Rossiyadagi iqtisodiy pasayish Qozog‘istonga ham ta‘sir qildi

Image copyright RIA Novosti

Qozog‘istonning asosiy sherigi bo‘lgan Rossiyadagi iqtisodiy pasayish joriy yilning birinchi yarmida Qozog‘istonda iqtisodiy ko‘rsatkichlarning tushib ketishiga sabab bo‘lgan.

Bu haqda Qozog‘iston Davlat statistika agentligi ma‘lum qilgan.

Agentlik rahbari Alixon Smailovning aytishicha, joriy yilning yanvar-iyun oylarida mamlakat yalpi ichki mahsulot hajmi 3.9 o‘sgan, bu 2013 yilning shu davriga nisbatan 1.2 foizga kamdir.

Markaziy Osiyoning eng yirik iqtisodi bo‘lgan Qozog‘istonning yalpi ichki mahsulot hajmi bu yil 6 foizga o‘sishi kutilayotgandi.

Ammo neft va rangli metal ishlab chiqarish hajmining kamayishi qozoq iqtisodiyotiga salbiy ta‘sir qilgan.

Reuters agentligining janob Smailovdan iqtibos keltirishicha, yalpi ichki mahsulot hajmining pasayishi asosan sanoatdagi ishlab chiqarishning kamayishi bilan bog‘liq.

O‘tgan hafta e‘lon qilingan raqamlar sanoat ishlab chiqarishining o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 0.4 foizga qisqarganini ko‘rsatgan.

Qozog‘iston statistika agentligining rahbariga ko‘ra, bu ikki omil bilan bog‘liq.

"Birinchi sabab, bizning asosiy savdo sherigimiz bo‘lgan Rossiyadagi iqtisodiy o‘sishning sekinlashishi", - deb aytgan janob Smailov.

Unga ko‘ra, ikkinchi omil neft va rangli metal ishlab chiqarish hajmining kamayishidir.

Xalqaro Moliya Jamg‘armasiga ko‘ra, Rossiya iqtisodi bu yil 0.2 foizga o‘sadi, xolos.

Ukrainadagi voqealar sabab kiritilgan jazo choralari Rossiyaga sarmoyalar oqimini kamaytirgan va iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002