasman javob berganicha yo‘q. Biroq, uning qurolli qanoti taklifni "taslim bo‘lish"ga tenglab, uni rad qildi.

Taklifga binoan, zudlik bilan otashkesim e‘lon qilinadi va uning ortidan ikki tomon ishtirokida Qohirada qator uchrashuvlar o‘tkaziladi.

Falastin rasmiylarining aytishicha, sakkiz kun avval boshlangan Isroil havo hujumlari kamida 192 odamni o‘ldirgan. Isroil bu hujumlari o‘z hududiga jangarilarning raketa otishlarini to‘xtatishga qaratilganini aytgan.

BMTga ko‘ra, qurbonlarning kamida 75% oddiy odamlar bo‘lgan.

1400 nafarcha falastinliklar jarohat olganlar.

Zo‘ravonliklar avj olganidan beri kamida to‘rt isroillik jarohat olgan, lekin hech kim nobud bo‘lmagan.

Kafolat yo‘q

Bosh Vazir Benyamin Netanyaxu raislik qilgan Isroil xavfsizlik kengashi seshanba tongida Misr kelishuvini qabul qilishga ovoz berdi.

BBCning Isroildagi muxbiri Kevin Konnoliga ko‘ra, mazkur taklif tarkibida kutilmagan jihatlar yo‘q.

Biroq, uning aytishicha, uning ish berishiga hech qanday kafolat ham yo‘q.

Hamas esa Isroil falastinlik mahbuslarni ozod qilmaguncha va G‘azoga qo‘yilgan iqtisodiy cheklovlarni bekor qilmaguncha, o‘z hujumlari yanada shiddatliroq bo‘lishini aytib ogohlantirgan.

Muxbirimizga ko‘ra, bu kabi ogohlantirish yarashuv imkoniyatlariga putur yetkazadi, lekin ayni damda, kelishuv imkonsiz ekanini ham anglatmaydi.

Seshanba tongida Isroil yarashuv taklifini qabul qilishidan biroz avval G‘azo janubidagi Xan Yunis hududida uch kishi halok bo‘lgan.

Isroil manbalarining bildirishicha, tun osha Isroilning Eylat shahri va atrofiga kamida uchta raketa kelib tushgan.

Xabarlarga ko‘ra, raketalar G‘azodan emas, balki Sinay yarim orolidan otilganiga ishoralar bor.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002