O‘zbek avtomobili qo‘shni Qozog‘iston avtosanoati uchun xavfmi?

Image copyright bibi.uz

Qozog‘iston avtomobil ishlab chiqaruvchilari O‘zbekiston mashinalari milliy avtosanoatning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotganini bildirgan.

Qozog‘istonda avtomobil yig‘uvchi shirkatlardan biri rahbari import qilinishi to‘xtatilgan o‘zbek "Neksiya"sining yana Qozog‘iston bozoriga qaytib qo‘yilgani qozoq avtosanoatiga zarba bo‘lganini aytadi. Qozog‘istonlik ishbilarmonlar ikki davlat o‘rtasida avto savdosida o‘zaro teng munosabat shakllanishi kerakligini urg‘ulashgan.

O‘zbek avtomobillari Qozog‘istonlik avtosanoatining rivojlanishiga xalaqit berayotgani haqida Qozog‘istonning tengrinews.kz sayti xabar berdi.

Qozog‘istonning milliy avtomobil ishlab chiqarish zavodlaridan biri bo‘lmish “Aziya avto” korxonasi prezidenti Yerik Sagimbayev Qozog‘istonga bojxona to‘lovlarisiz UZ-Daewoo markasi ostida kirib keluvchi o‘zbek mashanalari import ko‘lami bo‘yicha kuchli uchlikka kirib kelganini ta‘kidlagan. Shu yil boshida Qozog‘iston O‘zbekistonda ishlab chiqariluvchi “Neksiya” rusumli mashinalarini texnik reglamentga to‘g‘ri kelmasligini sabab qilib import qilishni to‘xtatgan edi.

“Bir necha oy o‘tib O‘zbekiston yangi talablarni bekor qilishning uddasidan chiqdi. Bu nimaga olib keldi. Bir oydan kam muddat ichida Qozog‘istonga 20 ming avtomobil olib kirildi. Taqqoslash uchun o‘tgan yil davomida Qozog‘istonga 13 300 ta o‘zbek avtosi olib kirilgan edi. Kelinglar, hamma narsani o‘z nomi bilan ataylik. Shu tariqa biz evaziga hech narsa olmay o‘zbek avtosanoati rivojiga hissa qo‘shyapmiz”, - degan “Aziya avto” zavodi prezidenti Yerik Sagimbayev.

Yerik Sagimbayev tashqi savdo adolatli bo‘lishi uchun O‘zbekiston tomoni ham Qozog‘iston avtomobillari uchun bojxona to‘lovlarisiz kirib kelishni ta‘minlashi yoki Qozog‘iston o‘zbek avtomobillariga nisbatan aktsiz to‘lovlari va soliqlarni ko‘tarishi kerak.

Qozoq avtomobil ishlab chiqaruvchilarining ushbu e‘tirozi qozog‘istonlik avtohavaskorlar tomonidan xush qarshilanmagan.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘zbek avtomobillari Qozog‘istonda narxi va sifati sabab ancha raqobatdardosh ekanligi, Qozog‘istonda terilayotgan avtomobillar narxi esa sun‘iy ko‘tarilib ko‘rsatilishini e‘tirof etishgan.

Olma otadan iqtisodchi kuzatuvchi Ulug‘bek Odilov Qozog‘istonda terilayotgan mashinalar xalq orasida ommalashmagani aytadi.

“Mashhur emasligiga birinchi sabab iste‘molchilar o‘zlarining puli va hamyoni bilan ovoz beradi. Ya‘ni, odamlar o‘sha tovarni sotib olmasa va muhokama qilmasa unga talab yo‘q deb tushunaman. Sifat yoki narx tomonidan unga talab yo‘q”, - deydi Ulug‘bek Odilov.

Qozog‘istonda ruli o‘ng tomonda bo‘lgan avtomobillarni olib kirishga taqiq qo‘yilishi va ishlab chiqarilgan yili eski bo‘lgan minilgan mashanalarni olib kirish bojxona to‘lovlarining ko‘tarilgani aholida arzon va sifatli mashinalarni olishga katta ehtiyoj paydo qildi.

Qozog‘iston terilayotgan mashinalar esa narx borasida ancha qimmatligi xaridorlarni "Lada" va "Neksiya" singari mashinalarni ko‘proq sotib olishga undadi.

Qozog‘istonda beshta korxona avtomobil terish bilan shuhg‘ullanayotgan bo‘lsa ham ularni ulgurji qilib chetga eksport qilish kuzatilmagan. Qozog‘iston avtomobillarini Rossiya bozoriga sotishni istaydi biroq Rossiya tomonidan mashinalarga utilizatsiya yig‘imlarini so‘rashi ushbu eksport istiqboliga soya solmoqda.

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02