Isroil bilan Hamas otashkesimga erishmaganlar

Image copyright AFP

Yuqori lavozimli Isroil rasmiysining BBCga aytishicha, Isroil bilan G‘azo o‘rtasida har tomonlama otashkesimga erishilgan.

O‘t ochishni to‘xtatish kelishuvi juma kuni mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 6 da boshlanishi e‘lon qilingan.

Biroq Hamas tomoni ham, keyinroq Isroil Tashqi ishlar vaziri Avigdor Liberman ham o‘t ochishni to‘xtatishga kelishilmaganini aytib chiqqanlar.

Otashkesim bo‘yicha muzokaralar Misrda davom etayotgani xabar qilingan.

Isroil bilan G‘azo bo‘lgasini nazorat qiladigan Falastinning Hamas guruhi payshanba, 17 iyul kuni "insonparvarlik otashkesimi"ga kelishganlar.

Kunduzgi soat 10 dan soat 15 gacha tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga, G‘azodagi aholiga oziq-ovqat, boshqa zarur mahsulotlarni g‘amlab olishga imkoniyat berishga rozi bo‘lganlar.

BMT va boshqa xalqaro tashkilotlar tomonlarni ana shu otashkesimga chaqirgan edi.

G‘azo bo‘lgasidagi muxbirlarning xabar qilishicha, vaqtincha o‘t ochishni to‘xtatish boshlangani e‘lon qilinganidan keyin aholi yashaydigan joylarda avtomobillar signallari, insonlarning ovozlarini eshitish mumkin bo‘lgan.

Image copyright AP

G‘azoliklar banklar oldida navbatlarni hosil qilganlar, do‘konlardan oziq-ovqat va boshqa yeguliklarni sotib olishga shoshilganlar.

Otashkesim kelishuvi e‘lon qilinganidan ikki soat o‘tib Isroil Hamas guruhi minomyotlardan G‘azodan turib Isroil hududini hujumga tutgani haqida xabar tarqatgan.

Isroil tarafi bunga javoban chora ko‘rmaganlar.

Bundan oldin agar o‘t ochiladigan bo‘lsa, Isroil shu zahoti qayta hujum bilan javob qaytarishi haqida ogohlantirgan edi.

8 iyulda Isroil boshlagan G‘azo hududini bombalashlari oqibatida 227 inson halok bo‘lgan.

Isroil bo‘lgadan o‘z hududini raketalar bilan hujumga tutayotgan Hamas qurollilariga qarshi havo hujumlarini amalga oshirayotganini aytadi.

Image copyright Reuters

Biroq BMTga ko‘ra, G‘azoda halok bo‘lganlarning aksari tinch fuqarolardir.

Shu paytgacha Hamas Isroil tarafga 1200 dan ortiq raketa otgani, oqibatda bir isroillik halok bo‘lgani xabar qilingan.

Isroil Hamasni o‘z harbiy istehkomlarini tinch fuqarolar yashaydigan binolar orasida qurishda ayblagan.

Chorshanba kuni G‘azo dengiz sohilida o‘ynayotgan to‘rt o‘g‘il bola Isroil harbiy kemalari hujumi oqibatida halok bo‘lgan.

Hamas vakili buni harbiy jinoyat deb atagan va BMTdan bu hujumni qoralashni talab qilgan.

Isroil mudofaa vazirligi ushbu hodisani tekshirishini ma‘lum qilgan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002