Moskva metrosidagi qurbonlar soni ortmoqda

Image copyright Euronews
Image caption Rossiya telekanallari metrodagi izdihom sahnalarini namoyish etgan

Rasmiylarga ko‘ra, Moskva metrosida poyezdning izdan chiqib ketishi natijasida kamida 19 kishi halok bo‘lgan, 160 dan ortiq odam yaralangan.

Ammo bu hali nihoiy raqamlar bo‘lmasligi mumkin, degan xavotirlar majud.

Ba‘zi yo‘lovchilar hanuz vagonlardan birida tiqilib qolgani xabar qilinadi.

"Park Pobedy" va "Slavyanskiy bulvar" bekatlari oralig‘ida yuz bergan hodisa Moskva metrosining 80 yillik tarixidagi eng jiddiy halokat deb ko‘rilmoqda.

Birdaniga bir necha vagonning relsdan chiqib ketishiga olib kelgan hodisaning aniq sabablari hozircha ma‘lum emas.

Rasmiylar terrorchilik hujumi sodir etilgani haqidagi farazni istisno qilishmoqda.

Jurnalistlarning metrodan portlash bo‘lganmi, degan savoliga shahar hokimining muovini Pyotr Biryukov "yo‘q, bo‘lmagan", deb javob bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, poyezd mashinisti hayot va hozirda shifoxonada qolmoqda.

Izdihom

Rossiya telekanallari metrodagi izdihom sahnalarini namoyish etgan.

Rossiya Favqulodda vaziyatlar vazirligi jabrlanganlarni hodisa joyidan ko‘chirish uchun sakkizta vertolyotni ishga solgan.

Tergov Qo‘mitasi hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atish masalasi ko‘rilayotganini bildirgan.

Image copyright RIA Novosti

FVV Moskva shahar boshqarmasining ma‘lumoticha, hodisa tonggi soat 8.40 da yuz bergan.

Rasmiylarga ko‘ra, ikki bekat oralig‘ida "tok kuchining birdaniga pasayib ketishi natijasida metro signalizatsiyasi ishlab ketgan va elektropoyezdning birdan to‘xtashiga olib kelgan".

"Tokda uzilish bo‘lib, poyezd birdaniga to‘xtagan. Natijada bir necha vagon izdan chiqib ketgan. Afsuski, hodisada jabrlanganlar bor va hozirda ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda", - deb aytgan FVV Moskva boshqarmasining vakili BBCga.

Hodisa sahnasiga yetib kelgan qutqaruvchilar vagonlar eshigini ochib, barcha yo‘lovchilarni chiqarishga muvaffaq bo‘lganliklari aytiladi.

Ammo shohidlarning BBCga aytishlaricha, "Park Pobedy" bekatida poyezdlar to‘xtaganidan so‘ng yo‘lovchilar bir soatga yaqin yer osti o‘tish yo‘lida qolib ketganlar.

Moskva metrosi dunyoning eng gavjum yer osti naqliyot tizimi hisoblanadi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002