Qoraqalpog‘istonda bo‘lginchilik harakatlari mavjudmi?

Image copyright none
Image caption "Qoraqalpog‘istonning O‘zbekiston ajralib chiqishga qonuniy haqqi bor", deydi Omon Sagidullayev

O‘zbekiston rasmiylari ilk bor Qoraqalpog‘iston muxtor respublikasida bo‘lginchilik harakat sharpalari mavjudligini tan oldilar.

Shu vaqtga qadar "Olg‘a Qoraqalpog‘iston" harakati haqidagi xabarlar na tasdiqlangan va na inkor qilingandi.

Ammo, joriy oy boshlarida O‘zbekiston hukumati harakat rahbari Omon Sagidullayevga nisbatan mahalliy va xalqaro qidiruv e‘lon qildi.

Omon Sagidullayevga nisbatan qalloblik va pullarni noqonuniy o‘zlashtirganlik ayblovlari ilgari surildi.

Bu bilan mamlakat matbuotida birinchi marta mazkur harakat va uning rahbari nomi tilga olindi.

Omon Sagidullayev "Agrointexnika" hissadorlik jamiyati raisi bo‘lib ishlagan davrida davlatga qarashli 2 milliard so‘m (davlat kursi bo‘yicha 1 mln dollar) pulni noqonuniy o‘zlashtirganlikda ayblanib, prokuratura tomonidan o‘z mansabini suiste‘mol qilish, davlat mulkini talon-taroj qilish kabi moddalar asosida jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Rasmiy bayonotda hozir uning qochib yurgani aytiladi.

Mazkur da‘volar Qoraqalpog‘istonda bo‘lginchilik harakati mavjudligidan dalolat qiladimi?

Siyosiy ta‘qiblar

Image copyright bbcuzbek.com
Image caption Rasmiylarning Qoraqalpog‘istondagi rivojlanishlari haqida aytganlari hayot haqiqatlariga mos tushmasligini urg‘ulanadi

Ukrainadagi hodisalar yirik sonli milliy ozchiliklari va bo‘lginchi guruhlari bo‘lgan ko‘plab sobiq Sho‘ro mamlakatlarida asabiylik uyg‘otdi.

Ammo, Qoraqolpog‘istonning O‘zbekistondan ajralib chiqishga intilayotgani yuzasidan dalillar juda oz.

O‘zbekiston hukumati "Olg‘a Qoraqalpog‘iston" harakati rahbari deb atagan Omon Sagidullayevning BBC Markaziy Osiyo Xizmatiga aytishicha, uning tashkiloti ham biron bir noqonuniy ishga qo‘l urayotgani yo‘q.

O‘ziga qarshi ilgari surilgan katta miqdordagi pullarni noqonuniy o‘zlashtirishga oid ayblov haqida so‘ralarkan, Sagidullayev siyosiy ta‘qibga duch kelganini da‘vo qildi.

"Haqiqatdan meni siyosiy vajlar bilan ta‘qib qilishyapti. Qoraqalpog‘istondan qochib chiqishga meni O‘zbekiston milliy xavfsizlik xizmatlari majburladi. 14 iyun 2011 xotinim bilan birga mahkamaga tortishdi, meni ta‘qib qila boshlashdi. Telefonlarim eshitildi, bizni kuzatuv ostiga qo‘yishdi. Ularga qarshi qonun yo‘li bilan kurashish yo‘llari bo‘lmagach, menning O‘zbekistonni tark etishimga to‘g‘ri keldi", deydi Omon Sagidullayev.

Janob Sagidullayev BBC bilan noma‘lum manzildan telefon orqali suhbatlashdi.

Ayni paytda Qoraqalpog‘istonning na Adliya va na Ichki ishlar vazirligi unga qarshi ayblovlar aniq mohiyati haqida bizga hech qanday izoh bermadi.

Ba‘zi ekspertlar Sagidullayev siyosiy faoliyati uchun jazolanayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi da‘volarga qo‘shiladilar.

Boshqalarga ko‘ra, ayblovlar mutlaq va yo qisman to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Ular buni Omon Sagidullayevning sobiqda yuqori lavozimlarda olib borgan faoliyatlari bilan bog‘laydilar.

Ammo, Sagidullayev ayblovlarni qat‘iyan rad etadi.

Shuningdek, u "Olg‘a Qoraqalpog‘iston" hech qanday zo‘ravon harakatni dastaklamasligi va yo Qoraqalpog‘iston mustaqilligi borasida tezkor talablarni ilgari surmayotganini aytadi.

Omon Sagidullayevga ko‘ra, guruh faqatgina mintaqaning O‘zbekiston konstitutsiyasi asosidagi barcha haq-huquqlari, jumladan, mustaqillik bo‘yicha referendum o‘tkazish huquqi ta‘minlanishini istaydi.

Shu bois, u na o‘zi va na "Olg‘a Qoraqalpog‘iston" harakati bo‘lginchi emasligini ta‘kidlaydi.

"Qoraqalpog‘iston respublikasi bugungi kunda o‘zining konstitutsiyasi, madhiyasi, bayrog‘i va boshqa mustaqil davlatga xos belgilariga ega. Bizda hech qachon qurollanish yoki ekstremistik yo-da, radikal harakatlarga chaqiriqlar bo‘lmagan", deya qo‘shimcha qiladi Sagidullayev.

Konstitutsion huquqlar

Sovet Ittifoqi parchalanib, respublikalar birin-ketin mustaqillik e‘lon qilarkan, O‘zbekistonning 1992 yilgi konstitutsiyasi asosida Qoraqalpog‘istonga muxtor respublika maqomi beriladi.

1993 yilning apreliga borib Qoraqalpog‘iston bosh qonuni ishlab chiqiladi.

Shu o‘rinda Qoraqalpog‘istonning muxtor jumhuriyat degan maqomi tasdiqlanadi va mintaqa referendum orqali mustaqillikka erishilishi mumkinligi aytiladi.

Muxtor o‘lka siyosati nisbatan tinch va barqaror bo‘lib kelgan esa-da, O‘zbekiston tarkibidan ajralib chiqishga oid chaqiriqlar kuzatildi.

90 yillar so‘ngida xabarlarda rahbarlari va yo a‘zolari haqida biron bir tafsilotlarsiz "Erkin Qoraqalpog‘iston" kabi guruhlar paydo bo‘lgani xususida gapirildi.

Joriy yil boshlaridan Qoraqalpog‘iston bu kabi faoliyatlar kuchayganiga guvoh bo‘ldi.

Bunday sa‘y-harakatlar ko‘pi Rossiya va Qozog‘istonda joylashgan ijtimoiy tarmoqlarda o‘z aksini topdi.

Biroq, ayrim manbalarga ko‘ra, Qoraqalpog‘istonning o‘zida qator faollar referendum o‘tkazishga chaqiruvchi varaqalar tarqatganlik gumonlari bilan qo‘lga olingan.

Mazkur varaqalar esa, "Olg‘a Qoraqalpog‘iston" harakati nomidan bosilgan.

Ukrainada "o‘t yoqsam..."

Ba‘zi g‘arblik kuzatuvchilar bunday harakatlar kuchayishini Qrim va Ukraina sharqidagi hodisalar rivojiga bog‘lashadi.

Ammo, Omon Sagidullayev tashqi kuchlar va davlatlar aralashuvi yohud notinchlik uyg‘otishga urinishlarga oid farazlarni rad etadi.

"Ayrim odamlarning aytishiga qaraganda, bizga har turli ayblovlar yopishtirilmoqda. Ammo, Qoraqalpoq muxolifati, mening bilishimcha, tashqi manfaatlarga ega hech bir mamlakat va yo guruhdan moliyaviy dastak olgan emas. Qoraqalpoq ozodlik harakati faollari o‘zlarining fuqarolik mavqe‘larini namoyish qilishmoqda", deydi u.

O‘zbek hukumati esa, Qoraqalpog‘istonda bo‘lginchilik haqidagi har qanday mish-mishni qat‘iyan inkor qilib kelgan.

Rasmiylarga ko‘ra, mintaqada yashash sharoitlari yaxshilangan va u shiddat bilan rivojlanmoqda.

Image copyright none
Image caption Qoraqalpog‘istondagi vaziyat Orol dengizining qurib borayotgani bilan bog‘liq ekologik halokat manzarasida urg‘ulanadi

Biroq, bu kabi da‘volar Qoraqalpog‘iston va butun mamlakat iqtisodiy ahvoli yuz minglab odamlarni Rossiya, Qozog‘iston kabi xorijiy davlatlardan ish izlashga majburlayotgani haqiqatiga zid tushadi.

Qoraqalpog‘istondagi vaziyat Orol dengizining qurib borayotgani bilan bog‘liq ekologik halokat manzarasida urg‘ulanadi.

Qoraqalpog‘istondan o‘n minglab odamlar bugun xorijda va ko‘plab g‘arblik va mahalliy kuzatuvchilarga ko‘ra, ijtimoiy matbuotda paydo bo‘lgan mustaqillikni targ‘ib qiluvchi sa‘y-harakatlar ana shu muhojirlar jamoasidagilar tomonidan olib borilayotgan bo‘lishi mumkin.

O‘z ismini oshkor qilmaslik sharti bilan BBCga gapirgan kuzatuvchilardan biri umumiy norozilik va millatchilik kayfiyatlarini ajratish qiyinligini aytadi.

"Beshafqat va qattiqqo‘l diktatura hukumron O‘zbekiston kabi mamlakatda qandaydir siyosiy qarashni izhor qilish qariyb imkonsiz, muxolif qarashlarni hali chetga qo‘ya turing. Oddiy aholi orasida iqtisodiy qiyinchiliklar, ishsizlik, qashshoqlik, ekologik va ijtimoiy muammolardan noroziliklar va umidsizliklar keng yoyilgan. Ammo, bu muammolar bilan O‘zbekistondagi barcha odamlar yuz kelishmoqda. Shunday ekan, umumiy noroziliklar va qoraqalpoq millatchiligini ajratish mushkul. Ziyolilar orasida millatchilik kayfiyatlarini payqash mumkin. Lekin, ular bu hissiyotlarini ifodalashga o‘ta ehtiyotkorlar".

Janob Sagidullayev o‘zi ham "Olg‘a Qoraqalpog‘iston"ga nisbatan dastak ko‘lami va yo uning moliyaviy ahvoli borasidagi iddaolarni aniq dalillar bilan tasdiqlay olmaydi.

Qoraqalpog‘iston bo‘yicha boshqa mutaxassislar esa, muhojirotdagi faollarni o‘nlab deyish bilan cheklanishadi.

Ukrainadagi hodisalar mustaqillik orzusida bo‘lgan faollar Rossiyaning milliy ozchiliklar manfaatlarini dastaklashga qaratilgan har qanday harakatlaridan rag‘bat olishlari mumkinligini urg‘uladi.

Pragadagi Xalqaro tadqiqotlar institutidan Slavomir Horak (Slavomír Horak): Biz Qrimda joriy yil bahorida yuz bergani kabi hodisalar bunday harakatlar, kayfiyatlar va faoliyatlarni yanada junbushga keltiradi, deb taxmin qilishimiz mumkin. Chunki, bu odamlar Rossiya xorijiy davlatdagi markaziy hukumatdan norozi bo‘lgan aholini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rishdi. Va ular Qrimdagi kayfiyatlardan Qoraqalpog‘iston mustaqilligiga oid maqsadlari yo‘lida to‘g‘ri va yo noto‘g‘ri yo‘lda foydalanishlari mumkin".

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002