MH17 halokati: yo‘lovchi uchoqlarining urib tushirilishi

Image copyright AFP

Malaysia Airlines shirkatining Ukraina sharqida halokatga uchragan uchog‘i urib tushirilgani haqidagi xabarlar manzarasida BBC yo‘lovchi uchoqlar bilan bog‘liq halokatlar tarixiga nazar tashladi.

Sibir havo yo‘llari 1812 reys, 2001 yil oktyabr

Sibir havo yo‘llarining Rossiya-Tel-Aviv yo‘nalishi bo‘yicha Novosibirskka uchgan uchog‘i 2001 yil 4 oktyabrda urib tushirilgan va Qora Dengizga qulagan. Uchoq bortidagi 78 yo‘lovchining hammasi halok bo‘lgan. Ukraina harbiylari dastlab halokatga aloqadorliklarini rad qilishadi.

Biroq keyinroq uchoq "qora quti"lari o‘rganilgandan so‘ng, Ukraina rasmiylari harbiylari amaliyot paytida uchoqni xato tufayli urib tushirganlarini tan olganlar.

Eron havo yo‘llari 655 reys, 1988 yil iyul

Image caption Erondagi aviafojeada halok bo‘lganlar dafn marosimida

Eronning Dubayga parvoz qilgan Airbus A300 uchog‘i 1988 yil 3 iyulda Fors bo‘g‘ozi ustida halokatga uchraydi. Uchoq Eronga 1979 yil inqilobidan oldin sotilgan qiruvchi F-14 deb taxmin qilingani bois, nishonga olinadi. Amerikaning qiruvchi uchog‘idan otilgan ikki raketa 290 yo‘lovchi va ekipaj a‘zosi bo‘lgan uchoqni suvga qulatadi. Eron bu voqeani "qirg‘in" va "vahshiylik" deb atagan. Ayni vaqtda AQSh o‘z harakatini tushunmovchilik deya oqlagan. Eron 1996 yil AQShga qarshi ishni Xalqaro Mahkamaga olib chiqishga erishgan. Keyinroq Amerika hukumati qurbon bo‘lganlarning oilalariga kompensatsiya to‘lashga rozi bo‘lgan.

Koreya Havo yo‘llari 007 reys, 1983 yil sentyabr

Koreya aviashirkatining Yyu Yorkdan Seulga yo‘nalgan havo kemasi 1983 yil 1 sentyabr kuni sovet qiruvchi uchog‘ining hujumiga uchraydi. Bortdagi 269 yo‘lovchi va ekipaj halok bo‘ladi. Ma‘lumotlarda, uchoq kursini o‘zgartirganda, sovet hududiga tasodifan tushib qoladi va otib tushirilgani aytiladi.

Sovet rahbarlari dastlab uchoqning urib tushirilganini inkor qilishgan, so‘ngra hodisa sodir etilganini tan olib, uchoq josuslik missiyasida bo‘lganini ta‘kidlashadi.

Liviya Arab havo yo‘llari 114 reys, 1973 yil fevral

Libyan Airlines ning Boeing 727-200 uchog‘i Isroil qiruvchilari tomonidan Misrning Sinay sahrosi ustida 1973 yil 21 fevralda qulatiladi. Aytilishicha, uchuvchilar noqulay ob-havoda adashgan va uchoq Isroil nazoratidagi Sinay havo hududiga kirib qolgan. Ogohlantiruv o‘qi va yerdan berilgan signallardan keyin ikki Isroil qiruvchisi uchoqni mo‘ljalga oladi. Bortdagi 113 yo‘lovchidan faqat besh kishi, jumladan uchuvchi ham tirik qoladi.

Cathay Pacific Airways S-54, 1954 iyul

1954 yil 23 iyulda Bangkokdan Gonkongga yo‘nalgan Skymaster uchog‘i Xitoy harbiylari tomonidan Xaynan orollari qirg‘og‘ida urib tushiriladi. 19 yo‘lovchi va ekipaj a‘zolari bo‘lgan uchoqda 10 kishi halok bo‘ladi. Xitoy uni josuslik uchog‘i deya nishonga olinganini bildiradi.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002