O‘IHga a‘zolikda ayblangan qashqadaryoliklar qamoqqa tashlandi

Image copyright Reuters

Qashqadaryo viloyatida "O‘zbekiston Islomiy Harakati"ga mansublikda ayblangan 6 shaxs 9 yildan 15 yilga qadar ozodlikdan mahrum etilgan. Ayblanganlarning 3 nafari ayollardir.

Bu haqda xabar tarqatgan "Ezgulik" jamiyatiga ko‘ra, ularga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 155-moddasi (Terrorizm), 159-moddasi (O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish) hamda 244-moddasi 2-bandi (Diniy ekstremistik, separatistik, fundamentalistik yoki boshqa taqiqlangan tashkilotlar tuzish, ularga rahbarlik qilish, ularda ishtirok etish) bo‘yicha hukm o‘qilgan.

Ammo, "Ezgulik" faoli Abdurahmon Tashanov bu ayblovlar mutlaqo isbotini topmaganini aytadi.

"Bilasizmi, keyingi paytlarda diniy-radikal oqimlarga mansublikda ayblangan shaxslar ishlarini kuzatadigan bo‘lsak, juda ham biryoqlama, faqatgina odamlarning ko‘rsatmalariga asoslangan to‘liq isbotlanmagan holatlar bor. Bu yerda ham sudlanuvchilarning himoyachilari ularga qo‘yilayotgan ayblovlarni mutlaqo isbotlanmagani, ularning uyidan "O‘zbekiston Islomiy Harakati" deymizmi, boshqa terrorchilik tashkilotlari deymizmi, biron bir ashyoviy dalillar topilmaganligi to‘g‘risida apellyatsiya shikoyatlarida yozishgan", deydi Abdurahmon Tashanov.

Sud hukmida ushbu shaxslar "O‘zbekiston Islomiy Harakati" tashkilotiga a‘zo bo‘lishgani, O‘zbekistondagi vaziyatni beqarorlashtirish, konstitutsiyaviy tuzumga tajovuz qilish hamda o‘lkada xalifatchilik davlatini qurishni rejalashtirishgani aytilgan.

"Ezgulik" jamiyatidan Abdurahmon Tashanov esa, bu odamlar islomiy harakat o‘zi nima ekani borasida ham tasavvurga ega bo‘lmagan odamlardir.

"Ular islomiy harakat nima, qayerda u, o‘zi Pokiston qayerdaligini ham xaritada ko‘rsatib bera olmaydigan odamlar. Oddiy omi odamlar. Ular har holda odamda shunaqa taassurot uyg‘otadi. Bundan tashqari ish hujjatlarini ko‘radigan bo‘lsak, dunyoviy tuzumni zo‘rlik bilan ag‘darib degan so‘zlar yozilgan. Bu jinoyatlar o‘zi nimada ifodalanadi? Qanday qilib ag‘darmoqchi bo‘ldi? Nima qilib ag‘darmoqchi bo‘ldi? Sud hujjatlarida bu savollarga javobning o‘zi yo‘q. Chunki, bu yerda o‘sha jinoyatni amalga oshirishda vosita bo‘lgan ashyoviy dalillarning o‘zi yo‘q, agar hukmga, ayblov xulosalariga qarab xulosa chiqaradigan bo‘lsak..."

Shuningdek, "Ezgulik" jamiyati Qashqadaryoda yana 70 dan ortiq odam ayni ayblovlar bilan tergov qilinayotganini aytadi.

"Ayblanganlarning yaqinlari bizning jamiyatimizga kelib ariza tashlab ketishgan, ilova hujjatlar taqdim qilishgan. Ilova hujjatlarini tekshirib ko‘rganimizda, 70ga yaqin fuqarolarni diniy-radikal oqimlarga mansublikda ayblanib qamalgani, ba‘zilari tergov berayotgani, ayrimlarini sudda ekanligi, dastlab 6 nafargina odam ustidan hukm chiqqanligini ayon bo‘ldi", deydi Abdurahmon Tashanov.

Uzoq yillik qamoq jazosiga hukm qilinganlardan biri Lolaxon Qudratova ismli ayol bo‘lgan.

Qarshi shahrida istiqomat qilib kelgan 47 yoshli Lolaxon Qudratova 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan.

Uning qizi Kenjayeva Jasmina Bi-bi-siga onasining qamalishi bilan bog‘liq tafsilotlarni gapirib berdi:

Multimedia o'ynash bu qurilmada dastaklanmaydi

Bi-bi-si O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 78-58-86-00-02