Angrenda ikki qavatli bino butunlay yonib ketdi

Image copyright Uz24

Chorshanbaga o‘tar kechasi Toshkent viloyatining Angren shahrida joylashgan ikki qavatli xususiy tijorat do‘konida yong‘in sodir bo‘lgan.

Bir necha soat davom etgan yong‘in natijasida bino butunlay vayron bo‘lgan.

Hodisada hech kimning jabr ko‘rmagani aytilmoqda.

Yong‘in sabablari ma‘lum emas.

Uz24.uz nashri tarqatgan xabarda aytilishicha, yong‘inni bartaraf etishda 10 dan ortiq o‘t o‘chirish mashinalari qatnashgan.

BBCga hodisani tasdiqlagan Ichki Ishlar vazirligidagi manba‘ning aytishicha, hozirda hodisa sabablari o‘rganilmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yong‘in tungi soat 1.10 daqiqa o‘tganda boshlangan va tonggi 4 dan 4 daqiqa o‘tgunicha davom etgan.

Toshkent viloyat Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi navbatchisining BBCga bildirishicha, tijorat do‘konining 1-qavatida oziq-ovqat, ikkinchi qavatida esa kiyim-kechak sotilgan.

Unga ko‘ra, yong‘in supermarket joylashgan 300 kvadrat metrlik maydonni qamrab olgan.

Rasmiylar yong‘in sabablari tekshirilayotgani va hozircha hech qanday faraz yo‘qligini aytishmoqda.

Ularga ko‘ra, hech qanday portlash bo‘lmagan.

Ichki ishlar vazirligidagi manba‘ning BBCga aytishicha, tekshiruvlar natijasiga ko‘ra, prokuraturaga jinoyat ishi ochish-ochishmaslik haqida taqdimot kiritiladi.

Bundan avval, jumladan, Andijon va Marg‘ilondagi yirik tijorat markazlarida sodir bo‘lgan hodisalarda yong‘in kamomadni yopish uchun qasddan uyushtirilgani haqidagi farazlar aytilgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002