Nodir Ahatov: "Xalqimiz o‘z huquqini tanisa, qonunni bilsa, o‘zgarish bo‘ladi"

Nodir Ahatov 1966 yil Qarshi shahrida tug‘ilgan.

Oilada 10 farzandning to‘ng‘ichi.

Ma‘lumoti bo‘yicha savdo xodimi.

Qariyb 15 yildan buyon inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanib keladi.

U O‘zbekistonda rasman ro‘yxatdan o‘tkazilmagan Inson Huquqlari jamiyatining Qarshi shahar bo‘limi raisi.

1990 yillarning dastlabki yillarida ma‘lum davr "Birlik" xalq harakati a‘zosi bo‘lgan.

Kitob o‘qishni sevishini aytadi.

"Kitobga mehrni otam rahmatli uyg‘otganlar", deydi u.

Maktabda o‘qib yurgan kezlari badiiy kitoblardan tashqari sotsialistik mafkura asoschilari Marks, Engels, Leninning kitoblarini ham o‘qib chiqqanini, keyinchalik siyosiy qarashlari butkul o‘zgargan bo‘lsa ham, siyosatga qiziqishida aynan shu kitoblarning ham ta‘siri bo‘lganini aytadi.

Nodir Ahatov oilali, ikki farzandning otasi, bir nevarasi bor.

BBC mehmoni Nodir Ahatovning mushtariylar savollariga javoblari

Mansurjon, Rossiya: O‘zingiz savdo xodimi ekansiz, huquqbonlikka qanday kelib qolgansiz?

Nodir Ahatov: Bundan o‘n to‘rt yillar oldin, 2000 yillarning boshida huquqbonlik to‘g‘risida hech bir tushuncham bo‘lmagan. O‘shanda huquqparvarlik qilib yurgan To‘lqin Qorayev, Yodgor Turdibekovlar bilan tanishganman. O‘zim ularni qidirib borganman. To‘lqin Qorayev o‘shanda Birlik harakatining a‘zosi, ham O‘zbekiston inson huquqlarini himoya qilish jamiyatining Qashqadaryo viloyatidagi raisi edi. Shular bilan hamkorlik qilib, asta-sekin inson huquqlari bilan tanisha boshlaganman. Inson huquqlarini himoya qilish jamiyatining a‘zolari siyosatchilarga nisbatan mardroq, dangalroq bo‘lishganmi, shu tufayli men huquqbonlik bilan shug‘ullana boshlaganman. 2000 yillarga kelib O‘zbekistonda inson huquqlarining buzilishi kulminatsion darajaga yetgan edi. Bularning hammasini, inson huquqlari buzilishining tomirini ko‘rib-bilib turib, indamaslik insonga xos bo‘lmagan narsa. Shu sababli shu sohaga kirganman.

O‘zbek, O‘zbekiston: Huquqbonlik qilish osonmi O‘zbekiston sharoitida? U sizga nima beradi? Tinchgina o‘z ishingizni qilib yursangiz bo‘lmaydimi?

Nodir Ahatov: Huquqbonlik qilish nihoyatda qiyin. Inson nihoyatda katta bosim ostida qoladi. Kun davomida o‘zim, uyim nazorat ostida deyishim mumkin. Har doim poylab yurishadi. Bu birinchidan. Telefonlarim eshitiladi. Ko‘p marta militsiyalarga tushib chiqishimga to‘g‘ri kelgan. Bu qiyin, lekin kimdir bu narsani qilishi kerakku. million million kishi shu savol bergan odamga o‘xshab o‘zimni tirikchiligimni qilay, deb yurganligi tufayli O‘zbekiston aholisi ana shunday nochor, ayanchli ahvolga kelib qoldi. Bu har bir insonning xarakteriga bog‘liq bo‘lsa kerak, men yoshlikdan qaysar, haqiqatchi bo‘lganman. Masalan, armiyada xizmat qilganimda ham albatta o‘z millatimni tarafini olganman. Noxaqlikka chiday olmayman. Ko‘pchilik chidab ketishi mumkindir, lekin men albatta yo‘q degan so‘zni aytaman.

Dilmurod, Qarshi: Xabardor bo‘lsangiz kerak Qarshida gaz muammosi juda yomon, hamma qarzdor. Gorgazdagilarning "qarz qo‘shib yozish" kasalidan qanday qilib qutulish mumkin? O‘zingizni tashkilotingiz bunga qarshi nimadir qilib ko‘rganmi? Mening o‘zimni hozir 600 mingdan ko‘p qarzim bor. Gaz esa yo‘q.

Nodir Ahatov: Dilmurod ukamizga yozilgan qarz havoyi qarz. Men gaz masalasi bilan shug‘ullanganman. Mana o‘zim shahar gaz ta‘minoti idorasiga 600 ming to‘lab keldim, yana 600 ming qo‘shib yozib qo‘yishdi. Men janjal qildim. Keyin mahallamiz raisi ro‘yxat ko‘tarib kelyapti. Unda 1,5 million so‘m qarz yozgan. Endi bunaqa holat bitta menga emas, butun Qarshida desa ham bo‘ladi. Men mahallakomga bordim, ro‘yxatdan nusxa olmoqchi ekanligimni aytdim. Ro‘yxatda mahallaning hamma aholisi yozilgan. Lekin unda Gorgazning na muhri bor, na biror imzosi bor. Ya‘ni ro‘yxat chiqarilgan, tasdiqlanmagan. Bu havoyi gap. Ya‘ni sistema shundayki, shaharda gaz tinimsiz ishlatiladigan joylar, novvoylar , oshxonalar masalan Gorgazga o‘z haqini berib, gazni bemalol ishlatadi. Bu hozir hech kimga sir bo‘lmay qoldi. Hamma biladi, hamma aytadi, lekin hech kim bunga quloq solmaydi. Aylangan gazni kimdir to‘lashi kerakku keyin, Gorgaz buni oddiy xalqqa yuklab qo‘yadi.

Savol bergan ukamiz bu havoyi qarzlarni to‘lashga shoshilmasin. Gorgazdagilar isbot qilib berishi kerak, shuncha qarz qayerdan kelganini. Men Gorgazga borib, qarzdorligim haqida yozib, pechat qo‘yib ber desam, yozib berishdan bosh tortdi. Shahar gaz boshlig‘i xonasidan chiqib qochib ketdi. Men bir narsani aniq aytaman. Mana tumanlarda gaz trubasining o‘zi yo‘q, gaz o‘tmagan. Lekin o‘sha uy egalari, ayniqsa maktabda ishlovchi, kasalxonada ishlovchilarning kartochkasidan har oy ellik-oltmish ming shunday, hech qanday sababsiz kesib olib qolinadi. Men u odamlardan so‘rayapman: sizlar nima uchun to‘layapsizlar, axir gaz yo‘qku desam, nima deydi deng, hammadan kesib olyaptiku, nima qilaylik, deydi. Tushunyapsizmi, xalq shunga rozi. Ya‘ni ular o‘zining huquqi uchun o‘zi kurashmoqchi emas. Bunaqa sharoitda manaman degan huquqparvar hech narsa qila olmaydida keyin. Lekin bu faqat Qarshi Gazda bo‘layotgan narsa emas, butun respublikada shunday. Qarshi Gazga ham pul tushmay qolgan, boshqa joylardagi kabi korruptsiyaga botgan, pulni yeb yuborgan, yuqoriga oshirgan. Endi u yeyilgan pulni o‘rnini to‘ldirish uchun nima qiladi, xalqqa qo‘shib yozadi. O‘zining jinoiy harakatlarini qonuniylashtirishga harakat qiladi. Aholi dod desin, voy desin, baribir tuzalmaydi. Siyosatda bu narsa "vespasianlik davri" deyiladi. Ya‘ni mana shu tugallanib borayotgan, jinoyatchi rejim eng avvalo xalqni talaydi, keyinchalik boylarga tarmashadi, undan keyin bir-birini talaydi. Xuddi shu narsa O‘zbekistonda ketyapti. Shu sababli odamlarga gazga, svetga, soliqqa judayam katta-katta pullar qo‘shib yozilaveradi. Toki xalq o‘z xaq-huquqini talab qilmaguncha bu hol davom etib ketaveradi. Xalq talab qilsagina, bularning ko‘zi joyiga tushadi.

Ikrom: Qarshida katta mardikor bozor bor edi, bizning Chiroqchidan ham u yerga borishardi. Hozir ham bormi mardikor bozor?

Nodir Ahatov: Men 2003 yillar mardikorlar ahvoli bilan qiziqib bu narsani o‘rganganman. Shunda aniqlaganmanki, mardikorlikka chiqqan ba‘zi odamlar o‘sha yerda "milisaning qulog‘i" bo‘lib olgan. Ularning "Rembo", "Tayson" laqabli quloqlari bor. Masalan, bir tadbirkor keladida, ikkita mardikorni olib ketadi. O‘sha tadbirkornikiga ishlab kelgandan keyin bozordagi "quloqqa" foydasining qandaydir bir qismini beradi. Undan tashqari, u kimnikiga bordi, nima ish qildi aytadi. Kechqurun mardikor bozor tarqagandan keyin "quloq"ning oldiga ikkita milisa kelib, yangiliklarni bilib ketadi. Arzigulik yangilik bo‘lsa, unga pul beradi. Keyin militsiya u tadbirkorni borib "bosadi". Agar mardikor bu ma‘lumotlarni berishdan bosh tortsa, janjal qo‘zg‘ab uni militsiyaga oborib qamab qo‘yishadi. Tushunyapsizmi, ana shunday bir tizim bu. Mardikorlikka chiqib ko‘rgan odamlar O‘zbekistonning ishsiz aholisining judayam oz qismini tashkil qiladi. Lekin shu oz qismiyam nihoyatda ko‘p. Mardikor bozori judayam tiqilib ketgan, bir burda non uchun ishlashga tayyor juda ko‘p. Bu mardikorlarni hokimiyat tomonidan ish bilan ta‘minlashga hech qanday harakat bo‘layotgani yo‘q. Ish haqini ololmasa ham, davlat idoralariga murojaat qila olmaydi. Ularning huquqlarini himoya qilish sistemasi yo‘q. Militsiya, prokuratura har qanday ishda faqat yuqoridan buyruq bo‘lsagina shug‘ullanadi. Mana yaqinda bir voqea bo‘ldi. Bu mardikorlarga ta‘luqli bo‘lmasa ham, aytyapman. "Dilnoza" mas‘uliyati cheklangan butun bir jamiyatga oylik bermayotgani haqida xabar tarqatdim. Bu yerda 50-60 odamning huquqi buzilgan. Lekin davlat idoralarining xabari bo‘lsa ham, yordam bermagan.

Asqar, Shvetsiya: Uzbekiston ichkarisida mustaqil faollari kam qolgan. Hukumatning kuzatuvlari bosimlari mahalla kuyda yoki shaxsiy hayotingizga ta'sir qiadimi? Kerakli yordamni bera olasizmi?

Nodir Ahatov: Ko‘ngildagidek yordam berish mexanizmini umuman yopib tashlagan. Masalan, sizning nazaringizda aybdor bo‘lsa, jazoga tortishni xohlasangiz, uni borib urolmaysizku, unga qarshi davlat idorasiga murojaat qilasiz. Inson huquqlarining 99 foizi aynan prokuratura, militsiya va shunga o‘xshash idoralar tomonidan buziladi. Ya‘ni, militsiya ursa, prokuratura militsiyaga qarshi hech qanday ish ochmaydi. Ikkalasi ham tuzumning odami. Haqiqatdan ham huquqparvarlar nihoyatda kam qoldi O‘zbekistonda. Istayman albatta, shu jamiyatimizning a‘zolari ko‘payishini. Lekin odamlar siyosat bilan, huquqparvarlik bilan shug‘ullanishdan juda qo‘rqib qolgan. Odam stressda bo‘ladi, har doim qandaydir provakatsiyalar uyushtirishga harakat qilishadi. Bundan olganda, Jinoyat kodeksida meni ayblamagan modda qolmagan hisob. Oxirgi marta bosqinchilikda ayblab, milisaga tiqishdi va qattiq urishdi. Shaxsiy hayotga faoliyatim albatta ta‘sir qiladi. Bosim olasiz, biror joyda ishlagani qo‘ymaydi. Mahallada ham orqangizdan har xil gap so‘zlarni tarqatib yuradigan odamlar qo‘yiladi. Oila a‘zolaringizga tahdidlar qilish boshlanadi. Bir oltmishdan oshgan amakimni olib borib bir hafta qamab qo‘yishdi. Aybi soqol qo‘ygani. Qo‘lim qaltiraydi, shuning uchun soqol qo‘ygandim, deydi u kishidan so‘rasam. Ishqilib tahdid qilish, bosim o‘tkazish usullari ko‘p. Nima qilsa, kamchilikni topib olish ilinjida yurishadi ishqilib. Xudoga shukur, hozir ishlab turibman. Doim xushyor bo‘lib yuraman. Hozir Qashqadaryoda 3-4 kishi qoldik bu ish bilan shug‘ullanadigan. Niyatim, bizning saflarimiz ham ko‘paysa, huquqparvarlar soni oshsa. Xalqimiz o‘zi huquqini, qonunni tanisa, shunda bir o‘zgarish bo‘ladi deb o‘ylayman.

Ruknimizning keyingi mehmonlari kimlar bo‘lishini istaysiz?

Bu haqdagi fikrlaringizni kutib qolamiz.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002