Braziliya jamoasi treneri Luis Skolari iste‘fo beradi

Image copyright Reuters

Braziliyada 13 iyulda nihoyasiga yetgan futbol bo‘yicha jahon chempionatida Braziliya terma jamoasining muvaffaqiyatsiz qatnashgani bois, trener Luis Felipe Skolarining iste‘fo berishi kutilmoqda, deb xabar beradi Globo telekanali.

65 yoshli Skolari janoblari jamoasi 2002 yilgi jahon chempionatida g‘olib chiqqan edi, bu yilgi tadbirda millionlab futbol muxlislarining xohishlariga aks tarzda atigi to‘rtinchi o‘rin bilan kifoyalandi.

Yarim finalda Braziliya Olmoniya jamoasi tomonidan 7:1 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. So‘ngra uchinchi o‘rin uchun bellashgan Hollandiya jamoasi bilan kurashda Braziliya 3:0 hisobida yana mag‘lub bo‘ldi.

Globo TV ga ko‘ra, Skolari bilan shartnoma jahon chempionati tugagach, nihoyasiga yetadi. Braziliyani g‘oliblikka olib chiqa olmagan trener bilan mamlakat futbol federatsiyasi shartnomani uzaytirmasligi aniq.

Braziliyaning boshqa internet saytlari ham futbol federatsiyasidagi manbalariga tayanib, Skolarining iste‘fosi berishi haqida xabar tarqatganlar.

Image copyright Getty

Hollandiya guruhi bilan o‘yin jarayonida stadiondagi katta ekranda Skolarining aksi har safar paydo bo‘lganda braziliyalik ishqibozlar xushtak va qichqiriqlar bilan unga nisbatan noroziliklarini bildirishgan.

Skolari janoblari Braziliya jamoasini boshqarishni ilk bor 2001 yilda o‘z zimmasiga olgan. Bir yildan so‘ng, terma jamoa Yaponiyada o‘tgan jahon chempionati finalida Olmoniya guruhini 2:0 ga yutib, jahon kubogini qo‘lga kiritgandi.

Undan so‘ng, Portugaliya, "Chelsi", O‘zbekistonning "Bunyodkor" klublarida ishlagan Skolari 2012 yil yana Braziliya milliy terma jamoasiga qaytib boradi.

2013 yilda Braziliya Ispaniyani 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, Konfederatsiya Kubogida g‘alaba qozongan va 2014 yilgi Jahon kubogining asosiy da‘vogarlaridan biri sifatida qarab kelinayotgandi.

Jahon chempionatining dastlabki musobaqalarini g‘alaba bilan boshlagan Braziliya chorak finalda Kolumbiyani 2:1 hisobida yutgan bo‘lsa ham, eng yaxshi hujumchisi Neymar belidan jarohat olib, o‘yinni davom ettirishdan mahrum bo‘ldi. Neymarning hal qiluvchi o‘yinlarda ishtirok etmasligini ko‘pchilik braziliyalik ishqibozlar "yomon ramz" deb ham qarashgandi.

Yarim finalda jamoasi Olmoniyaga 7:1 da yutqizgandan keyin Skolari ushbu mag‘lubiyatni "hayotidagi eng yomon kun" deb atadi va Braziliya xalqidan kechirim so‘radi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002