Shved mergani ukrain armiyasida nima qiladi?

Image caption Mikael Skilt o‘zining neonatsistik qarashlarini yashirmaydi

Mikael Skilt – shved mergani. U shved armiyasi va Milliy gvardiyasida yetti yil xizmat qilgan.

Hozir Mikayel Ukraina Ichki ishlar vazirligi "Azov" bo‘linmasida rossiyaparast isyonchilarga qarshi jang qilmoqda.

Aytishlaricha, isyonchilar uning boshiga 5 ming yevro mukofot puli qo‘yishgan.

"Bilmadim, - kuladi Mikael. – Balki, men o‘z ishimni yaxshi bajarayotgandirman. Bu yerda men – ravzedka bo‘linmasi qo‘mondoniman, ilovatan, ham merganman va ham tozalash ishlari muvofiqlashtiruvchisi".

U bilan telefon aloqasidamiz, robita sifati yaxshi emas. Mikael qayerdaligini bizga aytmaydi. Uning siyosiy qarashlarini muhokama qilishga o‘tamiz. Xato qilmaslik uchun har bir jumlani bir necha bor takrorlaymiz. Suhbat so‘ngida qilgan xulosamiz: Mikael o‘zini millatchi deb atasa-da, aslida u – neonatsist.

"Meni oq tanlilar irqi taqdiri qiziqtirmaydi, desam ahmoqchilik bo‘lardi, - deydi u. - Ikkinchi jahon urushidan keyin g‘oliblar nimani gapirish mumkinu nimani mumkin emas degan masalada o‘z tartiblarini o‘rnatishdi. Misol uchun, men oq tanliman va bundan faxrlanaman, deya olmayman".

Mikael irqlarning aralashuviga qarshi va yahudiylarni oq tanli deb hisoblamaydi. Bunga ilovatan u Suriyaga borib, prezident Asad tomonida jang qilish niyatida. Mikaelning o‘zi aytmoqchi, Asad xalqaro sionizmga qarshi kurashmoqda.

Tasodifiy liberal

Image copyright BBC World Service
Image caption "Azov" bo‘linmasi neonatsist ramzlar bilan marosimlar o‘tkazib turadi

"Azov" bo‘linmasidagi jangchilarning ko‘pi Mikael qarashlariga qo‘shiladi, deb aytish qiyin.

"Biz bu yerda siyosat haqida gaplashmaymiz, bunga vaqt yo‘q. Albatta, bu yerda natsional-sotsialistlar bor. Ulardan ba‘zilari svastikada yurishsa, ajablanmayman. Lekin ular orasida bir liberal ham bor, - kutilmaganda ilova qiladi Mikael kulib. – U bu yerga qanday tushib qolganini ham bilmayman".

"Azov" bo‘linmasi tarkibida 300ga yaqin jangchi bor. Ular orasida xorijliklar barmoq bilan sanarli. Mikael ularning adadi yaqinda ko‘payib qolishiga umid qiladi.

"Bo‘linmamizga hozir xorij fuqarolarini yollash bilan shug‘ullanadigan odam kelgan", - deydi Mikael.

Uning aytishicha, xorijliklar xizmat haqi olishmaydi.

"Ular yaxshi maqsad uchun jang qilishni sevishadi, xolos" - deydi shved mergani.

"Azov" bo‘linmasi Ukraina Ichki ishlar vazirligi tomonidan jamoat tartibini saqlovchi maxsus bo‘linma sifatida ta‘sis etilgan.

Hozirda bu bo‘linma Ukraina sharqida aksilterror amaliyotida ishtirok etmoqda.

Bo‘linma qo‘mondoni - Andrey Beletskiy, uning muovini esa - Igor Moseychuk.

Beletskiy, shuningdek, sotsial-milliy assambleyaga boshchilik qiladi. Assambleyaning asosiy g‘oyasi – aksildemokratik va aksilkapitalistik tuzum - "natsiokratiya"ni barpo etish bilan oq tanlilar irqini himoya qilish.

Kimning qo‘liga qurol berishganini bilisharmikan, degan o‘yda Ukraina Ichki ishlar vazirligiga telefon qilamiz.

Vazir maslahatchisi Anton Gerashchenko bizning nojo‘ya savolimizdan darg‘azab bo‘ladi: "Bu Ukraina vatanparvarlari partiyasidir. Boyvachcha ovro‘poliklar Ukrainaga yordam berish haqida quruq gap sotayotgan bir paytda, ular o‘z jonlarini va sog‘liklarini qurbon qilishmoqda! U yoki bu partiyaga mansublik haqidagi savollarni berish o‘rniga Angliya fuqarolari qachon prezident Putin yuborayotgan terrorchilarga qarshi kurashda bizga yordam berishni boshlashadi? Bu odamlar bizning tinch fuqarolarimizni o‘ldirishga kelgan terrorchilarga qarshi jang qilishmoqda!"

"Yana qanday savollar bor?" - deya sabrsizlanib, ammo kiyevliklarga xos xushmuomalalik bilan so‘raydi vazir o‘rinbosari.

"Ukraina hududida jang qilayotgan xorijiy fuqarolar bormi?" - so‘raymiz undan.

Ammo, vazirlik ma‘lumotiga ko‘ra, bunday fuqarolar yo‘q ekan.

"Shvetsiya, Italiya va boshqa davlatlar fuqarolari "Azov" bo‘linmasiga xorijiy jurnalistlar sifatida hamrohlik qilishadi. Ular o‘z jurnallari va ijtimoiy tarmoqlariga maqolalar yozishadi. Bu - jurnalistik faoliyat".

Mikael Skiltning Facebook sahifasiga qaraymiz va uning avtomat bilan tushgani suratini ko‘ramiz.

Tajribali shved mergani Kiyevda uni oddiy blogger deb o‘ylashlaridan qanchalar ranjisa.

Image copyright BBC World Service
Image caption "Azov" bo‘linmasi iyun oyida Mariupolda bir guruh bo‘lginchilarni asirga olgandi

"Azov" bo‘linmasi haqidagi ko‘psonli maqolalardan bo‘linmada g‘oyaviy neonatsistlarning kam ekanini anglash mumkin. Ukrainada bo‘lib o‘tgan barcha prezidentlik saylovlariga qaraladigan bo‘lsa, ukrain saylovchisi na natsist, na o‘ta o‘ng qanot va na o‘ta millatchi qarashlarni dastaklashini ko‘rish mumkin.

Ammo neonatsistlarni, yana qo‘lidagi qurol bilan, demokratiya himoyasiga chorlash mumkinmi? Biz bu odamlarning mutlaqo boshqa maqsadlari borligini bilamiz.

O‘ta o‘ng qanot harakatlar bo‘yicha taniqli ekspert Anton Shexovtsov fikricha, Kiyev bu masalani jiddiy ko‘rib chiqishi kerak.

"Neonatsistlardan sharqiy Ukrainaga bo‘lgan xavf, bo‘lginchi-ekstremistlarnikidan kam emas", - deya ogohlantiradi u.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002