Rossiyaga qarshi jazo choralari kuchaytirildi

Image copyright Reuters
Image caption Barak Obamaning aytishicha, jazo choralari "Rossiyaga iloji boricha kuchliroq ta‘sir" ko‘rsatishga qaratilgan

Qo‘shma Shtatlar va Ovro‘po Ittifoqi Rossiyaga qarshi jazo choralarini kuchaytirdi.

Ushbu qarorga Rossiyaning Ukrainadagi bo‘lginchilarni qo‘llab-quvvatlayotgani haqidagi da‘volar sabab bo‘lgan.

AQSh Rossiyaning Gazprom doxil yirik banklarni hamda mudofaa va energiya shirkatlarini, shu jumladan Rosneftni nishonga olgan.

Rossiya prezidenti Vladimir Putin sanktsiyalar AQSh-Rossiya aloqalarini "boshi berk ko‘chaga" tiqib qo‘yishini aytgan.

Ovro‘po Ittifoqi o‘z sanktsiyalari tafsilotini iyul oyi oxirida e‘lon qilishini bildirgan.

Biroq, OIning ilova qilishicha, bundan buyon Ovro‘po banklari Rossiyadagi loyihalarni moliyalamaydi.

Yangi jazo choralari

AQSh e‘lon qilgan yangi jazo choralari avvalgilaridan sezilarli darajada kuchliroqdir.

Dastlabki sanktsiyalar Rossiya va Ukrainadagi sanoqli shaxslar va bir necha shirkatni hadafga olgandi.

Bu galgi ro‘yxatga banklar va energiya shirkatlari qatori "Kalashnikov" nomli qurol-aslaha kontserni ham kiritilgan.

Ukraina sharqidagi bo‘lginchilarning ikki guruhi - "Donetsk Xalq Respublikasi" va "Lugansk Xalq Respublikasi" ham bu gal nishonga olingan.

Vashingtondan gapirgan AQSh prezidenti Barak Obama sanktsiyalar "Rossiya Ukrainadagi inqirozni aritishga qaratilgan va‘dalari ustidan chiqmagani uchun" joriy etilganini aytgan.

"Bu sanktsiyalar ancha salmoqlidir. Ular Rossiyaga iloji boricha kuchliroq ta‘sir ko‘rsatishga qaratilgan", - deb aytgan Barak Obama.

"Ukrainaliklar o‘z taqdirlarini o‘zlari belgilashlari kerak", - deya ta‘kidlagan AQSh prezidenti.

AQSh santsyalari Rossiya iqtisodiyoti bilan aloqalarni butunlay uzishni anglatmaydi.

Biroq, AQSh rasmiylari ogohlantirishicha, Rossiya Ukrainaga bostirib kirsa, barcha rishtalar uzilishi mumkin.

Braziliyaga safar qilayotgan janob Putin jazo choralari AQSh-Rossiya aloqalarini "boshi berk ko‘chaga" tiqib qo‘yishini aytgan.

"Sanktsiyalar qarshi aks-sado beradi va, shubhasiz, AQSh-Rossiya aloqalarini boshi berk ko‘chaga tiqib qo‘yadi, jiddiy zarar yetkazadi", - deb aytgan Vladimir Putin jurnalistlarga.

Brusselda Ovro‘po Ittifoqi rahbarlari Rossiyaga qarshi jazo choralarini qo‘llashga kelishib olganlar.

Ularga ko‘ra, nishonga olinuvchi "shirkatlar va shaxslar" ro‘yxati iyul oyi oxiriga qadar e‘lon qilinadi.

Ovro‘po Ittifoqining aytishicha, OI Sarmoya Banki va Ovro‘po Tiklanish va Taraqqiyot Bankining Rossiyaga yangi sarmoyalari bekor qilinadi.

Ayni paytda Ukraina sharqida og‘ir janglar davom etmoqda.

Ukrain rasmiylari ma‘lum qilishicha, o‘tgan bir kecha-kunduz davomida 11 ukrain askari halok bo‘lgan. Rossiyaparast bo‘lginchilar saflaridagi talafot miqdori ma‘lum emas.

Ukraina armiyasi aprel oyida mamlakat sharqini bo‘lginchilardan tozalash amaliyotini boshlaganidan buyon bir mingdan ziyod inson halok bo‘lgan va o‘n minglab insonlar mintaqani tark etgan.

Ukrainadagi inqiroz Rossiya va g‘arb davlatlari o‘rtasida Sovuq Urushdan buyon eng jiddiy kelishmovchilikni keltirib chiqargan.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002