Aleksandr Sodiqov: "Men uyimdaman, men xursandman..."

Image copyright BBC World Service

Tojikistonlik blogger va universitet tadqiqotchisi mamlakatni tark etmaslik haqidagi tilxat evaziga qamoqdan ozod qilingan.

Britaniyadagi Ekzeter Universitetining inqirozlarga bag‘ishlangan loyihasi doirasida Tojikistonning Tog‘li Badaxshon viloyatidagi so‘nggi hodisalarni o‘rganayotgan payti Xorug‘ shahrida 16 iyun kuni hibsga olingan, Tojikiston xavfsizlik xizmati uni josuslikda ayblab bayonot tarqatgan edi.

Aleksandr Sodiqov qamoqdan chiqarilar ekan, uy qamog‘ida qolishi, uning Tojikistondan chiqib ketmasligi lozimligi aytilgan.

U bir oydan ko‘proq vaqt mobaynidagi tutqunlikda o‘ziga nisbatan yaxshi muomala qilinganini aytgan.

Image copyright BBC World Service

"Men uyimdaman, men xursandman. Oilam bag‘ridaman", deb aytgan Aleksandr Sodiqov.

Mahalliy va xalqaro faollar Aleksandr Sodiqov hibsga olingan 16 iyundan buyon uning ozod qilinishi talabi bilan kampaniya boshladilar.

U Tog‘li Badaxshon markazi Xorug‘ shahrida Tojikistonda qonuniy ro‘yxatdan o‘tgan muxolif partiya a‘zosi bilan suhbatlashib turgan paytida hibsga olingan, ertasi kuni Tojik matbuotida Aleksandr Sodiqovning nomi oshkor qilinmagan mamlakat foydasiga josuslik qilish gumoni bilan hibsga olingani haqidagi xabarlar paydo bo‘lgan edi.

Mahalliy televideniyeda Aleksandr Sodiqovning Milliy xavfsizlik qo‘mitasi tomonidan so‘roq qilinayotgani kadrlari namoyish etilgan.

Xalqaro Amnistiya va "Chegara bilmas muxbirlar" xalqaro tashkilotlari Aleksandr Sodiqovni ozod qilishga chaqiriq bilan chiqqanlar.

-------------------------------------------------------------------------------------------

BBC O‘zbek xizmati bilan Whatsapp orqali bog‘lanishni istasangiz, telefonimiz: +44 7858 860002