Braziliya qanday qilib tanqidchilari ovozini o‘chirib qo‘ydi?

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Futbol bo‘yicha jahon chempionatidek dunyoning eng nufuzli bellashuviga hozirligi naq so‘nggi soatlarga qadar cho‘zilmadimi, birinchilik ortidan, Braziliyaning qanday mezbon bo‘lgani bugun alohida e‘tibor topgan mavzuga aylangan.

Agar, Braziliyadan turib, o‘tgan bir oy davomida jahon chempionatini yoritgan muxbirimiz Vayra Devisning xulosasiga tayanilsa, bu xususdagi shubhayu gumonlari o‘zini oqlamagan: Birinchilik ko‘p jihatdan muvaffaqiyatli kechgan.

Braziliya jahon chempionati arafasida qurilishi cho‘zilgandan cho‘zilgan qimmatbaho stadionlari, norozi aholisining zo‘ravon ommaviy namoyishlari va ko‘pchilikni bag‘riga singdirishga noqodir, deya baholangan naqliyot tizimi bilan rosa gap bo‘lgandi.

Deylik, San Pauludagi "Korintians" stadioni ochilish marosimi bilan bir paytda tayyor bo‘lgan va hatto, sinab ko‘rilmay turib, foydalanishga topshirib yuborilgandi.

FIFA Kongressi bahona jahon chempionati ochilish marosimi va mezbon Braziliya hamda Xorvatiya o‘rtasidagi dastlabki uchrashuvini San Pauluning o‘zidan turib, bevosita tomosha qilgan suhbatdoshimiz, O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi matbuot kotibi Sanjar Rizayevning o‘z kuzatuvlaridan kelib chiqib aytishicha, stadion musobaqani qabul qilib olishga 100 foiz tayyor bo‘lgan.

"Stadiondan turib, o‘yinni tomosha qilgan inson sifatida, har holda, menga shunday tuyuldi. Bir narsaga alohida e‘tibor qaratish kerak, Braziliya milliy terma jamoasi ishtirokidagi o‘yin bo‘lgani uchun ham, ishqibozlar juda ko‘p edi va deyarli butun shahar San Pauludagi ana shu stadionga ko‘chib kelgandek tuyuldi. Ammo yegulik, ichkulik va boshqa narsalarga navbat shu darajada katta ediki, hatto, o‘sha biror bir ehtiyojni qondirish uchun navbatga turishdan umid yo‘q edi", - deydi u.

"Stadionda barcha sharoitlar bor edi. Hatto, o‘sha nogironlar uchun alohida joylar, o‘yinni tomosha qilishlari uchun barcha sharoitlar yaratilgan edi".

Suhbatdoshimiz, o‘z o‘rnida, Braziliyaga ketishda Dubay havo qo‘nalg‘asida o‘zi guvoh bo‘lgan narx-navolar bilan taqqoslarkan, San Paulu biroz arzonroqdek tuyuldi, deydi.

"Biz Dubay havo qo‘nalg‘asida ham to‘xtadik. Quloqchinlarning bahosini o‘zaro solishtirib ko‘rdim. Va Can Pauluda quloqchinlar Dubay havo qo‘nalg‘asidagiga qaraganda biroz arzonligining farqiga bordim".

"San Paulu deganda, ko‘z oldimga asosan avtomobil tirbandligi kelardi. Lekin shahar ichida musobaqa arafasida bayram nafasini sezdim, deya olmayman. Lekin o‘yin kuni barcha muassasalar, do‘konlar va boshqa xizmat ko‘rsatish shohobchalari yopilib, dam olish kuni, deb e‘lon qilinganidagina, o‘sha bayram nafasi sezildi", - deya o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashishda davom etadi suhbatdoshimiz.

Ammo, suhbatdoshimizga ko‘ra, butunboshli Braziliyadan FIFA bergan bir-ikkita suvenirchadan tashqari, o‘zi bilan ortga biror bir esdalik buyum olib kelishga muvaffaq bo‘lmagan.

"Men magnitlar yig‘ishga qiziqaman. San Paulu havo qo‘nalg‘asida ham magnit sotib olish uchun yugurib do‘konchalardan biriga kirdim. To‘rtta-beshtasini qo‘limga olib, qancha bo‘ladi, deb, AQSh dollarida pul bermoqchi bo‘lganimda, bizda dollar qabul qilinmaydi, deb pulimni olmadi. Yonimda esa, Braziliya milliy valyutasi yo‘q edi. Shu sababli, u yerdan deyarli hech narsa olib kelolganim yo‘q", - deydi u.

Braziliyadagi birinchilik esa, jahon chempionati tarixidagi eng yirigi, eng qimmati va eng bahslisi sifatida tarixga kirishi tayin.

Agar, raqamlarga tayanilsa, butunboshli chempionatga 11 milliard dollardan ortiq mablag‘ sarflangan.

Bu – dunyo davlatlari chorak qismining yillik yalpi mahsulot ishlab chiqarish hajmidan ham katta mablag‘ deganidir.

Shuncha pulning katta qismi esa, ulkandan ulkan hashamatli stadionlarni qurish, borlarini ta‘mirlash va naqliyot tizimini yaxshilashga ketgan.

Braziliya hukumati davlat byudjetidan bir tiyin ham sarflamaslikka va‘da bergan esa-da, ja‘mi mablag‘dan 3 milliardiga yaqini xalqning cho‘ntagidan ketgandi.

Bu esa, xalqning keskin noroziligiga sabab bo‘lmay qolmagan, Braziliya o‘z tarixida guvoh bo‘lmagan darajada yirik ommaviy namoyishlarga sahna bo‘lgan va butun chempionatning o‘zi yana xalq ko‘chalarga chiqib ketsa-chi, degan xavotirlar ostida o‘tgandi.

Braziliya aholisining yarmidan ko‘prog‘i esa, hatto, yakuniga qadar, mezbonlik g‘oyasi bilan kelisha olishmagandi.

Ammo xavotirlar o‘zini oqlamadi: Havo qo‘nalg‘alari ham jiddiy uzilishlarsiz yuz minglab odamni kutib olib, kuzatib ham qo‘ydi.

G‘ing etgan namoyishlar ham avj olmay turib, bostirildi.

So‘nggi daqiqalarga kelib bitgan va bir nechta ishchining ham umriga zomin bo‘lib ulgurgan hashamatli stadionlarining tomi ham qulab tushmadi.

FIFA mas‘ullari ham anchayin mamnun Shveytsariyaga, bosh qarorgohlariga qaytishdi.

Ammo, shunda ham, "eng zo‘r bo‘lgani" aytilayotgan jahon chempionati Rioning 2016 yilgi Yozgi Olimpiada O‘yinlariga qanday mezbonlik qilishi haqidagi xavotirlarni ko‘pchilikning ko‘nglidan butkul arita olmagan.

(San Pauludan olingan suratlar muallifi Sanjar Rizayev).

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002