Bahodir Qo‘chqorov: "Ravshan, Abduhamid, hammamizning yuzimiz yorug‘"

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Image copyright ffkr.kg

Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasining a‘zosi, o‘shlik yon qanot hakami o‘zlari jahon rekordini yangilagan Braziliyadagi jahon chempionatidagi faoliyatlariga bir so‘z bilan ana shunday baho berdi.

Ular bu yilgi jahon chempionatida bir chorak finali doxil to‘rtta uchrashuvga hakamlik qilishgan va so‘nggi ikki birinchilikda boshqargan o‘yinlari sonini 9 taga yetkazib, yangi jahon rekordini o‘rnatishgandi.

Braziliyadagi jahon chempionatida Ravshan Ermatov yordamchilari Abduhamidullo Rasulov va Bahodir Qo‘chqorovlar bilan birga ishlagandi.

BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida Braziliyada erishgan bu kabi olamshumul yutuqlariga baho berarkan, Bahodir Qo‘chqorov o‘zlari uchun eng muhimi rekorddan ham ko‘ra, o‘yinni sifatli o‘tkazish bo‘lganini aytadi.

"Birinchidan, biz Braziliyaga rekord qo‘ygani borganimiz yo‘q. Biz u yerga to‘rt yil tayyorgarlik ko‘rgan FIFA hakami sifatida bordik. Bu - bizning xayolimizda ham yo‘q edi. Uni keyinchalik aytishdi, rekord, boshqa deb. Qisqasi, rekord bo‘libdi, biz xursandmiz. Ammo eng asosiysi - o‘yinni xatosiz o‘tkazish. Xudoga shukr, bizda unaqa narsa bo‘lmadi. Shuning uchun ham, men bundan xursandman. Buni bugun matbuot anjumani chog‘ida ham aytdim. Yuzimiz yorug‘", - deydi suhbatdoshimiz.

Image copyright www.uff.com

Ular kecha chorshanba kuni Braziliyadan o‘z ona Vatanlariga qaytishgan, Toshkent, Bishkek va O‘shda katta tantanalar bilan kutib olinishgandi.

Bukmekerlik idoralari esa, so‘nggiga qadar bu yilgi jahon chempionatining final uchrashuvini boshqarishda Ravshan Ermatovning imkoniyatlarini qolgan barcha hakamlarnikidan yuqori baholashayotgandi.

Alal-oqibat Olmoniya va Argentina o‘rtasidagi yangi jahon chempionini aniqlab bergan o‘yinga italiyalik Nikola Ritstsoli boshchiligidagi hakamlar guruhi tayin etilgan va bu turli internet nashrlarida, go‘yoki, Argentina tomonining noroziligi tufayli, Ravshan Ermatov bridagasi bunday imkoniyatdan mosuvo qolganiga oid gap-so‘zlarga ham sabab bo‘lgandi.

Bahodir Qo‘chqorov esa, BBC O‘zbek Xizmati bilan suhbatida bu - mutlaq FIFA Hakamlar qo‘mitasi ixtiyoridagi ish ekanini ta‘kidlaydi.

"90 ta hakam bo‘lsa, ularning hammasi uyidan jahon chempionatining ochilish, final uchrashuvida ishlash, o‘yinlarni yaxshi o‘tkazishni niyat qilib chiqib ketgan. Qolgani peshanadan. Buni hakamlar qo‘mitasi hal qiladi. Biz xuddi askar sifatida ishlaymiz. Bizga mana bu o‘yinda ishlaysizlar deb aytadi, formani olamiz, chiqib ketamiz. Ruslarda, "buyruq bajariladi, muhokama etilmaydi", - degan gap bor. Nikola o‘yinni zo‘r o‘tkazdi, final chiroyli o‘tdi. Biz uni o‘yindan keyin tabriklab, so‘ngra samolyotga o‘tirib, ortga qaytdik", - deydi suhbatdoshimiz.

Go‘yoki, Argentina tomonining noroziligi bilan bog‘liq gap-so‘zlarga to‘xtalarkan, Bahodir Qo‘chqorov, "bunaqa xabarni birinchi marta eshitib turganini" aytadi.

"Bunaqa narsani men o‘qiganim yo‘q. Bunaqa xabar qayoqdan kelibdi o‘zi. Undan keyin, qanday qilib jamoalar kelib, bu bizga yoqadi, unisi yoqmaydi deydi. Bunaqasini birinchi marta eshitishim. Ustiga ustak, futbol bo‘yicha jahon chempionatida. Hatto, bizning milliy chempionatda ham hakam tayinlandimi, jamoa sardori yoki murabbiysi kelib, uni olib tashla, mana bunisi menga yoqadi, bunisi yoqmaydi, deb aytolmaydi. Bunaqa narsa reglamentda ham yo‘q. Men birinchi marta eshitishim bunaqa narsani", - deydi u.

O‘z o‘rnida eslatib o‘tish joiz, Bahodir Qo‘chqorov so‘nggi ikki jahon chempionatida ham Ravshan Ermatov boshchiligidagi hakamlar brigadasida yon qanot hakami bo‘lib ishlagan.

"Men uchun har ikki jahon chempionatidagi o‘yinlar ham jiddiy edi. Hakam, agar, maydonga o‘yinni oson yoki yengil deb bilib, chiqadigan bo‘lsa, u adashgan bo‘ladi", - derkan, suhbatdoshimiz Braziliyadagi jahon chempionati ham o‘ziga har tomonlama yoqqanini aytadi.

Image copyright Getty

"FIFA hammasini juda yaxshi tashkillashtirgan, samolyot, mehmonxonalar, kutib olishlar, odamlarning oqibati, ko‘chadagi, stadiondagi munosabatlari, maydonlarning ahvoli, yo‘llar, naqliyoti, ovqatlari, ..umuman gap yo‘q, e‘tirozga o‘rin qoldirmaydigan darajada edi".

Suhbatdoshimizning eng so‘ngida aytishicha, hozirgi birlamchi rejalari dam olish.

Keyin esa, yana tayyorgarlikka kirishamiz, oldinda qator qit‘a miqyosdagi o‘yinlar turibdi, chaqirishsa, boramiz, hayot ketayapti, tayyorgarligimizni ko‘raveramiz, deydi u kishi.

Shu yilning 12 iyun kuni Braziliyada start olgan futbol bo‘yicha 2014 yilgi jahon chempionati o‘tgan yakshanba kuni poyoniga yetgan va g‘oliblik dunyoning 32 milliy terma jamoasi orasidan Olmoniyaga nasib etgandi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002