Mahalliy do‘kondor Tolibonning sirini ochdi

Image copyright BBC World Service

Qanaqa sir ekan desangiz, jangarilar Rasasi’ning "Secret Love" va "Blue Lady" atirlari, "Head and Shoulders" soch shampuni va "Dove" sovunlarini xush ko‘rishlari ma‘lum bo‘ldi.

Bu haqda BBCga Tolibon jangarilari asosiy xaridori bo‘lgan shimoliy vaziristonlik katta do‘kondorlardan Rashid Rahmon aytib berdi.

Agar, uning so‘zlaridan xulosa qilinsa, toliblar faqat chet el mahsulotlarini ma‘qul ko‘rishadi, bosib, bosib sotib olishadi va narxiga kelganda, pulning betiga qarab o‘tirishmaydi.

Tafsilotlar

Rashid Rahmon ham Pokiston Qurolli kuchlarining yirik harbiy amaliyotlari sabab, Shimoliy Vaziristondan qochib chiqqan.

"Kiyimlarimdan kelayotgan badbo‘y hid uchun meni ma‘zur tuting. Men Mironshohda xuddi shahzodalardek yashardim", - deydi u suhbatimiz ibtidosida.

Qo‘shni Afg‘oniston bilan chegaraga yaqin Mironshoh shahri esa, Shimoliy Vaziristonning ma‘muriy markazi sanaladi.

Rashidning aytishicha, shaharning markaziy bozorida kattagina do‘koni bo‘lgan.

Upa-elik deysizmi, paypoq, kolgotki, elektr jihozlari,.. hamma narsa sotardim, - deydi u.

Suhbatdoshimizga ko‘ra, do‘konidan eng ko‘p Tolibon jangarilari xarid qilishgan va kuniga 100.000 va hatto, 115.000 rupiyagacha ishlagan.

Bu – AQSh dollariga chaqqanda 1.000 dollardan ortiqroq pul deganidir.

Rashidning aytishicha, har gal do‘koniga xarid uchun kelisharkan, toliblar juda ko‘p narsa olishlariga qaramay, hech qachon narxini tushiring, deb maydalashib o‘tirishmagan.

"Ular xorijda ishlangan yoki nomi chiqqan yorliqli atir va dezodorantlarni ma‘qul ko‘rishardi. O‘shanda ham, ko‘proq, hidi o‘tkirroqlarini sotib olishardi", - deydi suhbatdoshimiz.

Ataydan Lahorga borardim

Image copyright BBC World Service

Rashidning aytishicha, Tolibon jangarilari yoqtirgan xorijiy mahsulotlarni olib kelish uchun ataydan poytaxt Islomobod va Lahorga borishiga to‘g‘ri kelgan.

"Tolibon jangarilari o‘zimizda ishlanganlarining betiga ham qarashmasdi", - deydi u.

Rashidning so‘zlaridan ayon bo‘lishicha, ular ko‘proq Do‘baydagi mashhur "Rasasi" atirlar uyining "Secret Love" va "Blue Lady" rusumidagi atirlarini xush ko‘rishgan.

Yuvinib-taranishlari uchun asosan "Head and Shoulders" yoki "Clear" shampuni va "Dove" sovunini xarid qilishgan.

Ich kiyimga kelganda esa, kalta, ixchami yoki Y bichimlisi va faqat oq ranglisini ma‘qul ko‘rishgan.

Rashid hozir o‘sha kunlarini unutib turishga majbur – xavfsizroq bir yer ilinjida sarsonu sargardon.

Hali havo hujumlari boshlangan paytda Mironshohni tashlab qochgan.

Hozir bir millionga yaqin qochqin bilan birga Bannudan boshpana topgan.

Ammo hukumatning vaqtinchalik jamlog‘iga bormagan: Yetti yot begona bir kishinikida ajarada turadi.

Yoshi yigirmalar atrofida, qotmadan kelgan, qarashlari mag‘rur... Hozir to‘rt tanga pul ilinjida shahar tashqarisidagi qurilishda qora ishchi bo‘lib ishlaydi.

Yana bir guvoh

Image copyright BBC World Service

Asl kasbi tikuvchi bo‘lgan mironshohlik boshqa bir do‘kondor Suhayl Masih ham Rashidning so‘zlari rost, deydi.

Uning aytishicha, shahar bozorining eng serxarj va kunda-shundalik xaridorlari toliblar bo‘lishgan.

Tolibon jangarilari bir xaridlarining o‘zida 2.000-3.000 rupiya pul sarflashardi, bu – ko‘pchilikning ikki haftalik maoshi degani, deydi suhbatdoshimiz.

"Ular mening do‘konimga oynalari qoraytirilgan yirik oq rangli mashinalarda kelishardi va savdolashib, pulning ustida ziqnalik qilib o‘tirishmasdi".

"Tolibon jangarilari, hatto, men ham sotib olishni o‘zimga ep ko‘ra olmaydigan narsalarni xarid qilishardi", - deydi Suhayl Masih.

Uning aytishicha, toliblar Pokiston Qurolli kuchlarining harbiy amaliyotlari haqida avvaldan ogoh bo‘lishgan va qo‘llarida bo‘lgan elektronika mahsulotlarini boshqa birovlarga arzon-garovga sotib yuborishgan.

Bu - Toliblarning qanchalik serxarjliklariga ko‘nikib qolgan yon-atrofdagi odamlarni taajjubga solmay qolmagan.

Rashid suhbatimiz so‘nggida men va qo‘limdagi "Sony" kameramga yaxshilab nazar solarkan, men sotganlari bundan ancha yaxshiroq edi, deydi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002