Moskva metrosidagi halokatda dastlabki gumodorlar ushlangan

Image copyright Reuters
Image caption Rasmiylar fojea sabablari borasida xulosa qilishga shoshilmaslikka chaqirmoqda

Seshanba kuni Moskva metrosida sodir bo‘lgan halokatda qurbonlar xotirasiga chorshanba kuni Moskvada motam kuni deb e‘lon qilingan.

Rossiya Qidiruv qo‘mitasi transport xavfsizligi tartiblarining buzilishi moddasi bo‘yicha jinoiy ish ochgan.

Surishtiruv idoralariga ko‘ra, 22 insonning o‘limiga sabab bo‘lgan fojea bo‘yicha jinoyat ishida dastlabki gumonlanuvchilar qo‘lga olingan. Fojea texnik sabablarga bog‘liqligi aniqlansa ham, uning orqasida aniq shaxs turishi bois metroda navbatchi bo‘lgan ikki xodimni so‘roq qilish boshlangan.

Tergov va texnik mutaxassislar halokatning sabablarini qidirishmoqda. Hozircha texnik ko‘rinishdagi favqulodda vaziyat fojeaga olib borgani taxmin qilinmoqda.

Asosiy farazlardan biri- yo‘l strelkasining nosozligi va undan foydalanishda sifatsiz yondashuvga yo‘l qo‘yilganligi deb qaralyapti.

Ayni paytda hukumat sabablar borasida shoshilinch xulosa chiqarmaslikka chaqirgan.

"Sifatsiz ishlar"

Halokatga temir yo‘l izlari ajralib yoki tutashib ketadigan joydagi sifatsiz yo‘l qurilishi ishlari sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda RIA Novosti Moskva huquqni muhofaza qilish idoralaridagi manbaga asoslanib xabar beradi.

Manbaning aytishicha, yo‘l qurilishi ishlari 13 dan 14 iyulga o‘tar kechasi o‘tkazilgan. Biroq bu xabar rasman tasdiqlanganicha yo‘q.

Bundan tashqari sifatsiz yo‘l qurilish ishlari haqida Interfaks va ITAR TASS agetliklarining manbalari ham qayd etadi. Ularning so‘zlariga ko‘ra, strelka poyezd yo‘lidagi to‘siqqa aylangan.

Shuningdek, Metropoliten ishchilari mustaqil kasaba uyushmasi ko‘rsatkich bilan muammo va navbatchining e‘tiborsizligi halokatga olib kelgan bo‘lishini BBCga bildirgandi.

Metroning elektr tarmog‘idagi kuchlanish asosiy faraz hisoblanmasa ham, hozircha bu sabab ham istisno qilinmayapti. Terakt hodisasi bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlar hozirda qaralmayapti.

"Kommersant" gazetiga intervyu bergan mashinistlar elektrpoyezdning nosozliga ishonmasliklarini aytishgan. Bundan oldin internetda poyezdlardan birining nosozligi va yaroqsiz detallardan foydalanilgani haqidagi xabarlar chiqqan.

"Metrovagonmash" bu ayblovlarni rad qilgan.

O‘zbeklar yaralangan

Halokat natijasida 160 kishi jarohatlangan, ularning orasida o‘zbekistonliklar ham borligi aytilmoqda.

Tan jarohati olgan 11 xorijlik orasida O‘zbekiston, Moldova, Ukraina, Qirg‘iziston, Tojikiston va Xitoy fuqarolari bor, deb xabar beradi Moskva Sog‘liqni saqlash boshqarmasi.

Yaradorlarni evakuatsiya qilish uchun tikucharlardan foydalanilgan. Jarohatlanganlarga zarur tibbiy yordam ularning fuqaroligi va turar joyidan qat‘iy nazar ko‘rsatilishi xabar qilinadi.

"Shifokorlar odamlarni oyoqqa turg‘azish uchun ulardan nima lozim bo‘lsa ko‘rsatishadi", deb aytgan Rossiya Bosh vazir o‘rinbosari Olga Golodets.

Kadrlar siyosati

Moskva shahar hoki Sergey Sobyanin bir necha soat ichida metrodagi halokat sabablarini aniqlashga ko‘rsatma bergan.

Ushbu surishtiruvlar orqasidan metro boshqarmasida kadr almashiruvlari yuz berishi kutilmoqda.

Halokat paytida ta‘tilda bo‘lgan Moskva shahar metropoliten rahbari Ivan Besedin lavozimidan bo‘shatilishi mumkin. U 2011 yil shahar hokimi Sobyanin tomonidan bu mansabga tayinlangan.

Moskva hukumati transport boshqarmasi boshlig‘i, hokim o‘rinbosari Maksim Liksutovning ham ishdan bo‘shatilishi haqida xabarlar chiqqan.

Liksutovning o‘zi halokat sabablari aniqlanmaguncha iste‘fo haqida so‘z bormasligini aytgan muxbirlarga.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002