Qashqadaryoda VIChga chalingan 6 chaqaloq hayotdan ko‘z yumgan

Image caption O‘zbekistonda VICh virusini yuqtirish, OITSga chalinish bilan raqamlar oshkor etilmaydi

Xabarlarga ko‘ra, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida VICh virusini yuqtirgan bolalardan 6 nafari hayotdan ko‘z yumgan.

12news.uz vebsahifasida VIChga chalingan bolalar soni 26 nafar bo‘lgani aytiladi.

Bu haqda avvaliga Shahrisabz prokurori Sherali Ashirov mahalliy matbuotga bildirgan.

Vebsahifa prokuror Sherali Ashirovning "mazkur fakt yuzasidan Jinoyat kodeksining (Tanosil yoki OITS (SPID) kasalligini tarqatishga oid) 113 moddasi 3 qismi bo‘yicha jinoiy ish" ochilgani haqidagi so‘zlaridan iqtibos keltirgan.

Mazkur ishga mas‘ul deb topilganlarga besh yildan sakkiz yilgacha qamoq jazosi berilishi mumkin.

Ayni xabarlarda aytilishicha, shahrisabzlik bolalar VIChni 2007-2013 yillar orasida yuqtirishgan. Ba‘zi manbalar virus bolalarga notoza qonni quyish orqali o‘tgan bo‘lishi mumkinligini aytishadi.

OITS markazi rahbari: "Qayerda chiqibdi bu xabar?"

Bi-bi-si bu ma‘lumotlarni tasdiqlash uchun Respublika OITSga karshi kurash markaziga bog‘langan.

Markaz direktori Nurmat Atabekov: "Qayerda chiqibdi bu xabar? O‘qigan bo‘lsangiz bo‘ldi, nega menga chiqyapsiz?" deya javob bergan.

Bu xabarlar naqadar to‘g‘ri yoki noto‘g‘ri ekani haqida so‘ralganda esa, janob Atabekov: "Yolg‘on xabar, qayerdan chiqqanini bilmayman", deyish bilan telefonni uzib qo‘ygan.

Shahrisabzliklardan biriga ko‘ra, odamlar orasida tish davolash klinikalarida SPID chiqqaniga oid gap-so‘zlar tarqalgan.

"Tish do‘xtirdan chiqibdi SPID degan gaplarni eshitdik. Hozir ba‘zi tish do‘xtirxonalarni yopibdi ham deyishadi. Odamlar orqa eshikdan kirib-chiqib yurishgan emish", deydi shahrisabzliklardan biri.

Ozodlik radiosi ham o‘z manbalariga tayanib, shu kunlarda Qashqadarë viloyati bo‘ylab "ehtimoliy OITS virusi tashuvchilarni majburan tekshirish" boshlangani xususida xabar bergan.

Ammo, Qashqadaryodan huquq faoli Nodir Ahatovning aytishicha, xorijga, hatto, Rossiya yoki Qozog‘istonga chiqib kelganlarning ham qonlarini tekshirish avvaldan yo‘lga qo‘yilgan.

Xuddi shuningdek, tashqariga chiqish uchun pasport va chiqish izni olmoqchi bo‘lgan odamlar ham OITS markazlarida tekshiruvdan o‘tishlari majburiydir.

O‘zbekistonda bolalarga immun tanqisligi virusini yuqtirish ilk bora kuzatilayotgani yo‘q.

O‘zbekistonning Namangan shahridagi shifoxonada 2007-08 yillar oralig‘ida VICh virusi qariyb bir yuz ellikka yaqin bolaga yuqtirilgani haqida xabar qilingan.

O‘shanda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi Namanganda bolalarning VICh virusini yuqtirish holatlari qayd etilganini tasdiqlagan, ammo ularning qon quyish natijasida yuz bergani haqidagi taxminlarni rad etgandi.

O‘zbekistonda VICh virusini yuqtirish, OITSga chalinish bilan raqamlar oshkor etilmaydi.

2012 yil boshidagi rasmiy ma‘lumotlarga ko‘ra, O‘zbekistonda 21500 dan ortiq VICh infektsiyasini yuqtirgan kishi aniqlangan. Ammo, mutaxassislar haqiqiy raqamlar bundan ancha yuqori ekani aytishadi.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02